KELAJAK TAQDIRI OʻQITUVChILAR QOʻLIDA
Bugungi kunda dunyoda kechayotgan globallashuv jarayoni, zamonaviy texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishi xalqimizning, xususan, yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan talabi va extiyoji ortishiga sabab boʻlmoqda. Zamon bilan hamnafas qadam tashlash bu - davr talabi. Shunday ekan, bugungi kundagi taʼlim sohasida xizmat qilayotgan murabbiylarimiz, oʻqituvchilarimiz zimmasida katta masʼuliyat turibdi. Zotan, kelajakning taqdiri oʻqituvchilar qoʻlidadir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi «Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida»gi Qarori xorijiy tillar oʻqituvchilari zimmasiga yanada yuksak masʼuliyat yukladi. Chunki, maktab rivojlansa, oliy taʼlimga yuqori saviyaga ega oʻgʻil-qizlarimiz keladi. Bu mamlakat soha va tarmoqlari uchun yetuk kadrlar degani.
Maktab taʼlimini har jihatdan rivojlantirish, bugungi kungi talab asosida takomillashtirish, oʻquv metodikasi va malakali kadrlar taʼminotini tashkil etish borasida barcha hududlarda, shu jumladan Amudaryo tumanida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda, fanlar olimpiadalari, koʻrik-tanlovlar, seminarlar, uchrashuvlar oʻtkazilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi 562-sonli Qarori ijrosini taʼminlash, maktablarda xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini tahlil qilish hamda maktablar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining oʻtkazilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tanlovda 40-sonli maktab terma jamoasi tuman miqyosida gʻolib, deb topilib, tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida faol ishtirok etdilar.
Shuningdek, xorijiy tillar boʻyicha oʻquvchilarga sifatli taʼlim berayotgan oʻqituvchilarni aniqlash va ragʻbatlantirish maqsadida umumtaʼlim maktablarining chet tili fani oʻqituvchilari orasida “Eng yaxshi chet tili fani oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovi ham tashkil etilib, unda 30-sonli maktab oʻqituvchisi Farida Shamsutdinova ingliz tili fani boʻyicha, 21-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi Muqaddam Qurbonbayeva nemis tili fani boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdilar va tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida faol ishtirok etish baxtiga muyassar boʻldilar.
Bundan tashqari, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ingliz tilini bilish, Yevropa ittifoqi talablari darajasiga muvofiq ingliz tilini oʻzlashtirgan oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinf oʻquvchilari orasida tumanda birinchi marta ingliz tilidan “Aqlli bolalar” (Smart kids) olimpiadasi oʻtkazildi. Olimpiadada 48-sonli maktabning 4-sinf oʻquvchisi Ogʻabek Bozorbayev yuqori ball toʻplab, gʻolib deb topildi va olimpiadaning Qoraqalpogʻiston respublikasi bosqichida ham birinchi oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi.
Bugungi kunda tumanimizning umumtaʼlim maktablarida 296 nafar xorijiy til oʻqituvchilari faoliyat olib borishmoqda, hozirgi kunda shundan 16 nafari oliy, 51 nafari birinchi, 109 nafari ikkinchi toifali oʻqituvchilardir. Ular oʻzlarining sermaxsul mehnatlari bilan ish faoliyatlarida katta natijalarga erishmoqdalar.
Ayni paytda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish va malaka darajasi boʻyicha maʼlumotnomaga ega oʻqituvchilarimiz 36 nafar, B2 sertifikati egalari 19 nafarni, S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilarimiz 25 nafarni tashkil etadi.
Biz dunyoga chiqishimiz, dunyo bilan muloqotda boʻlishimiz uchun xorijiy tillarning ahamiyati katta. Yoshlarimiz qanchalik darajada koʻp til oʻrganishsa, ular oldida imkoniyatlar eshigi shunchalik keng ochiladi. Tumanimizda xorijiy tillar boʻyicha oʻquvchilarga sifatli taʼlim berayotgan ilgʻor, tashabbuskor, fidoyi ustozlarimizdan 16-sonli maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi Mavluda Niyazova, 40-sonli maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi “Vatan fidoyisi” koʻkrak nishoni sohibi Nurbek Jumaniyazovlarning pedagogik faoliyatlari tahsinga loyiq. Nurbek Jumaniyozov oʻz faoliyati davomida koʻplab shogirdlar yetishtirdi. Uning 16 nafar oʻquvchisi ingliz tilidan milliy va unga tenglashtirilgan Xalqaro darajadagi sertifikatga ega boʻldilar.
Amudaryo tumani XTBga qarashli umumtaʼlim maktablarida taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtibor natijasida yanada yuqori koʻrsatkichlarga erishish imkoniyati mavjud va biz albatta buni uddalaymiz. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek najot taʼlimda, najot bilimda, najot tarbiyada!
Muhayyo ORTIQBOYeVA,
Amudaryo tuman XTB xorijiy tillar metodisti.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶