OROL YaNA QAYTADI!
Orol dengizi oʻz vaqtida dunyoda kattaligi jihatdan 4-oʻrinda turuvchi koʻl hisoblanardi. Yaqin oʻtmishda uning maydoni orollar bilan birga deyarli 68 ming kv.km.ni, suvining hajmi 1000 kub. km.ni tashkil etgan. Oʻrtacha chuqurligi 50,5 metr atrofida boʻlgan. Uning Shimoliy qismi Qozogʻistonga, janubiy qismi Oʻzbekistonga qarashli. Ayni paytda dengiz oʻrnida umumiy maydoni 5 million gektarni tashkil etadigan Orolqum choʻli hosil boʻlgan. Uning 3 million gektari Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan.
Orolqumdan yiliga yuzlab million tonna chang-toʻzon koʻtarilmoqda. Orol fojiasi oqibatida aholi oʻrtasida yurak-qon tomir, oshqozon-ichak kasalliklari koʻpayib, ularni davolash qiyinlashmoqda. 2018-yilning may oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatlariga tumanday boʻlib yopirilgan, boʻron bilan uchib kelgan qumlar Orol dengizining oppoq tuzlari bilan aralashib shaharlarni, qishloqlarni, bogʻlarni, oʻtloqlarni, dalalarni, uylarni, xullas hamma narsalarning ustini oppoq qorday qoplab oldi. Qurigan dengiz tubidan 75 million tonna chang koʻtarilib, kengligi 40 km. uzunligi 400 km. masofadagi hududga yogʻilayapti. Bu chang Tyanshan va Pomir togʻlari choʻqqilarigacha yetib borib, ulardagi muzlarning erishini tezlashtirib yubormoqda. Ana shu tuzni bartaraf etib, sahroni dengizga aylantirish uchun har xil takliflar, tavsiyalar, vaʼdalar, mablagʻlardan suv chiqarish mumkin boʻlganda Orol dengizi allaqachon toʻlgan boʻlar edi.
Bugungi kunga kelib, balandparvoz gaplardan voz kechilib, Orol dengizi hududida davlatimiz tomonidan amaliy chora-tadbirlar qoʻllanilmoqda. 2019-yilda Orol dengizi hududida 500 ming gektar himoya oʻrmonlari barpo etildi. Artezian quduqlar kovlanib, suv chiqarilib, suv havzalari barpo qilindi. Mazkur yilda ham saksovul koʻchatlari oʻtqazilib himoya oʻrmonlari maydoni kengaytirilmoqda. Bu tadbirlar natijasida Orol boʻyida ekologik holatni barqarorlashtirish mumkin.
Tarixiy manbalarda Orol dengizining oʻz oʻtmishida bir necha marta qurib, yana oʻz oʻzaniga qaytganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Shunga tayangan holda yaxshi niyat bilan Orol dengizi yana toʻlib-toshadi, deb umid qilamiz.
Mastura Avazimbetova,
29-sonli maktab geografiya fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶