FIRIBGARLIKKA JAZO MUQARRAR
Firibgarlik oʻzganing mulkini yoki mulkka boʻlgan huquqini aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan qonunga xilof ravishda va tekin qoʻlga kiritishda ifodalanadi. Buning taʼsirida mulkdor, mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga boʻlgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qoʻyilishiga imkoniyat beradi. Firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlar xabar qilinishi yoki ish holati boʻyicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga maʼlum qilinishi lozim boʻlgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi.
Barcha mutasaddi tashkilotlar tomonidan jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilayotgan targʻibot ishlariga qaramasdan yuqoridagi harakatlarni sodir etish holatlari kuzatilmoqda.
Respublikamiz tumanlaridan birida yashovchi X.A (ismlar oʻzgartirilgan) ham firibgarlik, yaʼni ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli orqali moddiy boylik orttirishni kasb qildi. Firibgar yana tekin daromad ilinjida Beruniy tumanida yashovchi fuqaro V.S bilan uchrashdi. Unda pul borligini oldindan bilgan holda ularni firibgarlik yoʻli orqali qoʻlga kiritish maqsadida fuqaro V.S.ning ishonchiga kirdi. Tadbirkorlikni boshlagani, qurilish ishlarini yuritishga qarzga pul berib turishini aytib, ushbu olgan pullarini tez orada foiz hisobidan olgan pullarining ustiga qoʻshib qaytarib berishini vaʼda qildi. Ushbu yolgʻonlari ishonarli chiqishi uchun Ellikqalʼa tumani “Tezkor maxsus qurilish” MChJga qarashli SPARK rusumli transport vositasini va goʻyoki unga tegishli qalbaki texnik pasportni garov sifatida beradi. Bu aldovlarga uchgan fuqaro V.S.dan 3ming 700 AQSh dollar pullarni oson qoʻlga kiritadi va ushbu pullarni oʻzining ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan dastlabki surishtiruv va tergov harakatlari davomida sudlanuvchi X.A.ning jinoiy harakatlari dalillar majmui bilan tasdiqlanib, unga nisbatan sud tomonidan qonuniy jazo chorasi qoʻllanildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga muvofiq mamlakat iqtisodiyotining negizini turli shakllardagi mulk tashkil etadi. Mulk huquqi mutloq huquq hisoblanadiki, u bu huquqni buzadigan har qanday harakatlarni taʼqiqlashni taqozo qiladi.
Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bozor islohotlariga jiddiy xavf tugʻdiradi, bozor iqtisodiga xos boʻlgan xususiy mulkchilikning, boshqa turdagi mulkiy munosabatlarning shakllanishiga va rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi.
Mavjud qonunlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan qoʻriqlash, shuningdek, jinoyatlarning oldini olish, Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Shunday ekan har bir shaxs ularda koʻrsatilgan talablarga rioya qilishi lozim.
O.Maulenov, Jinoyat ishlari boʻyicha Ellikqalʼa tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶