HAYoTNING ChINAKAM AKSI
Oygul Rajabova isteʼdodli jurnalist, shu bilan birga isteʼdodli yozuvchilarimizdan boʻlmoqda, desak ham yanglishmaymiz.
Tumanimizning taniqli va tajribali jurnalistlaridan biri boʻlmish Oygul Rajabova yoshligidan adabiyotga qiziqar, hikoyalarini gazetamizga yuborib turardi. Hali u tahririyatimizga ishga kelishidan oldin hikoyalarini gazetada yoritganmiz. Maqola, xabarlari ham chiqib turardi.
Jurnalistikaga, ijodga, toʻgʻri-rogʻi yozuvchilikka qobiliyati borligi sabab, u 1985-yilda tahririyatga ishga olingan. Oygul ishonchimizni oqladi.
Ushbu maqolada Oygul Rajabovaning “Mashaqqatlarda toblangan umr” va “Tushlarimga kirib turing...” kitoblari haqida fikr yuritmoqchiman.
“Mashaqqatlarda toblangan umr” kitobidagi qahramon Tursunboy Ahmedov real hayotda ham tajribali va ishchan tadbirkor. Hotamtoyligi ham bor. Oygul mazkur kitobida 80 yashar Tursunboyning bolaligidan ayni kungacha bosib oʻtgan yoʻli haqida hujjatli qissa bitibdi. Kitob qahramonining boshidan oʻtgan qiyinchiliklari va erishgan yutuqlarini ishonarli tarzda yoritib bergan.
Shogirdimiz Oygulning “Tushlarimga kirib turing...” kitobida esa “Soʻnggi pushaymon” va boshqa hikoyalari, matbuotda yoritilgan maqolalari jamlangan. Shuningdek, “Tushlarimga kirib turing...” badiasi ham bor. Har ikkala kitobni bir oʻtirishda oʻqib tugatganman va Oygul Rajabovani tabriklaganman.
Kezi kelganidan foydalanib, gazetxonlarimizga shuni aytmoqchimanki, siz ham bu kitoblarni oʻqing. Hayotning chinakam aksi tasvirlangan qissa va hikoyalarni oʻqib, albatta, muallif mahoratiga, isteʼdodiga qoyil qolishingiz turgan gap!
Endi sizdan yangi-yangi qissa va hikoyalar kutib qolamiz, Oygul Rajabova!
Saʼdulla Xoʻjaniyozov, Qoraqalpogʻistonda xizmat
koʻrsatgan jurnalist, shoir va yozuvchi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶