GRIPP KASALLIGI VA UNING ASORATLARI
Gripp – bu oʻtkir yuqumli, havo-tomchi yoʻli orqali oʻtuvchi, asosan yuqori nafas yoʻllarini zararlovchi kasallik boʻlib, butun dunyo boʻyicha har yili gripp epidemiyasi kuzatiladi.
Gripp virusi asosan havo-tomchi yoʻli orqali – gaplashganda, yoʻtalganda va aksa urganda bemordan sogʻlom odamga yuqadi. Shuningdek, virus iflos qoʻl va buyumlar orqali ham yuqishi mumkin. Chunki, telefon, eshik tutqichi, stol yuzasiga tushgan viruslar 2-8 soat mobaynida oʻz faolligini saqlab qoladi.
Kasallik toʻsatdan boshlanganda harorat 38-40 darajagacha koʻtariladi, quvvatsizlik, bosh ogʻrishi va mushaklarda, koʻz olmalarini bosganda va ular harakatlanganda ogʻriqlar, tomoq qurishi va qichishi, burun bitishi va quruq yoʻtal kuzatiladi.
Mabodo, kasallik yuqsa, uyda qolib, yotoq tartibiga rioya qiling va hududiy shifokorni uyga chaqiring, tana harorat 38 darajagacha boʻlganda tushirmang, bu organizmda virusga qarshi himoya hujayralarining ishlab chiqarilish koʻrsatkichi hisoblanadi. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qiling, qoʻlingizni tez-tez sovunlab yuving, ogʻiz va burningizni yoʻtalganda va aksa urganda yoping. Xonani muntazam shamollatib turing. Shaxsiy sochiq va idish-tovoqlardan foydalaning. Iloji boricha koʻproq suyuqlik iching, iliq choy, kompot, sharbatlar, naʼmatak va har xil oʻtlardan damlamalar qabul qiling.
Keksa yoshdagi odamlar, maktabgacha yoshda boʻlgan bolalar, homilador ayollar, surunkali kasalliklari bor insonlar, tez-tez oʻtkir respirator kasalliklar bilan ogʻriydigan bemorlarda kasallik asoratli kechadi.
Kasallikning oldini olish uchun qoʻlni sovun bilan yuvish yoki nam tozalovchi salfetkalardan foydalanish zarur. Bundan tashqari, xonani, ayniqsa, jihozlarning yuzasini nam latta bilan artish, tez-tez xonani shamollatib turish shart.
Bemorlardan uzoqroq boʻlish, odam gavjum boʻladigan tadbirlarga bormaslik, infektsiya yuqish xavfini kamaytirish uchun 4 qavatli doka taqish zarur.
Yodingizda boʻlsin!
Grippni oyoqda oʻtkazib boʻlmaydi, oʻz bilgancha davolanish mumkin emas. Oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilish va davolashni erta boshlash kasallikning asoratlari – bronxit, zotiljam, otit, miya toʻqimasi va qobiqlarining shamollashi, yurak, buyrak va boshqa ichki organlar zararlanishining xavfini kamaytiradi.
J.Yavqashev, tuman Tibbiyot birlashmasi
ASTTKK va JFO boʻlimi shifokori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶