69-sonli maktabda “Xayr, birinchi ustozim!” deb nomlangan tadbir oʻtkazildi
Shu kunlarda umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinf oʻquvchilari oʻzlariga oq-qorani tanitib, ilm sirlarini ochgan aziz ustozlari bilan xayrlashib, 5-sinfga qadam qoʻymoqdalar. Shu munosabat bilan may oyining oxirgi haftasi barcha umumtaʼlim maktablarining 4-sinfini bitirayotgan bolajonlar uchun eng hayajonli lahzalarni hadya etmoqda. Toʻrt yil davomida oʻzlariga taʼlim-tarbiya bergan aziz va moʻʼtabar ustozlari bilan xayrlashuv tadbirlari oʻtkazilib, oʻquvchilar dil izhorlari yangramoqda.
Ana shunday hayajonli daqiqalarga boy tadbirlardan biri Amudaryo tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 69-sonli maktabda ham boʻlib oʻtdi. 4-A sinf rahbari Hayot Nurimbetova, 4 B-sinf rahbari Adiba Ahmedovalar tomonidan tashkillashtirilgan “Xayr, birinchi ustozim!” deb nomlangan tadbir oʻtkazildi. Mazkur tadbir maktab direktori Dilshod Boboniyozov va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Joʻrabek Tajimurodov, musiqa fani oʻqituvchisi Maqsud Allaberganovlarning maslahat va tavsiyalariga amal qilingan holda yuqori saviyada oʻtkazildi. Tadbirni maktab oʻquvchilari Mohichehra Xolliyeva hamda Farangiz Murodboyevalar olib bordilar.
Tadbirning boshlanish qismida oʻquvchilar Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining Davlat madhiyalarini joʻr ovozda kuylashdi. Shundan soʻng, boshlangʻich sinfda aʼlo baholarga oʻqigan oʻquvchilarga Faxriy yorliqlar topshirildi. 4-sinfni muvaffaqiyatli tugatgan oʻquvchilarga oʻqituvchilari eng ezgu tilaklarni tilab, kelgusida maktabni muvaffaqiyatli tugatishlariga omadlar tiladilar. Ota-onalar esa farzandlariga 4-yil mobaynida taʼlim-tarbiya bergan oʻqituvchilarga minnatdorchilik bildirdilar.
Tadbir davomida oʻquvchilar tomonidan shoʻx va milliy raqslar ijro etildi. Oʻquvchilar Vatan va ustozlar haqida sheʼr va hikmatli iboralar aytishib, tadbir mehmonlarini xushnud etdilar.
Boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Adiba Ahmedova tomonidan sahnalashtirilgan “Baliqchi va baliq haqida ertak” deb nomlangan rus xalq ertagi oʻquvchilarda va kelgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu ertak orqali oʻquvchilar qalbida boriga shukur qilib yashash hissi uygʻondi. “Baliqchi va baliq haqida ertak” sahna koʻrinishida kampir rolini mahorat bilan ijro etgan Mahfuza Hayitboyeva, chol rolida chiqqan Ikromjon Allaberganov, oltin baliq Durdona Xushnudova hamda Shahzodbek Sherimbetovlarning ijro mahoratlari, ertak gʻoyasini tomoshabinlar qalbiga singdira olganliklaridan ularning ota-onalari va ustozlari mamnun boʻldilar. Chunki kichik aktyor va aktrisalar oʻz ijro mahoratlari bilan adabiyotga, xalqlar doʻstligi hamda sabr-qanoat tuygʻusiga munosabatlarini izhor etishib, mehri cheksizligini oʻzlari yaratgan obrazlar talqinida namoyon etdilar.
Shuningdek, “Xayr, birinchi ustozim!” adabiy-musiqiy tadbiri davomida boshlangʻich sinf bitiruvchilari oʻzlariga oq-qorani tanitib, dunyoviy ilm-irfon sari oydin yoʻl ochgan aziz ustozlari – birinchi oʻqituvchilarini sharaflovchi dil soʻzlarini izhor etishib, ustozlariga bagʻishlab sheʼrlar aytishdi. Kuy-qoʻshiqlar ijro etishib, raqslar guldastasini armugʻon qildilar. Ustozlariga mehr-muhabbat, minnatdorchilik ramzi sifatida gullar hadya etdilar.
Maxsus muxbirimizdan.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶