KAMTARLIKDAN KAMOL TOPGAN AYoL
Ayol – sirli xilqat! Uning nozikkina jussasida bir olam qudrat, sabr-bardosh, ummondek poyonsiz mehr-muhabbat yashirin. Oiladagi muhit, farzandlar tarbiyasi ayolning salohiyatiga, fidoyiligiga bogʻliq. Shuningdek, jamiyatimizda ayollar mehnat qilmaydigan biror soha yoʻq. Ular yurtimiz ravnaqiga ham munosib hissa qoʻshadilar.
Mangʻit shahrining Yangiobod mahallasida istiqomat qiluvchi Raʼno opa Yoʻldosheva ham bekalik, ham onalik burchini ado etish barobarida umr boʻyi turli masʼul lavozimlarda ishlab, el mehrini, eʼtiborini qozonganlarning biri.
Opa ilm-maʼrifatli inson, hayoti davomida masʼul lavozimlarda ishlab, tumanimiz tarixida munosib iz qoldirgan Yoʻldosh Boboniyozov va Shalman Boboniyozovalar oilasida 1949-yilda toʻrtinchi farzand boʻlib dunyoga keldi. Oʻrta maktabni tugatgach, oʻzidan katta akasi, opalari kabi ilm olishga intildi. Biroq u tugʻishganlari kabi oʻqituvchilikka emas, pillachilik sohasiga qiziqdi. Shu bois, Samarqand davlat qishloq xoʻjaligi institutiga oʻqishga kirib, olim-agronom mutaxassisligiga ega boʻldi.
Raʼno Yoʻldosheva 1971-1973-yillarda tumanimizning Qangli xoʻjaligida ipakchilik agronomi, 1973-1979-yillarda Mangʻit bosh pillaxonasi mutaxassisi, 1979-1986-yillarda tuman partiya qoʻmitasi yoʻriqchisi, 1986-1988-yillarda Doʻstlik xoʻjaligi partiya qoʻmitasi kotibi, 1988-1992-yillarda tuman partiya qoʻmitasining mafkura boʻyicha kotibi, 1992-1999-yillarda tuman Mehnat birjasi direktori, 1999-2003-yillarda “Mangʻit pilla” ochiq aktsiyadorlik jamiyati raisi boʻlib ishladi. 2003-yildan beri esa nafaqada, turmush oʻrtogʻi, bir umr tuman Suv qurilishi boshqarmasida masʼul lavozimlarda ishlagan Jumaniyoz Shomurodov bilan birga bunyod etgan moʻʼjaz va ahil oilasida nevaralar tarbiyasi bilan band.
Yaratganning ularga bergan eng ulugʻ inʼomi – uch oʻgʻil, ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazish, oilada bekalik burchini ado etish, roʻzgʻor tashvishlari bilan bir qatorda bir umr masʼul rahbarlik lavozimlarida ishlashni opa qanday uddaladi, menga qorongʻu.
Biroq shu narsani aniq ayta olaman: u mansabdorman, deb kibrga berilmadi, xizmat mashinasida borayotirib ham yoʻlida uchraganga salom berishni kanda qilmadi, katta-yu kichikni birday hurmat qildi, qabuliga muammolarini aytib kelgan odamni noumid qaytarmadi.
Kamtarga kamol, deydi dono xalqimiz. Ehtimol, Raʼno Yoʻldosheva ham kamtarligi, yurtdoshlarimizga jonkuyarligi, halol mehnatlari tufayli bugungiday baxtiyor ayol, elda eʼzozli nuroniy onaxonga aylangandir? Oliy maʼlumotli mutaxassislar boʻlib yetishib, turli sohalarda ota-onasi kabi fidoyilik bilan mehnat qilayotgan Rashidjon, Nigora, Rasuljon, Mohira, Rahmonjonlarning kamoliga quvonib, omonligini tilab oʻtirgan opaning tilidan shukrona tushmaydi. Oʻzbek ayolining matonati, aql-idroki, salohiyati, odamgarchiligi, kamtarligi shu kichkina jussasiga jo boʻlgan R.Yoʻldoshevaning mehnatlari ham qadrlanib, munosib eʼtirof etilgan: u 2001-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10-yilligi” koʻkrak nishoni, shu yilda “Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan pillachi” Faxriy unvoni sohibasi boʻldi.
Opaning hayotida joriy yilning 19-avgustida yana bir quvonchli voqea boʻldi. U birinchi darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Bu uning uzoq yillar davomidagi samarali mehnatlariga berilgan bahodir.
Opani mehnatlarining eʼtirofi bilan qutlab, uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qolamiz.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶