YoSh SAYoHATChILAR TARIXIY-OʻLKAShUNOSLIK MUZEYIDA TUMANIMIZ TARIXI BILAN TANIShDILAR
Amudaryo – boy tarixga ega, qadimiy oʻlkalardan biridir. Bu hududda osori atiqalar, Chilpiq, Gavur qalʼa, Toshmadrasa kabi obidalar va boshqa shu kabi uzoq moziydan soʻzlovchi ajdodlarimizdan qolgan ulkan meroslar bor. Yosh avlodga bu maʼnaviy-madaniy boyliklarni butunligicha yetkazish, tarixini tanishtirib borish esa ular qalbidagi Vatanga muhabbat, ajdodlarga chuqur ehtirom tuygʻularini yanada mustahkamlaydi.
Tumanimizda yangi tashkil etilgan tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi ham, nafaqat amu elining, balki butun qoraqalpoq xalqining buyuk va betakror tarixi haqidagi manbalarga ega boʻlgan, olis oʻtmishga sayohat qildiruvchi maskanga aylandi. Bugungi kunda ushbu maskanga faqat tumanimizdangina emas, Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyuruvchilar soni ortmoqda.
Vaqt oʻtgan sari har bir xalq doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, anʼanalar hamda qadimiy yodgorliklarni oʻrganishga va saqlashga intiladi. Bu borada, albatta, muzeylarning ahamiyati juda katta. Ularda saqlanayotgan oʻtmish madaniyati, maʼrifati va turli jihozlar, yodgorliklarni koʻrib, ajdodlar turmushi, hayoti va hozirgi taraqqiyotning asosi haqida ulkan tasavvurga ega boʻlish mumkin.
16-iyun kuni ushbu maskanga tumandagi Barkamol avlod bolalar maktabida hunar oʻrganayotgan yoshlar tashrif buyurishdi. Sayohatchilarga muzey rahbari, faxriy oʻqituvchi Shavkat Chorshamov har bir eksponat haqida batafsil maʼlumot berib, tarixi haqida soʻzlab berdi.
Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlab, tumanimizda oʻtkazilgan tadbirda ochib berilgan ushbu zamonaviy koʻrinishdagi muzey ikki qavatli yangi binoda joylashgan. Muzeyning har bir boʻlimi alohida eʼtibor va did bilan bezatilgan. Eksponatlarning nomlari, qaysi davrga xosligi, kim tomonidan muzeyga taqdim etilgani haqidagi maʼlumotlar tartib bilan joylashtirilgan.
Muzeydan oʻrin olgan turli bebaho yodgorliklar, qadim ajdodlarimiz ishlatgan uy-roʻzgʻor buyumlari, oʻtmishda foydalanilgan ish qurollari, yogʻ ishlab chiqarish juvozlari, yerlarni sugʻorishda ishlatilgan suv haydovchi chigʻir va charxpalak, noyob qoʻlyozmalar, sozandalarning qadimiy cholgʻu asboblari, oʻsha davrlarda kiyilgan turfa liboslarni tomosha qilib, tarixi bilan tanishgan yosh sayohatchilar katta taassurotlarga ega boʻldilar.
Sayohat davomida oʻquvchi-yoshlar ham oʻz navbatida faxriy oʻqituvchi Shavkat Chorshamovga turli savollar bilan murojaat qilib, har bir eksponat haqida yanada koʻproq maʼlumot olishga qiziqdilar.
Tarixchi-oʻlkashunos Shavkat Chorshamov sayohatchilarga ushbu muzey koʻpchilik yurtdoshlarimiz, qolaversa, masʼul rahbarlarning tinimsiz saʼy-harakatlari bilan tashkil etilgani, endilikda yoshlar uchun tuman va qoraqalpoq eli tarixi bilan yanada yaqinroq tanishish, koʻproq maʼlumotga ega boʻlish imkoniyati yaratilgani haqida soʻzlab oʻtdi. Undan tashqari, tarix koʻzgusi boʻlgan muzeylarda xalq oʻtmishi, urf-odat va anʼanalari, turmush tarzini ifoda etuvchi barcha narsalar jamlanishini, ular orqali madaniy, xoʻjalik va ijtimoiy hayot tarzini chuqurroq oʻrganish mumkinligini taʼkidladi.
Yosh sayohatchilar bilan suhbat davomida muzeylarning zahiralarini doimo boyitib borish, toʻplangan muzey ashyo va eksponatlarini kelajak avlodlarga bus-butun holatda yetkazish, asrab-avaylash har birimizdan alohida masʼuliyat talab etishi tushuntirildi. Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy xazina boʻlgan ushbu maskan uzoq yillar yurtdoshlarimizga qadim oʻtmishni oʻrganishga xizmat qilishi uchun uni yanada toʻldirib borish kerakligi xususida soʻz yuritildi.
Tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyida oʻtkazilgan sayohat juda maroqli, qiziqarli va mazmunli boʻldi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶