Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 55-sessiyasi toʻgʻrisida axborot
2022-yil 10-dekabr kuni tuman hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi – 55-sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya majlisida deputatlar, sektor rahbarlari, tuman hokimi oʻrinbosarlari, hokimlik masʼul xodimlari, boʻlimlar, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Sessiya kotibligiga 27-Qipchoq saylov okrugidan deputat Bahodir Baltabayev saylandi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala yuzasidan Amudaryo tumani Moliya boʻlim mudiri Ulugʻbek Bekniyazov hisobot berdi.
Hisobotda taʼkidlanganidek, 2022-yilning 9 oyi davomida Amudaryo tumani mahalliy byudjetning daromadlar qismi rejasi 52 mlrd 749,3 mln soʻmga belgilangan boʻlib, xaqiqatda 56 mlrd 322,8 mln soʻmga, yaʼni 106,8 foizga, yoki rejaga nisbatan 3 mlrd 573,5 mln soʻmga ortigʻi bilan bajarilgan. Shu davrda byudjet xarajatlari rejasi jami 214 mlrd 759,4 mln soʻmni tashkil qilgan. Haqiqatda esa byudjet mablagʻlari hisobidan jami 213 mlrd 77,3 mln soʻmlik mablagʻlar sarflangan. Hisobotda mahalliy byudjetning daromad manbalari va mazkur mablagʻlarning qanday maqsadlarga sarflangani haqida batafsil maʼlumot berildi.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman boʻlimi davlat ijrochisi Umida Ashirboyeva axborot berdi. Axborotda qayd qilinganidek, byuroning Amudaryo tuman boʻlimi ish yurituvidagi 127 mlrd. 497 mln. soʻmlik 19 ming 420 ta ijro hujjatlaridan 88 mlrd. 262 mln. soʻmlik 11 ming 765 ta ijro hujjatlari tamomlanib, shundan 6 ming 878 ta ijro hujjatlari boʻyicha 45 mlrd. 288 mln. soʻm undirilgan.
Shuningdek, ish yurituvdagi soliq qarzdorligi bilan bogʻliq ijro hujjatlari boʻyicha 15 mlrd. 622 mln. soʻm, jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zararlarni undirish bilan bogʻliq ijro hujjatlari boʻyicha 124,6 mln. soʻm, davlat bojilarni undirish bilan bogʻliq ijro hujjatlari boʻyicha 1 mlrd 44 mln. soʻm va maʼmuriy jarimalarni undirish bilan bogʻliq ijro hujjatlari boʻyicha 1 mlrd 17 mln. soʻm undirilgan. Bundan tashqari, banklar foydasiga kredit qarzdorliklarini undirish bilan bogʻliq 41 mlrd. 174 mln. soʻmlik 1774 ta ijro hujjatlari tamomlanib, shundan 9 mlrd. 978 mln. soʻmlik qarzdorlikning undirilishiga erishilgan.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Gʻulomjon Duysenbayev axborot berdi.
Qayd qilinganidek, tumanda jami 49 ta fuqarolar yigʻinlari mavjud boʻlib, 47 ta fuqarolar yigʻinlari oʻz binosiga ega. 2021-2022-yillarda joylardagi ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, tuman hokimligi tomonidan 35 ta fuqarolar yigʻinlariga kompyuter, 21 ta fuqarolar yigʻinlariga printer va 3 ta fuqarolar yigʻinlariga konditsioner berilgan.
Joriy yil noyabr oyida Ayoqchi mahallasi binosi yangidan zamonaviy koʻrinishda qurilib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, Qum yop mahalla fuqarolar yigʻini binosi kapital taʼmirlanib, Daryo boʻyi mahalla fuqarolar yigʻini binosi yangidan qurilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, fuqarolar yigʻinlari xodimlarining oʻz xizmat vazifalarini namunali tarzda bajarishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Tibbiyot birlashmasi boshligʻining oʻrinbosari Hakimjon Sobirov hisobot berdi.
Aytish kerakki, hozirgi kunda tumanda 415-oʻrinli markaziy shifoxona, 1 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 9 ta oilaviy poliklinika va 4 ta oilaviy shifokorlik punkti aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda. Joriy yilda tumanning olis va chekka hududlarida jami 11 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil qilingan. Bugungi kunga qadar tumanda jami 91 nafar shifokor, 328 nafar oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat 91 ta “tibbiyot brigadalari” tashkil etilgan. 2022-yilning oʻtgan 11 oyi davomida tuman boʻyicha vrachlarga qatnovlar soni 1 million 31 tani tashkil qilib, aholi jon boshiga 5 ta qatnovdan toʻgʻri keladi. Umumiy qatnovdan 625 ming 952 tasi profilaktik qatnovga toʻgʻri keladi. Uylarga qatnovlar soni esa 125 ming 509 tani tashkil qilgan.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan hisobot uchun soʻz “Toza hudud” davlat unitar korxonasi Amudaryo tuman filiali boshligʻi Xurshidbek Jumaniyozovga berildi.
Hisobotda taʼkidlanganidek, filial hisobida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash uchun 9,9 gektar yer maydoni va 118 ta chiqindi yigʻish maydonchalari mavjud. Mazkur chiqindi yigʻish maydonchalardan hozirgi kunda 15 tasi taʼmirtalab ahvolda. Deputatlar taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan chiqindi yigʻish maydonchalarini hisobdan chiqarish va oʻrniga yangidan qurish boʻyicha qaror loyihasini maʼqulladilar.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻi Ibragim Radjapov hisobot berdi. Qayd etilishicha, 34-sonli maktab direktori G.Saparbayevaning nojoʻya xatti-harakatlari sababli maktab jamoasi oʻrtasida qator nizo va kelishmovchiliklar kelib chiqib, sud, prokuratura va boshqa nazorat organlariga koʻplab shikoyat arizalari tushgan va maktab pedagogika jamoasi orasida nosogʻlom muhit yuzaga kelgan. Ushbu ziddiyatlar sababli maktab direktori tomonidan davlat byudjetiga moddiy zarar ham yetkazilgan.
Muhokamalardan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining tegishli xatiga asosan 34-sonli maktab direktori G.Saparbayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish qaroriga Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputatlari kelishim berdilar.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi, yaʼni “Amudaryo tumani xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 35-sonli maktab direktori lavozimiga oʻtkazilgan tanlov yakunlari boʻyicha nomzodlarga kelishim berish toʻgʻrisida”gi masala muhokamasida mazkur lavozimga nomzodlar Jasurbek Ahmedov va Xudaybergan Matnazarovlar maktabda taʼlim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha dasturlari bilan tanishtirdilar.
Munosib nomzodni yopiq ovoz berish yoʻli bilan tanlash maqsadida deputatlar orasidan sanoq komissiyasi tuzildi.
Yashirin ovoz berish natijalariga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Amudaryo tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 35-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori lavozimiga Jasurbek Ahmedovni tayinlash toʻgʻrisidagi tavsiyasiga kelishim berish boʻyicha Kengash qarori qabul qilindi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha koʻrib chiqildi va shuning bilan tuman Kengashining sessiyasi oʻz ishini yakunladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶