SUMALAK SAYLI – QADIMIY UDUM
Shu kunlarda quyosh charogʻon nur sochib, koʻklamdan darak bera boshladi. Qishning sovuq, izgʻirinli kunlarini ortda qoldirib, oʻlkamizga fasli navbahor kirib keldi. Bahor tashrifidan ona tabiat uygʻonib, chor-atrofdagi dov-daraxtlar, oʻt-oʻlanlarga jon kirdi.
Yurt fayzi boʻlgan yoshi ulugʻlar koʻklam arafasida yilning moʻl rizq-roʻz bilan kelishini, barakali boʻlishini niyat qilib, anʼanaga aylangan xos udumlar, urf-odatlarni boshlab yuborishadi. Shu kunlarga yetishni har gal intiq boʻlib kutgan el quvonchi bayramlarga ulanib ketadi. Diyorimizning har bir goʻshasida bahoriy taomlar tayyorlashga kirishiladi. Milliy taomlarimizdan sumalak, halim, koʻksomsa, koʻkchuchvara kabilar xonadonlarda dasturxon koʻrkiga aylanadi. Ayniqsa, sumalak bazmlarining oʻzgacha gashti bor. Ushbu qadimiy taomni tayyorlash marosimi xalqona urf-odat, udum va qadriyatlarimizni oʻzida aks ettiradigan maʼno va mazmunga ega.
11-mart kuni erta tongdan tumanimizdagi 36-sonli umumtaʼlim maktabi jamoasi sumalak sayliga yigʻildilar. Maktabning tajribali va faol oʻqituvchilari Hayitbika Abdurazzoqova, Xosiyat Abdullayeva, Umida Jumaniyozova hamda boshqa yoshi kattalar bosh-qoshligida barcha tayyorgarlik ishlari darhol boshlab yuborildi. Doshqozonlarni tayyorlashdan tortib, oʻtin keltirish, undirilgan bugʻdoy maysasini kelida tuyish, shirasini siqib olish, hosil boʻlgan sharbatni qozonga quyish, un chayish va sumalakni maromiga yetkazib qaynatishgacha boʻlgan jarayonlar hamjihatlikda, ahillikda bajarildi.
Sumalak sayli qadimdan kishilarda birdamlik, ahillik hissini tarbiyalab kelgan. Sumalak tayyorlanadigan joyga har kim bir hovuchdan un olib kelgan, birgalikda taom pishirilgan, bir qozonda tayyorlangan ovqatni hamma baham koʻrgan. Insonlarga darmon baxsh etuvchi bu taomni tayyorlash asnosida keksalar yoshlarga ibratli rivoyatlar, xalq dostonlarini aytib berishgan. Bularning hammasi xalqni jipslashtirgan, yoshlarni tarbiyalagan.
Yosh avlodga taʼlim-tarbiya berib kelinayotgan ushbu dargohda ham hamjihatlikda boshlangan sumalak tayyorlash marosimi bahor bayramiga aylanib ketdi. Maktabning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi Soliy Yoʻldoshev boshchiligidagi boshqa oʻqituvchilar saylga kelganlar uchun palov, qozon kabob tayyorlab, barchani dasturxonga chorladilar. Kun davomida dasturxonni turli noz-neʼmatlar, shirin taomlar bilan toʻldirib, marosimga yanada fayz kiritdilar. Tong otguncha davom etgan sumalak qaynatish marosimida shu kunlarga shukrona aytilib, bu yilgi Navroʻz elimizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu-baraka, sihat-salomatlik olib kelishini tilab, duolar qilindi.
Boʻlib oʻtgan sumalak saylida ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar, shoʻx raqslar va sheʼriy bahru-baytlar kayfiyatni yanada koʻtarib, oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Maktab jamoasi hamjihatligida tayyorlangan Navroʻzning shoh taomi – sumalak ertalab hammaga ulashildi.
Sumalak sayli – Navroʻz bayramining uzviy qismi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga esh boʻlgan tadbir. Sumalak sayli shunchaki bir taom pishirish emas, yoshu-keksa yigʻilib, bir kecha-yu, bir kunduz davomida oʻyin kulgu, xalqona qoʻshiq va oʻyinlar vositasida qadriyatlarimizni namoyon etishi demakdir.
Maktab oʻqituvchilari tashabbusi bilan oʻtkazilgan ushbu sumalak sayli ham qadimiy urf-odat va qadriyatlar, anʼanalarni, oʻzaro ahillik, totuvlik kabi ezgu hislarni yoshlar qalbiga singdirgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶