HAShAR TUFAYLI ChOR-ATROF OBOD, KOʻNGILLAR ShOD BOʻLDI
Xalqimizda orastalik, uy-joyni, chor-atrofni toza tutish, did bilan koʻchatlar oʻtqazib, yashil daraxtlarni koʻpaytirishga harakat qilish azaliy odatlardan sanaladi. Sarishtali uy – farishtali uy, degan naql bejizga aytilmagan. Qachonki ozoda, shinam koʻchadan oʻtsak, xonadonga kirsak, bahri-dilimiz ochilib ketishi ham shundan!
Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan mart-aprel obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish oylari, deb belgilanishiga muvofiq, butun mamlakatimizda boʻlgani kabi tumanimizda ham chor-atrofni koʻkalamzorlashtirish ishlari qizgʻin davom etayapti.
Ayniqsa, bu harakat 11-12-mart kunlarida boʻlib oʻtgan umumxalq xayriya hasharida qizgʻin tus oldi.
Ikki kunlik hashar davomida 178638 nafar kishilar ishtirok etdilar. Ularning saʼy-harakatlari bilan tuman boʻyicha 217 gektar maydonda obodonlashtirish ishlari olib borildi, 364 tonna maishiy chiqindilar chiqarib tashlandi, 143 kilometrlik ariq va zovurlar tozalandi, 45 ta qabristonlar oʻt-oʻlanlardan tozalanib, obodonlashtirildi.
Shuningdek, 50226 tup manzarali daraxt koʻchatlari, 31648 tup mevali daraxtlar, 32979 tup gul koʻchatlari oʻtqazildi. Yoʻllar boʻylaridagi, koʻchalar, korxona, tashkilotlar hududlaridagi mavjud daraxtlarga shakl berilib, ohaklandi, chor-atrof supurib, tozalandi.

Amalga oshirilgan bu ishlar hududlarning sanitariya holatini yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan milliy anʼanalari bardavomligini taʼminlashga xizmat qilishi bilan juda ahamiyatlidir. Chunki xalqimiz qadim-qadimdan yaxshi kunlarni, hayit, bayramlarni alohida tadorik koʻrib, kutib olishgan. Bunda ozodalik, saranjom-sarishtalikka alohida eʼtibor qaratishgan. Boʻlib oʻtgan hashar tufayli chor-atrof obod, koʻngillar shod boʻldi, oʻzgacha fayz kirgan yurtimizda asl milliy bayramimiz – Navroʻzi olam tantanalari boshlanib ketdi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶