OʻQUV-SEMINARDA MAʼMURIY HUQUQBUZARLIK TOʻGʻRISIDAGI ISh MATERIALLARINI TUZISh TARTIBI TUShUNTIRILDI
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini tuzish vakolatiga ega boʻlgan organlar mansabdor shaxslari va xodimlari ishtirokida oʻquv-seminar oʻtkazildi.
Shu yil 27-sentyabr kuni tuman IIBning majlislar zalida boʻlib oʻtgan mazkur seminarda Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi masʼullari, IIB HPB boshligʻi podpolkovnik I.Abutov hamda Jinoyat ishlari boʻyicha Qoraoʻzak tuman sudi raisi Jenis Allaniyazovlar qatnashishdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining shu yil 5-sentyabrdagi qarorining tegishli bandi ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan seminar davomida sud masʼullari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini tuzish vakolatiga ega organlar mansabdor shaxslariga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 281-moddasida koʻrsatilgan tartibda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani toʻldirish, ish materiallarini tuzish tartibi tushuntirildi.
Taʼkidlanganidek, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomada, shu bayonnoma tuzilgan sana va joy, bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatiladi. Shuningdek, huquqbuzarning shaxsiga oid maʼlumotlar, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va bu huquqbuzarlikning mohiyati, ana shunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ hujjat, agar guvohlar va jabrlanuvchilar boʻlsa, ularning familiyalari va yashash manzillari ham kiritiladi. Undan tashqari, huquqbuzarning tushuntirishi, ishni hal qilish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar, basharti huquqbuzarlik tufayli moddiy zarar yetkazilgan boʻlsa, bu ham bayonnomada koʻrsatiladi.
Bayonnoma uni tuzgan shaxs va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan imzolanadi. Guvohlar va jabrlanuvchilar boʻlgan taqdirda esa bayonnoma mazkur shaxslar tomonidan ham imzolanadi.
Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bayonnomaga bu haqda yozib qoʻyiladi. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bayonnomaning mazmuni yuzasidan bayonnomaga ilova qilinadigan tushuntirish va mulohazalarini berishga, shuningdek, mazkur bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortish sabablarini bayon etishga haqlidir.
Seminar davomida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomani bu boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organga joʻnatish, tegishli hujjatlarni ilova qilish tartibi tushuntirildi. Shu qatori maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishga tayyorlanish, ish materiallarini qaytarish tartibi boʻyicha ham maʼlumotlar berildi.
Yigʻilish yakunida tuman IIB, IIB yoʻl harakati havfsizligi boʻlimi, Agrosanoat va oziq ovqat xavfsizligini taʼminlanish ustidan nazorat qilish inspektsiyasi, SEO va JS markazi, DSI, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tuman boʻlimi, Transport vazirligi avtomobil tashuvlarini nazorat qilish boshqarmasining QR boʻlimi, Ekologiya qoʻmitasi tuman boʻlimi, FVB, MIB kabi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallarini tuzish vakolatiga ega boʻlgan organ va tashkilotlar xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 281-282-moddalari talablariga qaʼtiy rioya qilishlari kerakligi tushuntirildi.
J.Oʻrazboyev, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶