Amudaryo tumanida innovatsion yondashuv asosida temirchilik sohasi rivojlanmoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarish uchun soliq va bojxona imtiyozlari joriy etish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash kabi choralar mahalliy ishbilarmonlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Bu jarayonda nafaqat poytaxt yoki yirik shaharlarda, balki chekka hududlarda ham katta loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Amudaryo tumanida faoliyat olib borayotgan “Amu metal-kovka art” masʼuliyati cheklangan jamiyati misolida buni yaqqol koʻrish mumkin.
Tadbirkor Jasurbek Bobojonovning faoliyatida milliy hunarmandchilik anʼanalarining zamonaviy sanoat talablari bilan uygʻunligi aks etadi. 2002-yildan mustaqil ravishda ish boshlagan Bobojonov 2013-yilda “Jumamurod usta” oilaviy korxonasini tashkil etdi. 2022-yildan faoliyat yangi bosqichga koʻtarilib, oilaviy korxona “Amu metal-kovka art” MChJ sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi.
Bugun ushbu korxona nafaqat anʼanaviy temir mahsulotlarini ishlab chiqarish, balki innovatsion yondashuv asosida zamonaviy isitish tizimlarini tayyorlash boʻyicha ham bozorda oʻz oʻrniga ega boʻlib ulgurdi.
Korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Amu teplo” brendidagi isitish qozonlari oʻzining samaradorligi, energiya tejamkorligi va foydalanishdagi xavfsizligi bilan ajralib turadi. Ular tabiiy gaz va qattiq yoqilgʻida ishlaydi, shuningdek, boshqa qozonlarga nisbatan 5–6 baravar arzonroq xarajatni talab etadi.
Masalan, bitta xonadon yoki issiqxonani kamida 30–50 kilogramm koʻmir bilan butun sutka davomida isitish mumkin. Bu nafaqat iqtisodiy jihatdan maqbul, balki ekologik talablarga ham mos yechim hisoblanadi. Qozon eshiklarining suv, chang va havodan himoyalanganligi, tutunni tashqi muhitga chiqarmasligi uning xavfsiz foydalanishini taʼminlaydi.
Ayni paytda “Amu teplo” isitish qozonlari nafaqat Amudaryo tumanida, balki Nukus, Qoʻngʻirot, Toʻrtkoʻl kabi tuman va shaharlarda ham xaridorgir mahsulotga aylandi. Shu bilan birga, korxonada temir eshik va darvozalar, milliy uslubdagi dekorativ temir mahsulotlar ham buyurtma asosida tayyorlanmoqda. Mijoz ehtiyojlariga mos individual yondashuv mahsulotning raqobatbardoshligini oshirmoqda.
Jasurbek Bobojonov rahbarligidagi jamiyatda 10 nafar doimiy ishchi, bir nechta mavsumiy xodim va bir necha nafar shogird faoliyat yuritmoqda. Korxona nafaqat iqtisodiy foyda keltirmoqda, balki hududiy ijtimoiy barqarorlikka ham hissa qoʻshmoqda. Yoshlarni kasbga oʻrgatish, ularga mehnat madaniyatini singdirish orqali kelajak avlodda hunar orqali hayot qurish tushunchasi shakllantirilmoqda.
Davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlarni toʻgʻri baholab, rejali va oqilona faoliyat yuritgan holda har bir tadbirkor, hatto chekka hududda ham, nafaqat oʻz turmush sharoitini yaxshilashi, balki hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qoʻsha olishi mumkin.
Jasurbek Bobojonovning tajribasi hozirgi zamon tadbirkoridan faqat mehnat va tashabbus emas, balki doimiy izlanish, texnologik savodxonlik talab qilishini koʻrsatadi. Chunki muvaffaqiyatli tadbirkor — bu faqat daromad manbai emas, balki jamiyatda ijobiy oʻzgarishlar yetakchisi hamdir.
Shohzod Qurbonboyev.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶