Mast haydovchilar sud hukmi bilan avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, jarimaga tortildi
Yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini turli koʻngilsiz hodisalardan asrash masalasi davlat siyosati darajasidagi eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Ming afsuski, yaratilayotgan keng imkoniyatlar, yoʻl infratuzilmasining yaxshilanishi va zamonaviy nazorat vositalarining joriy etilishiga qaramay, hamon oramizda qoidalarni qoʻpol ravishda buzuvchi, nafaqat oʻzining, balki oʻzgalarning ham taqdiriga befarq qarovchi haydovchilar uchrab turibdi.
Ayniqsa, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda rul boshqaruviga oʻtirish – bu shunchaki qoidabuzarlik emas, balki oqibati ayanchli fojialarga olib keluvchi jinoyat bilan teng harakatdir. Ushbu noxush holatlarning oldini olish maqsadida Nukus shahri hududida yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va harakat xavfsizligini ishonchli taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng qamrovli maxsus nazorat-reyd tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Oʻtkazilgan reydlar davomida yoʻl patrul xizmati inspektorlarining sergakligi natijasida transport vositasini spirtli ichimlik isteʼmol qilgan, yaʼni mast holatda boshqarib kelayotganligi haydovchilar ham aniqlandi.
Qonunbuzar haydovchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli hujjatlar, jumladan, tibbiy tekshiruv xulosalari va maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Toʻplangan ish hujjatlari qonuniy baho berish va aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralarini qoʻllash uchun jinoyat ishlari boʻyicha Nukus shahar sudiga yuborildi.
Sud jarayonida har bir holat atroflicha va xolisona koʻrib chiqildi. Sud majlislarida taqdim etilgan dalillar, tibbiy ekspertiza xulosalari va guvohlarning koʻrsatmalari asosida haydovchilarning spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda avtomobil boshqarganligi toʻliq oʻz tasdigʻini topdi.
Sud, inson hayotini xavf ostiga qoʻyishga hech kimning haqqi yoʻqligini, qonun ustuvorligi va jazoning muqarrarligi taʼminlanishi shartligini inobatga olib, qatʼiy qarorlar qabul qildi. Unga koʻra, mast holatda rulga oʻtirgan haydovchilarning har biriga nisbatan jiddiy jazo choralari tayinlandi. Xususan, sud hukmi bilan ushbu qoidabuzarlarning har biri 3-yil muddatga barcha turdagi avtotransport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi va ularga nisbatan iqtisodiy taʼsir chorasi sifatida bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida jarima jazosi qoʻllanildi.
Kelgusi 3-yil davomida qonunbuzarlar oʻz qilmishining oqibatlarini chuqur anglab yetishi va eng muhimi, kelajakda bunday xatoga yoʻl qoʻymaslik uchun toʻgʻri xulosa chiqarishlari lozim. Sababi, spirtli ichimlik taʼsiridagi haydovchining diqqati susayadi, voqelikni real baholash qobiliyati yoʻqoladi va xavfli vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish imkoniyati cheklanadi. Bu esa gavjum shahar koʻchalarida, piyodalar va boshqa transport vositalari uchun jiddiy xavf manbai hisoblanadi.
Nukus shahar sudi tomonidan chiqarilgan ushbu qatʼiy hukmlar boshqa haydovchilar uchun ham jiddiy ogohlantirish boʻlishi lozim. Zero, yoʻl – sinov maydoni emas, unda qilingan har bir xato, ichilgan bir qultum spirtli ichimlik insonning nafaqat haydovchilik guvohnomasidan, balki erkidan, eng yomoni, hayotidan mahrum boʻlishiga olib kelishi mumkin.
Shunday ekan, yoʻllarda harakatlanayotgan har bir haydovchi masʼuliyatni his qilgan holda, “Yoʻl qoidasi – umr foydasi” tamoyiliga qatʼiy amal qilishi, oʻzi va oʻzgalar hayotiga befarq boʻlmasligi lozim. Zero, spirtli ichimlik ichish – bu baxtsizlikka ochilgan darvozadir, uni yopish esa har bir insonning oʻz qoʻlida.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶