Tuman Prokuraturasi tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari kuchaytirilmoqda
Joriy yilning 5-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida Korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yigʻilishi oʻtkazilib, unda mamlakatimizni korruptsiyadan xoli hududga aylantirish, har qanday koʻrinishdagi byurokratik toʻsiqlarga barham berish boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari, shu jumladan, barcha boʻgʻinlardagi rahbarlar oldiga kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb vazifalar yuklangan edi. Unga koʻra, belgilangan vazifalar va topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida barcha sohalarda korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatining mezonlarini oʻzida mujassam etgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Ushbu “Yoʻl xaritasi” asosida prokuratura organlari tomonidan sohaga oid faoliyat muvofiqlashtirilib, keng koʻlamda nazorat tadbirlari va targʻibot-tashviqot ishlari samarali tarzda olib borilmoqda.
Amudaryo tumani prokuraturasi tomonidan ham “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan nazorat tadbirlari hamda korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari oʻtkazilib, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga yoʻnaltirilgan koʻrgazmali-amaliy tadbirlar tashkillashtirish, bu tadbirlarga keng aholi vakillari jalb etilmoqda.
Xususan, tuman prokuraturasi tomonidan ochiqlik va shaffoflik asosida oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlarida aniqlangan korruptsiyaviy holatlarga nisbatan jazoning muqarrarligini taʼminlash, poraxoʻrlik, firibgarlik, tovlamachilik va odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish maqsadida tumanning eng chekka hududlaridagi keng aholi qatlamlari oʻrtasida muntazam ravishda tushuntirish va targʻibot ishlari amalga oshirilmoqda.
20-avgust kuni Amudaryo tumani prokurori Bahrom Masharipov rahbarligida tuman elektr va gaz taʼminoti korxonalari masʼullari va ishchi-xodimlari ishtirokida korruptsiyaning oldini olish boʻyicha tashkillashtirilgan targʻibot-tashviqot tadbiri ham mazkur “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda tuman prokurori Bahrom Masharipov ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha qonun talablariga amal qilinishi holati yuzasidan olib borilgan tekshiruvlar jarayonida koʻplab qonunbuzilish holatlari uchrayotgani, bu kabi salbiy holatlarga qarshi kurashish har bir vijdonli kishining burchi ekanligini taʼkidladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mamlakatimizda manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq 344 ta holat aniqlanib, ulardan 224 tasiga jarima jazolari qoʻllanilgan. Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holatlarning asosiy qismi mahalliy hokimliklar, qishloq xoʻjaligi, yoshlar siyosati, maktabgacha va maktab taʼlimi, moliya va tibbiyot muassasalari xodimlari hisobiga toʻgʻri keladi. Bu kabi huquqbuzarliklar, afsuski, bizning tumanimizda ham yoʻq emas.
Tuman prokurori Bahrom Masharipov tadbir ishtirokchilarini jamiyat uchun jiddiy xavf tugʻdiruvchi korruptsiya illatiga qarshi yakdillik bilan kurashishga daʼvat etdi.
Shundan soʻng tadbir ishtirokchilari uchun korruptsiyaning salbiy oqibatlari haqidagi hujjatli videorolik namoyish etildi. Tadbir davomida davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, xizmat intizomi va masʼuliyatni kuchaytirish, jamoatchilik bilan hamkorlikda profilaktik ishlar olib borish, korruptsiya holatlarining oldini olish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi hamda elektr va gaz taʼminoti korxonalari rahbarlari hamda ishchi-xodimlariga zarur tushuncha va tavsiyalar berildi.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶