NAVOIY OʻZ ASARLARI TUFAYLI DOIMO BARHAYoT
Alisher Navoiyning adabiy merosi faqat oʻzbek adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotida ham salmoqli oʻringa ega. U sheʼriyatning 16 xil janrida ijod qilgan va asarlari orqali insonni qadrlashni, himoya etishni, savob ishlarni qilishga daʼvat etgan, yuksak insoniy fazilatlar – vafo, sadoqat, doʻstlikni qadrlashga chaqirgan. U davlat arbobi sifatida ilm ahillariga rahnamolik qildi, el maʼmurligi yoʻlida kurashdi.
Navoiy yashagan davrdan beri besh asrdan koʻproq vaqt oʻtdi. Ammo shoir ijodining qadr-qimmati pasaymadi, hamon avlodlarga maʼnaviy quvvat, ulkan taassurotlar baxsh etib kelmoqda.
Ulugʻ bobokalonimiz tavallud topgan sana munosabati bilan 76-sonli maktabda tuman Xalq taʼlimi boʻlimi hamkorligida oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchilarining kasbiy mahoratini oshirish va oʻquvchilarning buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy ijodiy merosiga boʻlgan mehrini yanada oshirish maqsadida «Navoiy doimo barhayot» deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy kecha oʻtkazildi.
Tadbirga tumanimiz maktablarida faoliyat yuritayotgan oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari ham ishtirok etdilar. Ular dastlab 5-B sinfda Roza Abdullayevaning, 10-sinfda Munavvar Boltaboyevaning shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan ochiq darslarida kuzatuvchi sifatida qatnashdilar. 1-sonli maktab oʻqituvchisi Dilnoza Ibrohimova 5-A sinfda Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bagʻishlangan mahorat darsi oʻtdi.
Maktab kutubxonasida ochiq darslardagi oʻqituvchilar mahorati, eʼtibor berilmagan jihatlar xususidagi muhokamadan soʻng barcha maktab faollar zaliga yigʻildilar va Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan adabiy kechani tomosha qildilar.
Kechani tuman Xalq taʼlimi boʻlimi uslubchisi Oʻtkir Matmurodov ochdi.
Buyuk mutafakkir shoir ijodiy merosi, uni oʻrganishning ahamiyati haqida maʼruza oʻqilgach, navbat maktab oʻquvchilariga berildi, 10-sinf oʻquvchilarining Husayn Bayqaro va Alisher Navoiy siymolarini gavdalantirgani, 5-sinf oʻquvchilarining «Hayrat ul abror» dostonidan parchani sahnada mahorat bilan ijro etgani tomoshabinlarga juda manzur boʻldi.
Shuningdek, oʻquvchilar ifodali yod aytgan benazir klassik shoirning ruboiylari, gʻazallari, tuyuqlari barchada oʻchmas taassurotlar qoldirdi.
Tadbirga mehmon sifatida tashrif buyurgan 69-sonli maktab badiiy havaskor qizlarining oʻzbek mumtoz kuylaridan «Tanovar»ga raqsga tushgani tadbirga oʻzgacha ruh bagʻishladi.
Ulugʻ alloma, davlat arbobi, tengsiz adib Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbir oʻchmas taassurotlarga boy boʻldi, oʻquvchilarning shoir ijodiga qiziqishlarini yana ham oshirdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶