HAVASKOR IJODKOR, SAMIMIY DOʻST, KAMTARIN INSON EDI...
Xotira! U inson koʻnglida goh quvonch, goh alamli iztiroblar, goh iliq taassurotlarni va armonlarni uygʻotadi. Oʻsha eslagan odamingizning qiyofasi yodingizga kelishi bilan u bilan bogʻliq xotiralar birin-ketin xuddi kinotasmalarga joylaganday koʻz oldingizdan oʻtaveradi.
Oʻrozboy Oʻrozimbetov asli kasbi buxgalter, bir umr turli korxona-tashkilotlarda oʻz mutaxassisligi boʻyicha mehnat qilgan boʻlsa-da, kitob, gazetalar shinavandasi edi. U oxirgi mehnat faoliyatini olib borgan “Tolʼe” xususiy firmasi va "Mangʻit matbaasi" xususiy korxonasi tuman matbuoti bilan bitta binoda joylashgan boʻlib, bizning “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetamiz "Mangʻit matbaasi" xususiy korxonasi tomonidan chop etilar, gazetaning har yangi sonini biz jurnalistlar kabi shoshib qoʻliga olar, hademay oʻqib tugatib, xonamizga kelib, oʻz fikrlarini aytar edi.
Oʻrozboy aka bozor tomonlarga yoʻli tushsa, albatta, bir dasta turli ommabop, kasbiga doir davriy nashrlardan olib kelardi. Shundanmi, uni tahririyat xodimlarining barchasi oʻz doʻsti, ogʻasiday yaxshi koʻrar edi. Badiiy kitoblarni koʻp oʻqiganidanmi, aytar soʻzlarini ham sheʼriy ifoda etar uni hamma “buxgalter shoir" derdi hazillashib.
U 1957-yilda Mangʻit shahrida tugʻilib, Lomonosov nomli (hozirgi 16-sonli) maktabni tugatgach, Toshkent shahridagi sobiq Xalq xoʻjaligi institutiga (hozirgi Iqtisodiyot universiteti) oʻqishga kirib, oliy maʼlumotli iqtisodchi boʻlib yetishdi. Uzoq yillar Qoraqalpogʻiston statistika boshqarmasida, Jumurtov neftebazasida, Mangʻit ip-yigiruv-toʻquv fabrikasida, tuman veterinariya stantsiyasida, qurilish va savdo tashkilotlarida benuqson ishladi. U umr boʻyi oʻrgangan ilmlarini, yiqqan kitoblarini dunyo boyliklaridan ustun qoʻydi.
Oʻrozboy aka ogʻir xastalikka chalinib, joni omonat boʻlib yurgan vaqtlarida, umr hamdamidan ayrilgan iztirobli damlarida, hayotning boshqa sinovlariga duch kelganida ham hech nolimadi, oʻzini ish bilan ovutdi, turli korxona-tashkilotlarda buxgalterlikda ish faoliyatini boshlaganlarga oʻz kasbini erinmay, beminnat oʻrgatdi, oʻzidan yaxshi xotiralar qoldirdi. Samimiy doʻst, ajoyib havaskor ijodkor, kamtarin inson Oʻrozboy Oʻrozimbetovni mashʼum oʻlim bevaqt olib ketdi. Biroq uning xotirasi qalblarda yashayveradi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶