“Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakati doirasida tadbir oʻtkazildi
Aholining uzoq umr koʻrish davomiyligini taʼminlash dolzarb masalalardan biridir. Zero, ushbu koʻrsatkich insonlarning sogʻlom turmush tarzi va farovon hayoti ifodasidir.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023-yilda “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” umummilliy harakatini yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilangan edi. Bunda mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib aholining yosh guruhlariga mos keladigan va salomatlik holatidan kelib chiqib har bir xavf guruhiga alohida-alohida sogʻlom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni berish koʻzda tutilgan.
Bundan koʻzlangan maqsad − aholining toʻgʻri ovqatlanish harakteriga ega boʻlishiga va sogʻlom turmush tarzida hayot kechirishiga hamda notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olishga erishishdir.
Yurtboshimiz tashabbusini amalga oshirish maqsadida tibbiyot xodimlari tomonidan mahalla guzarlarida, aholi koʻp toʻplanadigan manzillarda sogʻlom ovqatlanish yarmarkasini oʻtkazish orqali aholiga toʻgʻri ovqatlanish tamoyillari haqida maʼlumotlar berib borilmoqda.
20-aprel kuni Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan Mangʻit shahridagi Navoiy mahallasida “Sogʻlom ovqatlanish yarmarkasi” tashkil etildi.
Ushbu tadbirda aholi orasida ularni toʻgʻri ovqatlanishga odatlantirish uchun shartli ravishda 3 xil rangdagi stollar ajratilib, aholiga oziq-ovqat mahsulotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrgazmali namoyish etildi.
Bunda qizil stol ustidagi mahsulotlar isteʼmolga tavsiya etilmaydigan, sariq stoldagi esa cheklangan miqdorda isteʼmol qilish mumkin boʻladigan, yashil stoldagilar esa isteʼmol qilish mumkin boʻlgan mahsulotlardir.
Tadbir davomida tibbiyot xodimlari tomonidan har bir stoldagi oziq-ovqat mahsulotlarining ahamiyati ularning organizmga foydali va zararli taʼsirlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Undan tashqari, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish boʻlimi shifokorlari yuqumli kasalliklarning oldini olish, sogʻlom turmush tarzini shakillantirish maqsadida, kun tartibiga rioya qilish, sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlar − kashandalik, ichkilikbozlik, giyohvandlik, toksikomaniyadan saqlanish, ruhiy salomatlikni saqlash, atrof-muhitning muhofazasi va tibbiy koʻrikdan oʻtishning mohiyati toʻgʻrisida keng koʻlamli tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida shifokorlar aholiga zararli odatlardan voz kechib, ommaviy sport bilan doimiy shugʻullanish lozimligi, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilishlari, xususan, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori koʻp boʻlgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini meʼyoridan ortiq isteʼmol qilmaslik lozimligi haqida targʻibot olib bordilar.
Shu oʻrinda aytish kerakki, sogʻlom turmush tarzi — insonning kun tartibiga rioya etishi, faol harakat asosida organizmini chiniqtirishi, sport bilan shugʻullanishi, toʻla va sifatli ovqatlanishi, gigiyenik qoidalarga amal kilishi, zararli odatlardan oʻzni tuta bilishidir.
Serharakatlilik va toʻgʻri ovqatlanish organizmni tabiiy ravishda ragʻbatlantirib turadi. Shuning uchun sergʻayrat, tinib-tinchimaydigan odamlar doimo tetik, bardam, keksayganlarida ham baquvvat va shijoatli boʻladi.
Shunday ekan, hurmatli yurtdoshlar, hayot deb atalmiy bebaho neʼmatning qadriga yetgan holda toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga va sogʻlom turmush tarziga rioya qilaylik!
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶