RUSTAM ROʻZMETOV “MAHALLA IFTIXORI” KOʻKRAK NIShONI BILAN TAQDIRLANDI
Amudaryo tumani nafaqat Qoraqalpogʻiston, balki, Oʻzbekiston Respublikasi miqyosidagi ilgʻor tumanlardan biri hisoblanadi. Mustaqillik yillarida bu tumanda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼrifiy sohalar rivojiga katta eʼtibor berildi. Oʻtgan davr maboynida tumanda aholining turmush sharoiti tubdan yaxshilandi, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligi taʼminlanib, milliy va maʼnaviy qadriyatlarimiz rivoj topdi.
Tuman davlat organlarida, jamoat tashkilotlarida bir necha yillar mehnat qilgan Rustam Roʻzmetov ham oʻzining samarali faoliyati bilan yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan fidoyi insonlardan biri ekanligini koʻpchilik yaxshi biladi.
Rustam Roʻzmetov mehnat faoliyatining ilk yillarida tumanimizdagi 30-sonli maktabda oʻqituvchi, keyinchalik tuman ijroiya qoʻmitasi konsultanti, targʻibot tashviqot boʻlimi mudiri oʻrinbosari, tashkiliy boʻlim mudiri vazifalarida faoliyat yuritdi.
1991-1996-yillarda OʻzXDP Amudaryo tumani Kengashi kotibi, birinchi kotibi, 1996-2004-yillarda tuman hokimining ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari, hokimning birinchi oʻrinbosari – shahar hokimi, tuman hokimining ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida fidoyilik bilan mehnat qilib, tumanimiz rivojiga munosib hiss qoʻshdi.
Rustam Roʻzmetov ayniqsa “Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman boʻlinmasi raisi lavozimida ishlagan paytlarida (2004-2017-yillar) oʻzining faolligi va ishbilarmonligi bilan elga tanildi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, mahallani aholiga chinakam xizmat koʻrsatuvchi xalqchil tuzilmaga aylantirishga munosib hissa qoʻshdi.
Qator yillar maboynida tumanda uning rahbarligida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining faoliyatini yaxshilash va muvofiqlashtirish, aholi oʻrtasida madaniy-maʼrifiy ishlarni tizimli ravishda amalga oshirish, milliy va maʼnaviy qadriyatlarni izchil targʻib qilish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga koʻmaklashish kabi muhim ahamiyatga molik koʻplab tadbirlar oʻtkazildi.
Uning saʼy-harakatlari bilan tumandagi 47 ta fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi va 5 ta fuqarolar yigʻinlari binolari joriy taʼmirlandi. U har bir mahallada Vatanni ulugʻlash, mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlarni targʻib qilish, kichik biznesni rivojlantirish, aholining turmush tarzini yaxshilash, Qonunlar ijrosini taʼminlash va mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan 3000 dan ziyod tadbirlar oʻtkazishga erishdi.
Rustam Roʻzmetovning tashabbusi bilan “Mahalla” fondi va homiylar tomonidan 1440 nafar kam taʼminlangan oilalar farzandlari bepul yozgi dam olish oromgohlariga yuborildi, 14 ta kam taʼminlangan oilaga qoramol olib berildi va yana koʻplab xayr-sahovat ishlari amalga oshirildi.
Fidoyi inson R.Roʻzmetov bugungi kunda pensiyada boʻlsa ham Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarga – shogirdlariga oʻz tajribalari asosida doimo maslahatlar berib kelayapti.
Yaqinda fidoyi inson Rustam Roʻzmetovga Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi tomonidan “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni berilganligi haqidagi xushxabar nafaqat uning shogirdlarini, balki, uni tanigan barcha yurtdoshlarining qalblariga quvonch bagʻishladi.
A.JUMANIYoZOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶