ZULFIYaXONIM TAVALLUDIGA BAGʻIShLAB ADABIY KEChA VA OChIQ DARS OʻTKAZILDI
Fasllar kelinchagi boʻlgan koʻklam oʻlkamizga har galgi tashrifida ulkan quvonch olib keladi. Shu kundan bahor bayramlari boshlanadi. Ayniqsa, oʻzbek sheʼriyati malikasi – Zulfiyaxonim tavallud topgan kun yurtimizda tom maʼnoda, adabiyotimiz, sheʼriyatimiz ayyomiga aylanib ketadi.
Amudaryo tumanidagi 65-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham oʻzbek shoirasi Zulfiya Isroilova tavalludining 106 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazildi. Maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Anora Qozoqova tomonidan 6-sinflarda ochiq dars hamda “Bahor keldi seni soʻroqlab” nomli badiiy kecha tashkil etildi. Tadbirda tuman Xalq taʼlimi boʻlimi uslubchisi Oʻtkir Matmurodov, maktab oʻqituvchi va oʻquvchilari, yosh ijodkorlar qatnashdilar.
Maktabning 6-sinfida oʻtkazilgan ochiq dars davomida oʻquvchilarda shoira Zulfiya Isroilovaning hayoti va ijodi haqida toʻliq maʼlumot berish maqsadida koʻrgazmali qurollar, plakatlar, shoira kitoblaridan foydalanildi. Fan oʻqituvchisi yangi pedagogik texnologiyalar asosida mavzuni oʻquvchilarga batafsil tushuntirishga harakat qildi. Dars davomida oʻquvchilar sevimli shoiraning umr yoʻli, goʻzal sheʼriyati bilan tanishdilar.
Oʻzbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tugʻilgan. Zulfiya sheʼriyati tabiatga hamda uning ajralmas qismi va yuqori choʻqqisi boʻlmish odamzotga nisbatan hayajonli sevgi bilan burkangan. Uning sheʼrlarida tabiat och ranglarda, yorqin boʻyoq va timsollarda gavdalanadi.
Oʻqituvchi dars davomida Zulfiyaning ijodiy kamolotida oʻzbek va rus mumtoz adabiyoti, xalq ogʻzaki ijodiyoti va jahon adabiyoti anʼanalarining roli benihoya boʻlganini alohida taʼkidladi. Shoira “Sheʼrlar” va “Qizlar qoʻshigʻi” kabi poetik asarlarini ona-Vatan va uning dala, choʻllarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, mexanik, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bagʻishlagani toʻgʻrisida gapirib, oʻquvchilarning qiziqishlarini yanada oshirdi. Shuningdek, urush davrida shoiraning “Uni Farhod der edilar”, “Hijron kunlarida” kabi toʻplamlari, toʻplamdagi sheʼrlar vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va gʻalabaga ishonch ruhida yaratilganligi bilan xarakterli ekanligi xususida toʻlqinlanib soʻzladi.
Zulfiyaning “Mening Vatanim”, “Bizni kut” kabi umidbaxsh sheʼrlari urush davri oʻzbek sheʼriyatining jangovar ruhini ifodalovchi asarlari qatoridan oʻrin olib, haliga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmaganligini aytib oʻtdi. Ochiq dars nihoyatda qiziqarli va mazmunli tarzda oʻtdi.
Shundan soʻng, maktabning 7-sinf oʻquvchilari ishtirokida Zulfiyaxonim tavalludi munosabati bilan badiiy kecha oʻtkazildi. Kecha davomida oʻquvchilar faol ishtirok qilishib, sevimli shoiraning boy ijod namunalarini, goʻzal sheʼriy satrlarini ifodali oʻqib berdilar. Tadbirda bahor tarovatini, bayram shukuhini bagʻishlovchi kuy va qoʻshiqlar ham ijro etilib, barchaga xush kayfiyat ulashildi.
Zulfiyaning olijanoblik, jasorat, haqqoniy xalq gʻururi, tabiat va insonga nisbatan samimiy tuygʻular va hurmat, boy ranglar va kutilmagan yangi timsollar bilan bajarilgan lirikasi, kitobxon qalbini larzaga keltiradi, insoniyatning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi. Shu bilan birga oʻquvchilar qalbida ham vatanga boʻlgan mehr-muhabbatni yanada orttiradi.
Darhaqiqat, Zulfiyaxonim yetuk shoira, sadoqat va vafo timsoli sifatida butun oʻzbek ayollari uchun namuna boʻla oladi. U nafaqat adabiyotimiz va sheʼriyatimizda, balki xalqimizning xotirasida abadiy yashamoqda.
A.Qozoqova, 65-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶