1-SONLI MAKTABDA MADHIYaMIZ QABUL QILINGAN KUN MUNOSABATI BILAN TADBIR OʻTKAZILDI
1992-yilning 10-dekabri “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilingan kun. Oradan oʻtgan 30-yil davomida madhiyamiz davlatimiz suvereniteti ramzi sifatidan butun xalqimizning faxri-iftixoriga aylandi. Shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi Qonunda taʼkidlangan.
Har yili Madhiyamiz qabul qilingan kun butun mamlakatimiz boʻylab keng nishonlanadi. Amudaryo tumanidagi 1-sonli maktabda ham sana munosabati bilan tuman Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Madhiyam – ixtiforim” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi Mahmud Eshmonov madhiyamizning davlatchilikdagi oʻrni, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati xususida maʼruza qildi.
Oʻquvchilar madhiyamiz yaratilishi tarixiga oid maʼlumotlarni qiziqib tingladilar.
Shundan soʻng maktab iqtidorli oʻquvchilari ijrosida madhiyamizni, yurtimiz tinch-osoyishtaligini, bugungidek dorilomon hayotimizni madh etuvchi sheʼrlar ifodali oʻqildi. Qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi.
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov sheʼriga Oʻzbekiston xalq artisti, mashhur bastakor Mutal Burxonov kuy bastalagan madhiyamizda xalqimizning orzu-umidlari, ertagi kunga ishonchi oʻz ifodasini topgan. Shuningdek, ajdodlarimizning istiqlolimizgacha bosib oʻtgan sharafli yoʻli, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik birodarlik kabi xalqimizga xos ezgu tuygʻular tarannum etilgan.
Madhiyamiz yangragan vaqtda hech bir yurtdoshimiz bu joʻshqin ohanglarga singdirilgan milliy gʻurur, oʻziga xos faxr, yurtga mehr tuygʻularini befarq tinglay olmaydi, aksincha dilimiz cheksiz iftixordan entikadi, shunday osoyishta, bagʻrikeng yurtda tugʻilganimizga shukronalar aytamiz.
Ishtirokchilar tadbirdan ulkan taassurotlar va motivatsiya oldilar. Chindanda Vatan haqidagi, Vatanimiz suvereniteti, ramzlari haqidagi qoʻshiqlarni, sheʼrlarni eʼtiborsiz tinglab boʻlmaydi. Oʻz Vatanini sevgan, uning kelajagiga oʻzini daxldor deb hisoblaydigan kishining koʻnglida madhiyamiz faxr-iftixor uygʻotadi.
Shuni eʼtirof etish joizki, istiqlolni qoʻlga kiritgan, milliy taraqqiyotinin tarixiy bosqichiga qadam qoʻygan har bir xalq buguni va kelajagini, orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etgan davlat ramzlariga chuqur hurmat-ehtirom bilan qaraydi. Madhiyamiz ham xalqimizning oʻz ozodlik yoʻlidan dadil odimlashida, ahdida sobit turishida ruhiy quvvat manbai boʻlib xizmat qiladi.
Davlat tadbirlarida, xalqaro anjumanlarda barcha ishtirokchilar tik turib, koʻksiga qoʻllarini qoʻyganicha madhiyamizni kuylaydilar, dunyoning turli hududlarida oʻtkazilayotgan sport musobaqalarida yurtimizning gʻolib farzandlari sharafiga madhiyamiz yangrab, bayrogʻimiz yuksakka koʻtariladi. Bu xalqni birlashtira oladigan, yuksak iroda, qatʼiyat, jasorat tuygʻularini uygʻota oladigan muqaddas qoʻshiqdir.
Shu boisdan ham butun mamlakatimizda boʻlgani kabi tumanimizda ham madhiyamiz qabul qilingan kun keng nishonlandi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶