Oʻzbekiston “Qizil yarim oy” jamiyati tuman boʻlimi samarali faoliyat olib bormoqda
Joriy yilning 25-iyun kuni tuman tibbiyot birlashmasida Oʻzbekiston “Qizil yarim oy” jamiyati tuman boʻlimi tomonidan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda tuman tibbiyot birlashmasi boʻlimlari mudirlari, koʻp tarmoqli markaziy poliklinika shifokorlari, tumandagi qishloq oilaviy punktlari hamda qishloq vrachlik punktlari mudirlari hamda hamshiralari ishtirok etdilar. Uchrashuvni tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi Farhod Abdullayev boshqarib bordi.
Birlashma rahbari oʻz soʻzida mamlakatimizda aholi salomatligini tiklash borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar xususida toʻxtalib, bu borada COVID-19 hamda infektsion kasalliklarning oldini olish hamda ularga qarshi kurashda profilaktika ishlarini jadallashtirish, aholi oʻrtasida tushuntirish-targʻibot tadbirlarini kuchaytirish zarurligini qayd etib oʻtdi.
Taʼkidlash kerakki, bugun yurtimizda aholi salomatligi, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish masalasi eng ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada qator qonun hujjatlari qabul qilinib, tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentinining joriy yilda imzolangan “2017—2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi hamda “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sohada keng koʻlamli ishlarni tashkil etishda muhim hujjat boʻlib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatlar mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda muhim dasturulamal boʻlmoqda.
Uchrashuvda Oʻzbekiston “Qizil yarim oy jamiyati” tuman boʻlimi ijrochi direktori Ibodulla Nurimbetov jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritdi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston “Qizil yarim oy jamiyati” koʻngilli, insonparvarlik tashkiloti boʻlib, ayni paytda 15 ta mintaqaviy, 206 ta tuman, shahar va 1500 dan ortiq boshlangʻich tashkiloti, 200 mingdan ortiq faol aʼzo va 40 mingdan ortiq volontyorlari yordamida jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Jamiyatda “Mehr-shafqat” xizmati tashkil qilingan boʻlib, ushbu xizmat orqali yolgʻiz keksalar, nogironlar, surunkali kasalligi bor bemorlar, koʻp farzandli, kam taʼminlangan oilalarga doimiy gʻamxoʻrlik qilinib, insonparvarlik yordami koʻrsatib kelmoqda.
Uchrashuvda mutasaddilar 14-iyun “Butunjahon donorlar kuni” munosabati bilan tuman Tibbiyot birlashmasida qon topshirgan faxrli donorlarga, koʻngilli insonlarga sovgʻalar tarqatildi.
Aytish kerakki, har yilning 14-iyun sanasi butun dunyoda qon donorlari kuni sifatida nishonlanadi. Aynan mana shu kuni dunyoning turli burchaklarida yashovchi insonlar boshqa odamlar hayotini saqlab qolishga koʻmak qoʻlini choʻzadigan, oʻz qonini koʻngilli sifatida topshiradigan, qonga muhtoj boʻlgan odamlarga “oʻzining bir parchasi”ni baxshida etuvchi donorlarga minnatdorchilik bildirishadi.
Tumanimizda ham shu kabi inson salomatligiga oʻz hissasini qoʻshuvchi hamyurtlarimiz talaygina boʻlib, Oʻzbekiston “Qizil yarim oy jamiyati” tuman boʻlimi tomonidan donorlik qilishga chaqiruvchi targʻibot-tashviqot ishlari jadal surʼatlarda olib borilshi natijasida ularning soni tobora ortmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶