OTANG – MAHALLA, ONANG – MAHALLA
Xalqimiz orasida bu ibora koʻp ishlatiladi. Boisi, azal-azaldan xalqimiz farzand tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratib, bunga nafaqat ota-ona va oila balki atrofdagilar, yaʼni mahalla-koʻy, butun bir qishloq masʼul sanalgan. Biror-bir nomaqbul ish qilgan bolani begona deb qaramasdan mahalladagi yoshi ulugʻ insonlar pand-nasihat bilan toʻgʻri yoʻlga solishga harakat qilganlar.
– Mahalla – jamiyatning yuzi, – deydi “Chordara” MFY raisi Tursunboy Serikboyev. – Har bir oilaning yashash tarzi, moddiy ahvoli, turmush tarzini mahalladagi qoʻni-qoʻshnilar biladi. Yaxshi-yomon kunlar mahalla ahli bilan oʻtadi. Bu esa oilalarning bir jamoaga birlashishida, ularda ahillik, hamdardlik kabi tuygʻular mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi mahalla – hududni obodonlashtirish, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish, fuqarolar bandligini taʼminlash, aholini tadbirkorlikka jalb etish va uni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish kabilarning amalga oshishida ham muhim oʻrin tutmoqda.
– Bu vazifalarni fuqarolar yigʻinidagi xodimlarning faqat oʻzlari uddalashlari oson emas, – deydi mahalla kotibi Javdat Aqmanov. – Yigʻin qoshida turli yoʻnalishlar boʻyicha komissiyalar tuzilgan. Ularning masʼullari, yaʼni maslahatchilarimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.
Mazkur fuqarolar yigʻinidagi jamoatchilik komissiyalari faoliyati samarali tashkil etilgan. Komissiya aʼzolari tomonidan toʻylar va maʼrakalarni ixchamlashtirish, hududda huquqbuzarlik sodir qilinishining oldini olish, yoshlar tarbiyasini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish borasida ham tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aholiga tomorqalardan unumli foydalanish, yashash joylari atroflarini obodonlashtirish, kommunal toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash kabilar boʻyicha maslahat va tavsiyalar berilmoqda.
Taʼlim muassasalari tomonidan ham mahalla bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yigʻin qoshidagi tegishli komissiya aʼzolari dars qoldirayotgan oʻquvchilarning ota-onalari bilan suhbat oʻtkazadilar. Oʻqituvchilar bilan birgalikda ularning oilaviy muhiti oʻrganiladi.
“Otang – mahalla, onang – mahalla” degan xalqimizning hikmatli iborasida juda katta maʼno bor. Mahalla tizimi aholiga eng yaqin koʻmakchi va tayanch boʻlmogʻi kerak. Davlatimiz rahbari ham “Mahalla xalq bilan davlat oʻrtasida koʻprik boʻlishi kerak. Odamlarning quvonch-u tashvishidan doimo xabardor boʻlish mahallaning asosiy vazifasidir”, – deya bejiz taʼkidlab oʻtmagan.
Xalqning birdamligi va hamjihatligini taʼminlash, oilalar ahvolidan boxabar boʻlib, quvonch-u tashvishini baham koʻrish mahallaning asosiy vazifasidir.
O.XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶