SOʻNGGI PUShAYMONDAN NAF YOʻQ
Har kuni ishga, turli yumushlar bilan koʻchaga chiqamiz va yoʻl harakati ishtirokchisiga aylanamiz.
Ne bir niyatlar bilan yoʻlga chiqqan odamning oilasiga sogʻ-omon qaytmagani – yoʻl transport hodisalari tufayli jabrlanishi, bundan ham yomoni hayotdan koʻz yumgani juda achinarli. Afsuski, keyingi vaqtlarda yoʻllarda ayrim haydovchilar tezlikni meʼyordan oshirishi, yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasligi, charchoq holida ham transport boshqarishi oqibatida beayb insonlar hayotiga zomin boʻlayotir.
Yaqinda Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudida charchoq holatida boʻlsa ham transport boshqarib, rulda uxlab qolishi oqibatida bir navqiron yigitning oʻlimiga sababchi boʻlgan haydovchi M.M.ga oid jinoyat ishi muhokama etildi.
U oʻtgan yil yoz kunlarining birida yoʻlda oʻz doʻsti bilan kelayotib, rulda charchoq tufayli hushyorlikni yoʻqotgan va uyquga ketganini sezmay qolgan. Oqibatda mashinasi yoʻl chetidagi daraxtga urilgan, mashinada boʻlgan yoʻlovchi olgan tan jarohatlari tufayli vafot etgan.
Sud majlisida M.M. aybiga toʻliq iqrorlik bildirib, juda pushaymonda ekani, hammadan kechirim soʻrashini qayta-qayta taʼkidladi.
Ha, oʻzi kabi bir yigitning bemavrid oʻlimiga sababchi boʻlganidan u bir umr juda afsuslanib yashar, ehtimol? Biroq bu bilan oʻlgan odam hayotga qaytmaydi-da.
Sud majlisida uning qilmishiga yarasha jazo tayinlandi. Bekorga yoʻl qoidasi – umr foydasi, deyilmaydi. Qoidani buzish – jinoyat, jinoyat esa jazosiz qolmaydi.
Asqar SAFAROV, Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶