TAʼLIM JARAYoNIGA AXBOROT-KOMMUNIKATsION TEXNOLOGIYaLARNI JORIY ETISh BOʻYIChA AMALIY OʻQUV-SEMINARI OʻTKAZILDI
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining “Taʼlimni raqamlashtirish yoʻnalishida amalga oshirilgan islohotlar, kelgusida umumtaʼlim maktablariga Axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirish yuzasidan oʻtkaziladigan tadbirlar va yutuqlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi” ijrosini taʼminlash maqsadida Amudaryo tumanida amaliy oʻquv-seminar tashkil etildi.
Shu yil 10-oktyabr kuni tumandagi 76-sonli maktabda tuman Xalq taʼlimi boʻlimining Taʼlim jarayoniga axborot texnologiyalarini va kommunikatsiyalarini joriy etish va rivojlantirish shoʻbasi xodimlari Islom Saʼdullayev va Jahongir Ibrohimovlar tomonidan tashkil qilingan mazkur seminarda barcha maktablarning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari qatnashishdi.
Seminar davomida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan elektron taʼlim resurslari, yaʼni “erp.maktab.uz”, “Kundalik” elektron tizimlari haqida amaliy tarzda tushunchalar berildi.
Maʼlumki, tumanda Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 85 ta umumtaʼlim maktabi mavjud boʻlib, ularda bugungi kunda 38 457 nafar oʻquvchi taʼlim olib kelmoqda.
Tumandagi barcha maktablar yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulangan va barcha maktablarda lokal tarmoq liniyalari tortilgan. Kompyuter sinfi va oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari xonasiga lokal tarmoq va oʻqituvchilar xonasiga Wi-Fi qurilmalari oʻrnatib berilgan.
Prezident topshirigʻiga binoan 2022-yil sentyabr oyidan boshlab, maktablardagi eng kam internet tezligi soniyasiga 40 megabit qilib belgilandi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, agar maktabdagi oʻquvchi soni 400 nafargacha boʻlsa internet tezligi soniyasiga 40 megabit, oʻquvchi soni 400 nafardan ortiq boʻlsa soniyasiga 100 megabitni tashkil qilmoqda.
Joriy yil 11 ta maktabga jami 146 ta zamonaviy kompyuter texnikalari yetkazib berildi. Yil yakuniga qadar qoʻshimcha zamonaviy kompyuter sinflari yetkazib berish rejalashtirilgan.
Seminar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2022-yil 17-may kungi “Xalq taʼlimi sohasida axborot tizimlari va axborot resurslarning hududlarda joriy etilishini jadallashtirish boʻyicha chora-tadbir rejasi”ga muvofiq elektron taʼlim resurslari va axborot resurlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
“Maktab.uz” masofaviy taʼlim platformasi veb-portal va mobil ilovasi imkoniyatlari va foydali tomonlari, “Kitob.uz” veb-portali va mobil ilovasi, Smartland.maktab.uz veb-portal va mobil ilovasi, “Edukids animatsion” video kontentlar imkoniyatlari, Artshop, Educare.uzedu.uz veb-portallarining foydali tomonlari, idea.itsm.uz innovatsion gʻoyalar portallari haqida taqdimotlar qilindi.
Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yagona elektron tizim “erp.maktab.uz” va uning imkoniyatlari haqida kengroq toʻxtalib oʻtildi.
Ushbu tizim orqali xalq taʼlimi tizimda faoliyat yurituvchi barcha xodimlar va oʻquvchilar haqida maʼlumotlar shakllangan boʻlib, ular bevosita Ichki ishlar vazirligining fuqarolar pasport bazasi, Adliya vazirligining fuqarolar tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar bazasi, Taʼlim sifatini nazorat qilish inspektsiyasining malaka toifalar boʻyicha pedkadr.tdi.uz bazasi va shunga oʻxshash koʻplagan elektron bazalar bilan integratsiya qilingan. Ushbu elektron tizim orqali maktabdagi oʻquvchilarning sonini real vaqt rejimida aniqlash imkoni mavjud.
Undan tashqari, seminar davomida “Kundalik” elektron tizimining imkoniyatlari va qulayliklari boʻyicha ham batafsil maʼlumotlar berildi. Ushbu tizim kundalik.com sayti orqali yuritiladi. Taʼkidlanganidek, Xalq taʼlimi vazirligining shu yil 24-iyun kungi tegishli buyrugʻi bilan 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab, tumandagi barcha maktablarda “Kundalik” elektron tizimi joriy qilindi. “Kundalik” elektron tizimi onlayn rejimda maktabdagi barcha voqealar va baholardan xabardor boʻlish, sinf rahbarlari va boshqa oʻqituvchilar bilan aloqani ushlab turish va dars jarayonida qoʻyiladigan baholarning haqqoniyligi va shaffof boʻlishini taʼminlashga yordam beradi.
Seminar ishtirokchilari shu kabi maʼlumotlar yuzasidan savollar berib, toʻliq javoblar oldilar va batafsil tushunchalarga ega boʻldilar.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶