Qonunchilik Palatasi deputatlari va sektor rahbarlari ilgʻor terimchilar bilan uchrashdi
Amudaryolik dehqonlar yil-oʻn ikki oy daladagi mashaqqatli mehnatlari samarasida yetishtirgan hosilini qisqa kunlarda yigʻib-terib olish yoʻlida astoydil mehnat qilmoqdalar. Dala boshida terimchilarga barcha sharoitlar yaratilgani, issiq ovqat, choy tashkil etilgani, terim pullarining vaqtida berib borilayotgani ularni yanada gʻayrat va shijoat bilan mehnat qilishga undamoqda.
Oppoq boʻlib ochilgan paxtalarni terishning ham oʻziga yarasha zavqi bor. Ayniqsa, mehnat munosib ragʻbatlantirib borilsa bu ishtiyoq yanada oshadi.
29-sentyabr kuni Amudaryo tumanida joylashgan, tajribali fermer Shavkat Yaxshimuratov rahbarlik qilayotgan “Yusufxoʻja” fermer xoʻjaligida mana shunday fidoyi va ilgʻor terimchilarni ragʻbatlantirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Zumrad Bekatova hamda Ruslan Djumamuratov, tumandagi sektorlar rahbarlari, masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi masʼullari, qishloq xoʻjaligi sohasi mutasaddilari va mazkur fermer xoʻjaligida paxta terimida qatnashayotgan ishchilar ishtirok etishdi.
Dastlab, tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev fermer xoʻjaligining paxta tayyorlash rejasini ortigʻi bilan bajarganini eʼtirof etib, ularni ushbu muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi.
Maʼlumot uchun, “Yusufxoʻja” fermer xoʻjaligining 80 gektar maydoniga chigit ekilgan boʻlib, agrotexnik tadbirlar vaqtida bajarilgani bois dalalarda moʻl hosil toʻplandi. Natijada fermer klaster korxonasiga rejadagi 140 tonna paxta oʻrniga 262 tonna paxta hom-ashyosini topshirdi. Fermerning maʼlum qilishicha, hali xoʻjalik paxta dalalaridan yana 100 tonna paxta hom-ashyosini terib olish mumkin.
Uchrashuvda sektor rahbarlari ham soʻzga chiqib, terimchilarga yurtimiz iqtisodiyotiga, aholi farovonligiga qoʻshayotgan xissalari uchun minnatdorlik bildirishdi. Fermer xoʻjaligi dalalarida oʻzining bor kuch-gʻayratini ayamasdan mehnat qilayotgan 150 nafar terimchilarga mustahkam sogʻlik-salomatlik tilashdi.
Shundan soʻng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zumrad Bekatova mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan muhim ijobiy yangiliklar, jumladan, aholi farovonligini, yurt ravnaqini yuksalitirish, eng asosiysi inson qadrini ulugʻlash maqsadida qabul qilinayotgan qaror va farmonlarga toʻxtalib oʻtdi.
Shu bilan birga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Zumrad Bekatova hamda Ruslan Djumamuratovlar paxta yigʻim-terimi mavsumi davrida majburiy mehnatga va bolalar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik lozimligini, bunday hollar aniqlansa tegishli mutasaddilar qonun oldida javobgarlikka tortilishini aytib oʻtishdi.
Uchrashuv davomida mutasaddilar kuzning goh salqin, goh issiq kunlariga qaramasdan, gʻayrat bilan mehanat qilayotgan ilgʻor terimchilarni qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirdi. Terimchi ayollar oʻzlariga koʻrsatilayotgan bu kabi eʼtibordan mamnun boʻlib, yanada faol mehnat qilishlarini taʼkidlashdi.
Paxta – oqlik, begʻuborlik timsoli. Boisi, u halol va fidoyi mehnatdan yaraladi. Shunday ekan, dalalardagi “oq oltin”ning bir misqolini ham qoldirmay yigʻib-terib olish har bir fermer xoʻjaligi rahbarining, ishchilarining va pudratchilar hamda hasharchilarning bugungi kundagi dolzarb vazifasidir.
Paxta yigʻim-terim ishlarida nafaqat “Yusufxoʻja” fermer xoʻjaligi, balki tumandagi barcha xoʻjaliklar ishchilari va hasharchilari ham faol qatnashib, mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazishga munosib hissa qoʻshmoqdalar.
Fotima Eshimbetova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶