TOTUVLIK TAFTIDAN MUNAVVAR XONADON
Totuvlik – millatlarni bir-biriga qon-qardosh, koʻngillarni payvasta qilguvchi tuygʻu. Totuvlik bor joyda qut-baraka, fayz, tinchlik va ahillik, mehr-oqibat, taraqqiyot boʻladi.
Aholisining koʻpchilik qismi turkman millatiga mansub insonlar boʻlgan Amir Temur nomli ovulda har gal boʻlganimda ana shular haqida oʻylayman. Va beixtiyor Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning: "Oʻzbekistonning boyliklari juda koʻp. Lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo doʻstlikdir”, – degan purmaʼno soʻzlarini eslayman. Nazarimda ulugʻ Yurtboshimizning bu fikrlari aynan Amir Temur nomli ovulning biri-birini koʻz qiymas, oralaridan qil oʻtmas, ahil-inoq aholisiga qarata aytilganday.
Ovulning "Mehnatkash” mahallasining oʻzida 832 nafardan ortiq turkman millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. 105 ta xonadonga birikkan 150 dan ziyod oilalarning aksariyati yoshlar oilasi.
– Turkman oilalarida farzandlar tarbiyasiga alohida eʼtibor bilan qarashadi, – deydi Amir Temur nomli OFYning diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisi Zulfiya opa Yoʻldosheva. – Ayniqsa, qiz bolalarni juda yoshligidan hayotga tayyorlashadi. Ularning bichish, tikish, gilam toʻqish, ust kiyimlarni yoʻrma naqshlar bilan bezash, pazandalik sanʼatini puxta egallashlari shart hisoblanadi.
Zulfiya opaning soʻzlari isbotini biz ovulning "Mehnatkash” mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Tirkash ogʻa Amanov va Oʻgʻilgul eje Jumashevalar oilasida koʻrdik.
"Mehnatkash” mahallasida, oddiy dehqon oilasida tugʻilib-oʻsgan, to nafaqaga chiqquniga qadar tumanning agrar sohasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan, goh paxtachilik brigadasi boshligʻi, goh ziroatchi dehqon sifatida umrini mehnat maydonlarida oʻtkazgan Tirkash ogʻa va Oʻgʻilgul eje biri-biridan aqlli, mehnatsevar farzandlarni tarbiyalab, elga qoʻshishdi. Oʻgʻillari Durdimurod, Bobomurod, kelinlari Oʻgʻilgarak va Shakarjon, qizlari Oʻgʻiljamol hamda Jannatxonlarning biri tadbirkor, biri oʻqituvchi – barchasi el koriga kamarbasta, oʻzlaridan tinib, baxtli oila sohib va sohibalari boʻlishgan.
Navroʻz bayrami arafasida Tirkash ogʻa xonadonida boʻlganimizda "oʻng boʻlsin” marosimi oʻtkazilayotgan ekan. Xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy urf-odatlari, betakror udumlari juda koʻp. Ayniqsa, turkman xonadonidagi "oʻng boʻlsin” marosimi oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Amir Temur nomli ovulda barpo etilgan uch xonali namunali uylardan biriga koʻchib oʻtgan oila aʼzolarining quvonchi cheksiz. Oila bekasi Oʻgʻilgul eje kelinlari va qizlari bilan mehr-muhabbatini qoʻshib, sof jundan toʻqigan turkmani gilamlar jozibasidan yanada koʻrkam qiyofa kasb etgan xonadon dasturxoni atrofi yangi qoʻshni-yu qarindoshlar bilan gavjum. Oʻgʻilgul ejening aziz mehmoni boʻlgan oʻzbek, qoraqalpoq millatiga mansub yangi qoʻshnilar bir-birlarining quvonchlariga sherik.
Yangi imoratga "oʻng boʻlsin” aytib kelgan mehmonlarga Tirkash ogʻa bilan Oʻgʻilgul ejening kenja kelini ajib tavozʼe ila salom berganida, ovulning turkman oilalari farzandlariga ilm oʻrgatgan ustoz, mehnat faxriysi Bibi eje Annasanova joʻshib-joʻshib turkmancha yor-yorlar, oʻlanlar kuyladi.
Bu oʻlanlardan koʻngillar zavqqa toʻldi. Oʻzbek, turkman, qoraqalpoq millatlariga mansub yangi qoʻshnilar kelinchakka ezgu tilaklar tiladilar. Gurbangul eje Annamedova yangi kelinchakka "ish buyurdi” marosimini oʻtkazdi. Oʻn barmogʻing hunarli boʻlsin, deb urchuq, xonadoningga qut-baraka keltirgin, sariyogʻday yoqib qol deb, qatiq va sariyogʻ ushlatdi. Yangi imorat, yangi oilaga "oʻng boʻlsin”lar aytishdi. Ovulning yoshulli otaxoni Xolboy Buvajonov qoʻlini duoga ochdi.
Otaxonning tilaklari ijobat boʻlishini chin dildan tiladik. Tirkash ogʻaning biri-biridan shirin nevaralari tilidan turkmancha, oʻzbekcha yangragan sheʼrlar aydimlardan koʻngillar zavqqa toʻldi. Tumanimizdagi 25-sonli umumtaʼlim maktabida oʻquvchilarga turkman tili va adabiyoti hamda qoraqalpoq tili va adabiyotidan dars beruvchi muallima kelin Shakarjon Bayramdurdiyeva damlagan oʻzbekona palov bilan chalpak dasturxonga tortilganida toʻkin-sochinlikdan, oʻzaro mehr-oqibatdan koʻngillar nurlandi. Tirkash ogʻa bilan Oʻgʻilgul ejening kenja kelini oʻz qoʻllari bilan tikkan kelinlik sarpolarida, yangi imoratga koʻrk bagʻishlab turgan turkmani gilamlarda goʻyo olam goʻzalliklari aks etib, bu goʻzallikdan koʻngillar yashnab ketdi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶