14.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
14.08.2026, 15:51
Jamiyat 👁 373

ZIYoLI XONADONNING ZIYoBAXSh TAROVATI

ZIYoLI XONADONNING ZIYoBAXSh TAROVATI

Ocherk

Sharqning buyuk donishmandlaridan biri Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida shunday fikrlar bor: “... Jamoa bilan ishlashadigan odamlar eng aqlli insonlar boʻlishi zarur. Aqlli deb shunday insonlarga aytiladiki, ularda oʻtkir zehn-idrok bilan birga goʻzal fazilatlar ham boʻlsin”. Buyuk allomaning  fikridan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, aynan ana shunday kishilar oʻzining butun qobiliyati va idrokini yaxshi ishlarni amalga oshirishga, yomon ishlardan oʻzini saqlashga bagʻishlaydi va har qanday vaziyatda aqlli, mantiqan toʻgʻri fikr yuritadilar.

Agar taʼbir joiz boʻlsa, Amudaryo tumanining Toʻlqin ovulida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Oʻrozboy ota Boltaboyev oʻzining odamiyligi, atrofidagilarga nisbatan mehr-oqibati, insonparvarligi, samimiy doʻstona fazilatlari bilan bugungi yoshlarga haqiqiy ibrat, namuna boʻla oladilar. Chunki Oʻrozboy ota Boltaboyev butun ongli hayotini el-yurt farovonligi yoʻlida baxsh etgan, Amudaryo tumanining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga samarali mehnatlari bilan juda katta hissa qoʻshgan. Yillar davomida qilgan halol va fidoyi mehnati evaziga bugungi kunda umrining sokin, pir-u badavlatlik pallasiga yetgan elda aziz nuroniylardan biri sifatida hamon xalq orasida, oʻzi istiqomat qilayotgan qishloq ahlining yaxshi kunlarida yoʻldosh, gʻamlariga sherik.

Oʻrozboy ota ana shu pir-u badavlatlik pallasiga yetgunlariga qadar sermahsul va mohiyatan mazmunli hayot yoʻlini bosib oʻtdi. 1943-yilda, ikkinchi jahon urushi eng avj olgan davrda, hozirgi Toʻlqin qishlogʻining Vais ovulida, oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan Oʻrozboy otaning bolaligi anchayin ogʻir kechgan.

– Urush davri boʻlganidan kattalar bizga “bu bola-ku”, deb qarashmagan, – xotirlaydi otaxon olis yillarni xayolan koʻz oldiga keltirarkan. – Front orti mashaqqatlari ham janggohlardan kam boʻlmagan. Ota-onamizga ergashib bolaligimiz kolxoz dalasida oʻtgan.

Oʻrozboy Boltaboyev ota-onasining toʻngʻich farzandi boʻlganidan umri dalada, ketmon chopish bilan oʻtayotgan Boltaboy ogʻa oʻgʻlini juda ertadan, 5 yoshida qishloqdagi obroʻli oʻqituvchi, Alloh rahmat qilsin, Jumamurod Nurullayevga topshirdi:

– Shu bolamni oʻz sinfingizga oling, juda oʻqishga ixlosli, uyda bizga savol beraverib, holi-jonimizga qoʻymaydi, – dedi oʻgʻlining maktabda oʻqishini chin dildan istagan ota.

Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi boʻlgan Jumamurod Nurullayev janglardagi jasorati uchun “Qizil yulduz” ordeni va qator jangovar medallar bilan taqdirlangan, uning koʻkragi turli nishonlar shodasiga toʻlib turar, Oʻrozboy Boltaboyevda bu inson dunyoda eng aqlli, dono va kuchli shaxs sifatida taassurot uygʻotgandi oʻshanda.

Jumamurod muallim oʻziga yarasha mehribon, hatto kezi kelganida juda qattiqqoʻl, qatʼiyatli edi.

– Ana shu ustozimga qoʻygan mehrim tufayli men hayotda oʻz oʻrnimni topdim, qachonki elga manzur ish qilsam, “taʼlim bergan ustozingga rahmat”, desalar, Jumamurod Nurullayev koʻz oldimga keladi, – minnatdorlik hissi bilan deydi Oʻrozboy ota.

Haqiqatan ham insonning hayoti yaxshi va nurli oʻzanga tushib, bir tekis, ravon kechishida ustozlar maslahati, taʼlim-tarbiyasi oʻta muhimligini Oʻrozboy Boltaboyev oʻz umri davomida chuqur idrok etdi va keyinchalik oʻzi ham koʻplab shogirdlarining hayotda oʻz oʻrinlarini topib ketishlarida fidoyi ustoz maqomida boʻldi.

Umumtaʼlim maktabini faqat aʼlo baholarga tugatgan Oʻrozboy Boltaboyev Nukus shahridagi gidromelioratsiya texnikumida  tahsil oldi. 1963-yilda mazkur ilm dargohini ham imtiyozli tamomlagan yosh mutahassis 1963-1966-yillarda Vatan oldidagi yigitlik burchini sharaf bilan ado etdi. Harbiy xizmatdan soʻng oʻn yil davomida Amudaryo tumanidagi yirik korxonalardan biri, sobiq “Aralvodstroy” trestiga qarashli qurilish tashkilotida mehnatni meʼyorlashtirish boʻyicha muhandis lavozimida ishladi. U bir vaqtning oʻzida mazkur qurilish tashkilotida oʻz vazifasidan tashqari, koʻplab jamoat ishlarini ado etdi. Xususan, qurilish tashkiloti yoshlar yetakchisi va tashkilot ofisi atrofini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish kabi ishlarga bosh-qosh boʻldi.

Ulugʻ alloma Abu Nasr Forobiy aytganlariday, Oʻrozboy Boltaboyev oʻtkir zehn-idrokli boʻlishi bilan birga goʻzal fazilatlar sohibi ham ediki, ana shu boisdan ham u qayerda, qanday lavozimda ishlashidan qatʼiy nazar, butun qobiliyati va aql-idrokini yaxshi ishlarni amalga oshirishga, nomaqbul ishlardan oʻzini saqlashga intilib yashadi va bunga erishdi. Pirovardida, u oʻz faoliyati davomida Amudaryo tumani rahbariyatining yuksak ishonchiga sazovor boʻla oldi. U 1977-yildan 2001-yilgacha, to nafaqaga chiqquniga qadar Amudaryo tuman partiya qoʻmitasida instruktor, tuman qishloq xoʻjalik xodimlari kasaba uyushmalari qoʻmitasi raisi, sobiq Mangʻit davlat xoʻjaligi partiya qoʻmitasi kotibi, sobiq 498-MSPMKda mehnatga haq toʻlash boʻyicha muhandis, Amudaryo tumani qishloq qurilish trestida rejalashtirish va iqtisodiyot boʻlimi boshligʻi, tuman davlat nazorat inspektsiyasi inspektori, tuman mulklarni xususiylashtirish qoʻmitasida yetakchi mutaxassis, Amudaryo tumani kasaba  uyushmalari faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi Kengash raisining oʻrinbosari, “Agrotaʼminot” idorasida hisobchi-iqtisodchi, oʻsimliklarni muhofaza qilish idorasida bosh hisobchi lavozimlarida faoliyat yuritdi. U qayerda, qaysi lavozimda ishlashidan qatʼiy nazar atrofidagi hamkasblari, qoʻl ostidagi mutaxassislar, endi ish faoliyatini boshlayotgan yoshlarga nisbatan samimiy doʻst, oʻz sohasining bilimdoni sifatida mehr-oqibatli ustoz maqomida boʻldi va hamisha el-yurt, oʻzi mehnat qilgan jamoa hurmatini qozondi.

Hayotda koʻp narsa insonning oʻziga, muomala madaniyatiga bogʻliq, deyishadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraydigan boʻlsak, Oʻrozboy Boltaboyev nimagaki erishgan boʻlsa, odamshavandaligi, bilimdonligi, tashabbuskorligi va aql-farosati bilan erishdi. Hech esidan chiqmaydi: “Aralvodstroy” trestiga qarashli qurilish tashkilotida mehnatni meʼyorlashtirish boʻyicha muhandis lavozimida ishlab yurgan kezlari ustozi, tumandagi taniqli muhandis Kim Mark Terentevich:

– Oʻrozboy, – dedi bir kuni, – sen juda yaxshi, masʼuliyatli mutaxassissan, lekin bugungi davr uchun bu senga kamlik qiladi. Iqtisodiyot sohasini puxta bilmasang, qachondir bir kuni qiynalib qolasan. Oʻqi, bilimingni oshir.

U ustozining maslahatiga amal qilib 1971-1976-yillarda Toshkent xalq xoʻjaligi institutida sirtdan taʼlim oldi. Ustozi aytganiday, chuqur iqtisodiy bilim va hayotiy tajriba omuxtaligida u qishloq va xalq xoʻjaligi iqtisodiy asoslari tahlili boʻyicha tumandagi yetuk mutaxassislardan biriga aylandi.

Vaqt yugurik, inson izmiga hech qachon boʻysunmaydi. Lekin Oʻrozboy Boltaboyev oʻz hayotini toʻgʻri oʻzanga yoʻnaltira olgani uchun ham vaqtdan oʻzib yashadi. Umr yoʻllarida koʻp bora achchiq  sinovlarga duch kelganida ham bu qiyinchiliklarni oʻzining oʻtkir aql-idroki bilan yengib oʻtdi. Alloh rahmat qilsin umr yoʻldoshi Hanifa Aminova bilan yetti oʻgʻil, bir qiz farzandli boʻlishganlarida dunyoda ulardan baxtli inson yoʻq edi. Lekin oila boshiga bemavrid kelgan kulfat – umr yoʻldoshi Hanifaxon ayaning vafoti Oʻrozboy Boltaboyevning  qalbini yaraladi, endi 40 yoshdan oshganida 8 nafar farzandi bilan chirqillab qolaverdi. Ammo mahalla-koʻy, oshna, yor-doʻstlar, qarindoshlar mehri tufayli u ikkinchi marta turmush qurdi. Axir biri-biridan murgʻak yetti oʻgʻil, bir qizni tarbiyalab, voyaga yetkazish osonmi?

Oʻziga umr hamdami, farzandlariga ona boʻlib xonadoniga kirib kelgan Toʻlgʻonoy aya bilan goʻyo uning hayot osmonida oy ham balqiganday boʻldi. Hamisha xalq orasida, davlat ishida boʻladigan Oʻrozboy Boltaboyev Toʻlgʻonoy aya tufayli yana xotirjam hayotga qaytdi, xonadoni fayzga toʻldi. Quvonarlisi, 8 nafar farzandi 10ta boʻldi. Oilada yana ikki oʻgʻil dunyoga keldi. Oʻrozboy ota bilan Toʻlgʻonoy aya 9 oʻgʻil, 1 qizning pir-u badavlat ota-onalari boʻlishdi. Xalqimizda: “qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan ibratli hikmat bor Oʻrozboy otaning 10 nafar farzandi ham bir-birlariga mehr-oqibat bobida havaslarga munosib voyaga yetishdi. “Tuqqan emas, tarbiyalagan ona”, degan hayot sinovlaridan oʻtgan iboraga qiyosan aytadigan boʻlsak, Oʻrozboy ota va Toʻlgʻonoy aya tarbiyasini olgan va bu ziyoli oila tutumlarini oʻzlari uchun sharaf deb bilgan 10 farzand ham, nevara-chevaralar ham ota-onasiga, jigarbandlariga mehr-oqibat  bobida biri-biridan aqlli, farosatli, odamiy fazilatlari bilan atrofidagilarga ibrat.

Bu nuroniy insonlarning farzandlari jamlashib kelishsalar, katta xonadon toʻyxonaga aylanib ketadi. Biri oʻqituvchi, birlari shifokor, IIB xodimi, yana birlari mohir tadbirkor, hamshira, tarbiyachi boʻlgan farzandlari kamolidan, ularning hayot tarzlaridan ota-onalarining koʻngillari toʻq. 38-sonli maktab direktori boʻlgan katta oʻgʻli Bahromjonga havas qilib qolgan barcha farzandlari oʻqimishli, ziyoli insonlar boʻlganidan, ayni paytda nevara-chevaralari ham ilmga intiluvchan boʻlib ulgʻayishayotganidan Oʻrozboy ota mamnun.

Ayni kunlarda 80 yoshlik baland dovondan hatlagan Oʻrozboy ota 41 nafar oʻgʻil-qiz, nevara-chevara, hatto kelin va kuyovlarining ism-sharifi-yu, kasb-kori, qaysi OTM talabasi ekanligigacha adashmay sanaydilar:

– Bahromjon pedagog, Saida hamshira, Davron IIB xodimi, Ulugʻbek tadbirkor, Baxtiyor vrach, Islombek bilan Muzaffar tadbirkor, Akmal mohir oshpaz, Umar oʻqituvchi, Akbarjon tadbirkor...

Otaxon  farzandlari, nevara-chevara, kelin va kuyov oʻgʻillarining ismlarida ham yangishmaydilar, biz esa hisobda adashib ketamiz. Bilganimiz, kelinlarining ham 4 nafari oliy maʼlumotli oʻqituvchi, vrach va tadbirkorlik sohasi bilimdonlari, nevaralarining 6 nafari OTM talabalari, yana bir nevara kelini oʻqituvchi, nevara kuyovlari ham oʻqimishli. Ularning barchasi oʻzlaridan tinib-tinchib, uyli-joyli boʻlib ketishgan, har biri mustahkam oila qoʻrgʻonining sohib va sohibalari. Nazarimizda bu ziyoli xonadondan el-yurtga, qalblarga ziyobaxsh tarovat, samimiyat nurlari taralayotganday. Oʻrozboy otaning 9 oʻgʻil, 1 qiziga xos boʻlgan oʻzaro mehr-oqibatga, bir dasturxondan tuz-namak tatib yashayotgan jigarbandlar oʻrtasidagi mustahkam odamiylik rishtalariga, toʻgʻrisi, dilimizda havaslar uygʻondi. Oʻrozboy otaga yanada uzoq va sermazmun umr tiladik.

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019 IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) 04.12.2019 Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) 12.11.2019 Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) 02.11.2019 Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) 06.10.2019 Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) 03.09.2019 “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) 13.08.2019 KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) 31.07.2019 SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) 31.07.2019 MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) 31.07.2019 "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) 31.07.2019 Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? 13.07.2019 Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) 13.07.2019 Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) 13.07.2019 Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) 13.07.2019 Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) 01.07.2019 Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) 30.06.2019 TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI 24.06.2019