JINOYaT IShLARI BOʻYIChA AMUDARYo TUMAN SUDI TOMONIDAN KORRUPTsIYaGA QARShI YIGʻILISh VA SAYYoR SUD TAShKIL ETILDI
Barcha sohalarda boʻlgani kabi sud tizimida ham korruptsiyaviy holatlarni oʻz vaqtida aniqlash, oldini olish, ularga chek qoʻyish, bu illatning oqibatlarini, shuningdek, korruptsiyaga imkon beruvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish eng muhim va dolzarb vazifa hisoblanadi.
Ayniqsa, bu jarayonda faol aholi vakillarining ishtirokini taʼminlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasizlik kayfiyatini uygʻotish korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan vaqt va natijadorlik nuqtai nazaridan ancha samarali hisoblanadi. Shu bois aholi bilan yuzma-yuz, oshkora va ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvlar, sayyor sud majlislari muhim ahamiyatga ega. Bu borada Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi tomonidan amalga oshirilayotgan sayyor sud majlislari, keng aholi qatlami ishtirokidagi huquqiy savodxonlik boʻyicha davra suhbatlari oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.
Joriy yilning 6-oktyabr kuni tuman Ichki ishlar boʻlimi binosining majlislar zalida Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudining tergov sudyasi Donaxon Yusupova raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ham korruptsiyaga qarshi kurashishda bu illatni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish, korruptsiyaviy holatlarning oldini olish va ularga chek qoʻyish, bu borada fuqarolar ongida korruptsiyaga nisbatan murosasizlik tuygʻusini shakllantirishga qaratilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yigʻilishda Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudining tergov sudyasi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ansatbay Qarajanov, Doʻstlik mahallasi hududida istiqomat qiluvchi aholi vakillari, shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar ishtirok etdilar.
Tergov sudyasi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ansatbay Qarajanov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korruptsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash boʻyicha sudlar tomonidan amalga oshirilayotgan targʻibot-tashviqot ishlari xususida batafsil soʻz yuritdi.
Shuningdek, korruptsiya davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekanligini, bu illatga qarshi kurashishda aholi va davlat xizmatchilari hamjihatlik va yakdillik bilan harakat qilishi zarurligini taʼkidlab, “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida keng tushunchalar berdi.
Sayyor sud majlisida Amudaryo tumani Ichki ishlar boʻlimi tomonidan taqdim qilingan jami 18 ta maʼmuriy ish ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida, aholi vakillari ishtirokida koʻrib chiqildi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalarida koʻrsatilgan maʼmuriy huquqbuzarlik holatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan toʻplangan maʼmuriy ish materiallari atroflicha muhokama etildi hamda huquqbuzar shaxslarga nisbatan qonunda nazarda tutilgan jazolar tayinlanib, adolatli qarorlar qabul qilindi.
Sayyor sud majlisi hamda sud muhokamasining bu kabi oshkoralik printsipi asosida oʻtkazilishi aholining odil sudlov toʻgʻrisidagi axborotga boʻlgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan muhim qadam hamda islohotlarning amaldagi natijasidir.
ROBIYa YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶