“MAHALLA XOTIN-QIZLAR FAOLLARINING PSIXOLOGIK BILIMLARINI ShAKLLANTIRISh” MAVZUSIDA SEMINAR-TRENING OʻTKAZILDI
Mahalla xotin-qizlar faollari uchun ularning psixologik bilimlarini shakllantirish, fuqarolar bilan ishlashda nizoli vaziyatlarning oldini olish, bunday holatlarni bartaraf etish yoʻllarini oʻrgatish, nizoli, notinch oilalar bilan ishlash, ruhiy tushkunlikka tushgan shaxslarga koʻmaklashish, muloqot madaniyati, zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarga birinchi yordam koʻrsatish hamda oʻz joniga qasd qilish, ajrimlarning oldini olish kabi maxsus koʻnikmalar hosil qilish maqsadida psixolog-mutaxassislar tomonidan seminar-trening oʻtkazildi.
28-iyul kuni Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlararo markazida boʻlib oʻtgan seminarda Oʻzbekiston psixologlari assotsiatsiyasi aʼzosi Zaynab Qurbanmuradova, Yulduzxon Dosjanova, Ella Sunnetbayevalar mashgʻulotlar oʻtkazishdi. Mashgʻulotlarda tuman hududidagi barcha ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari faollari ishtirok etib, bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishdi.
Psixolog-mutaxassislar mashgʻulotlar davomida ishtirokchilarda yangi bilimlar, zaruriy koʻnikmalar shakllantirib, hayotiy misollar va vaziyatlar orqali chuqur tushunchalar berishdi. Mutaxassislar tomonidan xotin-qizlarning psixologik bilimlarini shakllantirish, ularga fuqarolar bilan ishlashda nizoli vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish yoʻllari tushuntirildi. Ayniqsa, notinch oilalar bilan ishlash, ruhiy tushkunlikka tushgan shaxslarga koʻmaklashish, muloqot madaniyati, zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarga psixologik yordam koʻrsatish, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida zarur koʻrsatmalar berildi.
Taʼkidlanganidek, ijtimoiy hayotda, shaxslararo munosabatlarda ayrim alohida nizolar, oʻzaro kelishmovchiliklar boʻlib turishi muqarrar. Psixologik nuqtai nazardan talqin etganda, odamlarga halokatli taʼsir etadigan jihat bu – nizolarning oʻzi emas, balki ularning oqibati hisoblanadi. Nizolar oqibatida inson ruhiyatida qoʻrqinch, vahima, adovat kabi salbiy hislar yuzaga keladi. Agar mazkur kechinmalar kuchli boʻlsa va uzoq muddat davom etsa, odamda himoya reaktsiyasi paydo boʻlishi va mustahkamlanishi mumkin. Psixologlarning fikriga koʻra, oilada yuzaga kelish ehtimoli boʻlgan nizo-janjallarning sabablarini aniqlash va ularning oldini olish masalalarini ijobiy hal qilish uchun birinchi navbatda ularning kimlar oʻrtasida yuz berayotganligini farqlab olish maqsadga muvofiqdir.
Seminar davomida mutaxassislar jamiyatimizda olib borilayotgan barcha oʻzgarish va maʼnaviy islohotlar jamiyatda komil-barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilganligini, shuning uchun oila muhitida ota-ona va farzand orasidagi munosabatlarni toʻgʻri tashkil etish bilan oilada yuz berishi mumkin boʻlgan nizolarning oldini olish muhim sanalishini alohida taʼkidlab oʻtishdi. Bu borada mahallalardagi xotin-qizlar faollarining harakatlari, tadbirlarni oʻz oʻrnida qoʻllay bilishi muhim ahamiyatga egaligini aytib, nizolarni bartaraf etishning koʻplab usullari va yoʻllari borasida ishlab chiqilgan tavsiyalar bilan tanishtirishdi. Xotin-qizlar faollari ham ushbu seminardan olgan bilim-koʻnikmalarni oʻz ish faoliyatida tatbiq qilishlarini, oʻzlari uchun kerakli tavsiyalarni olganliklarini aytib, oʻz minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Seminar yakunlangandan soʻng, barcha xotin-qizlar faollariga sertifikatlar topshirildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶