“MEN OILAMNI PORA EVAZIGA BOQMAYMAN!” — DAVLAT XIZMATChILARI VA FUQAROLARGA TARGʻIBOT-TAShVIQOT MATERIALLARI TARQATILDI
Korruptsiya — oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi, bu illat qaysi sohada ildiz otishidan qatʼiy nazar, albatta inson omili ishtirokida sodir boʻladi. Xususan, iqtisodiy faoliyatga oʻrnatilgan turli xildagi cheklovlar, ayniqsa, amaldorlarning keng, fuqarolik nazoratidan xoli, qoʻl ostidagi xodimlariga nisbatan cheklanmagan ruxsat berish yoki taqiqlash vakolatlari poraxoʻrlikka zamin yaratadi.
Korruptsiya universal hodisa boʻlib, inson hayotining barcha jabhalarida chuqur ildiz otgan. U huquqiy-demokratik jamiyat qurish, mamlakatimizga investitsiyalarni jalb qilish va ayniqsa, aholining kambagʻal qatlamlari farovonligini oshirish borasidagi barcha ezgu saʼy-harakatlarni yoʻqqa chiqaradi. Hozirgi kunda bu illat har qanday jamiyatning asosiy ijtimoiy muammosiga aylangan.
Bu kabi salbiy holatlarning oldini olishda va korruptsiyaga qarshi kurashishda vakolatli davlat organlari bilan ommaviy axborot vositalari vakillarining oʻzaro hamkorlikda amalga oshirayotgan targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.
Amudaryo televideniyesi tahririyatining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlinmasi tomonidan moliyalashtirilgan "Korruptsiya — davlat va jamiyat taraqqiyotiga tahdid" nomli grant loyihasi doirasida loyiha koordinatorlari tumandagi davlat organlari xodimlari hamda qishloq oilaviy poliklinikalari shifokorlari bilan uchrashib, koʻrgazmali targʻibot tadbiri oʻtkazdilar.
Ushbu targʻibot tadbiri Adliya boʻlimi va Davlat xizmatlari markazi xodimlari hamda qishloq oilaviy poliklinikalari shifokorlarining korruptsiyaga qarshi kurash boʻyicha faolligini oshirish va ular bilan ehtimoliy korruptsiya va tamagirlik holatlarining oldini olishga hissa qoʻshish maqsadida tashkillashtirildi.
Tadbirda loyiha koordinatorlari tomonidan Amudaryo tuman Adliya boʻlimi va Davlat xizmatlari markazi xodimlarining xizmat xonalariga, shuningdek, qishloq oilaviy poliklinikalari shifokorlarining qabulxonalariga “Sizga xizmat qilish mening vazifam, iltimos, pora taklif qilmang!”, “Men oilamni pora evaziga boqmayman!”, “Men korruptsiyaga qarshiman!” yozuvlari tushirilgan maxsus lavhalar joylashtirildi.
Tadbir jarayonida loyiha koordinatorlari korruptsiyaning oqibatlari va unga milliy qonunchilikda belgilangan jazo turlari haqida maʼlumotlar berib, davlat xizmatchilari va shifokorlarni bu borada ogoh boʻlishga daʼvat etdilar. Shu bilan birga poraxoʻrlikka qarshi keskin va qatʼiy kurash olib borishga chaqirdilar.
Mazkur targʻibot-tashviqot tadbiri ham jamiyatimizni korruptsiya illatidan tozalashga qaratilgan umummilliy harakat doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga munosib hissa boʻlib qoʻshilishi shubhasiz.
ROBIYa YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶