ORZULARI OLAM YoShLAR
Yurtimizda oʻquvchi-yoshlarga, oʻsib kelayotgan yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan eʼtibor oʻzining ijobiy samaralarini berib, iqtidorli, intellektual salohiyatli, sanʼat, adabiyot, sport kabi turli sohalarda oʻzligini namoyon etayotgan yoshlar safi tobora koʻpaymoqda.
Tumanimizdagi 82-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida 13 ta sinfda 343 nafar oʻquvchilar taʼlim-tarbiya olishmoqda. 38 nafar oliy maʼlumotli oʻqituvchilar ularga fan asoslarini puxta oʻrgatish bilan bir qatorda turli fan, sanʼat, sport, amaliy sanʼat toʻgaraklariga jalb qilinib, darsdan boʻsh vaqtlarini mazmunli va maqsadli oʻtkazishga, iqtidorlarini rivojlantirishga harakat qilishayotir.
Maktabda ijodiy qobiliyatga ega oʻquvchilar koʻp. Shularning biri 8-sinf oʻquvchisi Sh.Soliyevadir. U barcha fanlarni yaxshi oʻzlashtirishi, odobi bilan koʻpchilikka ibrat. Shohista boʻsh vaqtlarida koʻp kitob oʻqiydi, oʻqigan asarlari taassurotlarini dugonalari bilan oʻrtoqlashadi.
Uning bu intilishlari tumanimiz umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari orasida shu yil 13-mart kuni oʻtkazilgan “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” mavzuida oʻtkazilgan insholar tanlovida oʻz samaralarini berdi. Tuman miqyosida faxrli oʻrinni egalladi.
– Shohista teran fikrlaydigan, dunyoqarashi keng, qobiliyatli qiz. Bu dars mashgʻulotlari jarayonida ham sezilib turadi. Shuning uchun uni adabiyot toʻgaragiga jalb qilganmiz, – deydi uning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Sh.Doʻschonova.
Maktabning 3-sinf oʻquvchisi Z.Jumaboyeva sportning badiiy gimnastika turi bilan shugʻullanadi. U 4-yil avval tuman Bolalar-oʻsmirlar sport maktabida, hozirgi kunda esa Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi qoshida faoliyat yuritayotgan badiiy gimnastika toʻgaragi rahbari, tajribali murabbiy M.Berdiboyeva qoʻl ostida shugʻullanmoqda.

Avvalo Zuhraxonning maktabda ham barcha fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirayotganini alohida eʼtirof etish darkor. Zuhra har gal musobaqalarga ketganida doʻstlari unga omad tilab qolishadi, qaytgach, musobaqa taassurotlarini qiziqib tinglashadi, yutuqlaridan quvonishadi.
– Har gal turli shaharlarda oʻtkaziladigan musobaqalarga ketganida xuddi oʻz bolamni kuzatganday boʻlaman. Musobaqa borishini hayajonlanib soʻrab turaman. Har safar, albatta, Zuhra meni xushxabar bilan quvontiradi, – deydi uning oʻqituvchisi Yu.Yusupova.
Oʻqituvchining quvonib eʼtirof etishicha, sinfidagi barcha oʻquvchilar ham qobiliyatli, turli toʻgaraklarga qatnashadi. Sultonbek Soliyev Bolalar-oʻsmirlar sport maktabida kurash sir-asrorlarining nazariy bilimlarini oʻrganib, mashqlar davomida qobiliyatini rivojlantirishga erishmoqda. U yaqinda BOʻSM birinchiligi uchun oʻtkazilgan musobaqada 32 kg. vaznda faxrli uchinchi oʻrinni, R.Marksov esa 29 kg. vazn toifasida uchinchi oʻrinni egalladilar. Barcha sinfdoshlar Zuhra, Sultonbek, Ramazonlardan oʻrnak olishga intilishmoqda.
Darvoqe, Zuhra haqida: juda yoqimtoy, maʼsum, hali bolalikni tark etib ulgurmagan bu nozikkina qizning boʻyniga agar shu kungacha barcha musobaqalarda erishgan medallari ilib qoʻyilsa, ogʻirlik qilar-ov desam, lof demang. Jajji qizaloqning yutuqlarini sanasam, “Kichkina demang bizni”, degan ibora xayolingizga kelishi tayin.
U viloyatlar, tuman miqyosida oʻtkazilgan ochiq birinchiliklarda birinchi, Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Zolotie listya” deb nomlangan musobaqada 1-oʻrinni egalladi. Shuningdek, mamlakat ochiq birinchiliklarida, xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda.
Uning mashgʻulotlarini kuzatishning oʻzi u haqdagi taassurotlaringizni boyitadi. U nozikkina jussasidagi imkoniyatlarni mahorat bilan namoyon etadi.
Z.Jumaboyeva oʻzi taʼlim olayotgan maktabda Prezidentimizning yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish borasidagi ilgari surgan beshta muhim tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan beshta toʻgarakning tasviriy sanʼat turi mashgʻulotlarida ham ishtirok etadi. Chor-atrofdagi boshqalar anglamagan, his qilmagan goʻzallikni idrok etish, uni oʻziga xos tasvirlashga intilish va taqdim etish unga xosdir. Buningdek intilishlari natijasida u 2020 yilda “Qalblarga muhrlangan insonlar yodi” mavzusida qoʻlda chizilgan rasmlar onlayn tanlovida faxrli birinchi oʻrinni egalladi.
– Qizimizning yaxshi oʻqishi, qobiliyatini rivojlantirishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga intilayapmiz, – deydi uning yutuqlaridan quvonib onasi L.Matyoqubova.
Koʻnglida ulkan-ulkan rejalar joʻsh urayotgan intiluvchan yoshlarga yana ham ulkan muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilab qolamiz.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶