KASB-HUNAR MAKTABI YoShLARNING HAYoTDA OʻZ OʻRNINI TOPIShIGA XIZMAT QILMOQDA
Mamlakatimiz jami aholisining 60 foizga yaqinini yoshlar tashkil etadi. Ularning salmoqli qismini mustaqil hayot ostonasiga yetgan, kelajagi uchun biror kasb–hunarni egallashni niyat qilgan va orzu istaklari yoʻlida muhim qadam tashlaydigan yoshdagi yurtdoshlarimizdir. Amudaryo tumanining ana shunday yoshlari uchun 2-sonli kasb-hunar maktabining ochilishi juda qoʻl keldi. Kasb-hunar maktabi Xalqaro tasniflagichning uchinchi darajasiga mos keluvchi taʼlim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boshlangʻich taʼlim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan taʼlim muassasasi sifatida yangidan tashkil qilingan boʻlib, umumtaʼlim muassasalarining 9-sinflarining bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumtaʼlim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi taʼlim shaklida faoliyat yuritadi.
Ushbu kasb-hunar maktabida ayni kunda 183 nafar oʻquvchilarga 6 nafar ishlab chiqarish taʼlimi ustalari va 33 nafar tajribali pedagoglar umumiy taʼlim asoslarini va kasb-hunarni puxta oʻrgatishga harakat qilmoqdalar.Muassasada oʻquvchilarni 5 ta yoʻnalish – avtomobillarni taʼmirlash chilangari, tikuvchilik, payvandlovchi, suv va gaz isteʼmol nazorati operatori, oshpaz-qandolatchi kasblariga oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan va boshlangʻich kasb mahoratini, koʻnikmasini egallashlari uchun olgan bilimlari amaliy mashgʻulotlar bilan mustahkamlab boriladi.
Muassasada oʻquvchilarning oʻzlari tanlagan ixtisoslikni puxta egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ular darsdan va amaliy mashgʻulotlardan boʻsh vaqtlarida 967ta badiy, 197ta siyosiy, 5836ta maxsus adabiyotlar, 21 ming 723 ta darsliklar, jami 28 ming 723 ta kitoblar fondiga ega axborot kutubxona markazida oʻz bilimlarini oshirish uchun oʻqib-oʻrganadilar. 12 ta kompyuter jamlanmasiga ega, internet tarmoqlariga ulangan elektron kutubxona ham mavjud. Oʻquvchilar bu yerda 672 ta badiy kitoblarni, elektron darsliklarni oʻqib, oʻzlariga kerakli bilimlarni olishlari mumkin. Oʻquvchilarning yaratilgan imkoniyatlardan qanday foydalanayotganliklarini nazorat qilish maqsadida guruhlar rahbarlari ular bilan tez-tez zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllay olishi darajasini tekshirib, badiiy kitoblardan olgan taassurotlari xususida suhbatlar oʻtkazib turadilar. Bulardan tashqari odob-axloq, kiyinish madaniyati, jamoat joylarida oʻzini tutish, doʻstlik mavzularida ham ochiq muloqotlar tashkil etib turishga eʼtibor berilmoqda.
Zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarni puxta egallash – davr talabi. Shundan kelib chiqib, oʻquvchilar savodxonligini oshirish maqsadida maktabda 16 ta kompyuter jamlanmasi mavjud kompyuter sinf xonasi tashkil etilgan va doimo oʻquvchilar bilan gavjum boʻladi.
Maktabda kimyo, fizika, biologiya fanlari laboratoriya xonalari jihozlanib, amaliy dars mashgʻulotlari oʻtilmoqda.
Oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida kasb-hunar maktabida fan va sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Umumtaʼlim fanlaridan rus tili, yosh filolog, tarixshunos, matematika, fizika toʻgaraklari, kasbga oʻrgatish boʻyicha tikuvchilik, payvandlovchi, yosh muxandis, yosh texnik, avtomobil taʼmirlovchi, mohir oshpaz toʻgaraklarida mashgʻulotlar muntazam olib borilmoqda.
Shuningdek, kasb-hunar maktabida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish boʻyicha Yurtboshimiz belgilab bergan 5 ta muhim tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida tasviriy sanʼat, yoshlarni chaqiriqqa tayyorlash, shashka, shaxmat, voleybol, stol tennisi, futbol, kitobxonlik targʻiboti, orasta qizlar toʻgaraklari tashkil qilingan boʻlib, ularga jami oʻquvchilarning 80 foizi qamrab olingan.
Kasb-hunar maktabida oʻquvchilarning olgan bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash uchun oʻquv ustaxonalari zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Avtomobillarni taʼmirlash chilangari kasbi boʻyicha “Neksiya” rusumli avtomobil maketi, “Matiz” rusumli avtomashina dvigateli hamda avtomobil diagnostika jihozlari mavjud. Tikuvchilik kasbi boʻyicha ustaxona esa mahalliy byudjet hisobidan 33 ta zamonaviy tikuv mashinalari bilan taʼminlangan boʻlib, oʻquvchilarning amaliyot oʻtashlariga xizmat qiladi.
Payvandlovchi kasbini egallashga qaror qilgan oʻquvchilar elektr hamda gaz vositasida payvandlash jihozlari bilan yaqindan tanishib, ularning ishlatish boʻyicha ilk koʻnikmalarga ega boʻlmoqdalar. Suv, gaz isteʼmoli nazoratchi-operatori kasbi boʻyicha taʼlim olayotgan oʻquvchilar esa Germaniyadan 130 ming yevro miqoridagi mablagʻ evaziga keltirilgan jihozlar yordamida oʻquv-amaliyot mashgʻulotini oʻtaydilar. Shuningdek, mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan keltirilgan non mahsulotlari, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga moʻljallangan pechlar yordamida oshpaz, qandolatchi kasblariga oʻqiyotgan oʻquvchilar ham tegishli mutaxassisliklar boʻyicha hunarlarni puxta egallashga intilmoqdalar.
Shunisi eʼtiborliki oʻquvchilarning amaliyot mashqlari davomida tayyorlagan uy-roʻzgʻor buyumlarini, har xil rusumdagi temir eshik va deraza romlarini, hunarmandchilik mahsulotlarini, shuningdek, pishirgan non va non mahsulotlarini tumanimiz bozorlarida sotish ham yoʻlga qoʻyilgan. Buning natijasida oʻquvchilarda oʻz mehnati orqali pul topish, hayotini farovon qilishga intilish koʻnikmalari shakllantiriladi. Ayniqsa, oshpaz-qandolatchi, tikuvchilik yoʻnalishlarida taʼlim olayotgan oʻquvchilari oʻz mehnatlari mahsulining xaridorgir boʻlayotganidan juda xursand. Bu bilan ular oʻzlari tanlagan kasb-hunar mahoratini egallabgina qolmay ota-onasiga, oilasiga moddiy koʻmakchi ham boʻlishayapti.
Mamlakatimizda yosh-avlod kamoloti yoʻlida davlatimizning gʻamxoʻrligi natijasi sifatida tashkil etilgan kasb-hunar maktablari qatori tashkil etilgan tumanimizdagi 2-sonli kasb-hunar maktabi kelgusida ularning kasb-korli boʻlib, el-yurtimizga halol xizmat qilishiga zamin yaratadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazir Mahkamasining tegishli Qaroriga muvofiq 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab kasb-hunar maktablari oʻquvchilari bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida stipendiya hamda 3 mahal issiq ovqat bilan taʼminlanishi nazarda tutilgan. Kelajakda bu gʻamxoʻrliklar tumanimizdagi 2-sonli kasb-hunar maktabida ham oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatadi. Koʻplab yoshlarning hayotda oʻz oʻrinlarini topshiga xizmat qiladi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶