Ishonch va intilish — muvaffaqiyat kaliti
Inson kun kelib, kim boʻlishini, qaysi yoʻnalishda rivojlanishini, qanday orzu-maqsadlarga intilishini anglaydi. Bu — insonni shakllantiradigan, uning kelajakdagi yoʻlini belgilab beradigan muhim bosqich. Men tumandagi 40-sonli maktabni tugatish arafasida bu haqda koʻp oʻylaganman. Bugungi kunda esa Janubiy Koreyadagi Sejong universitetida iqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha tahsil olmoqdaman.
Maktab davrida til oʻrganishga katta qiziqishim bor edi. Ayniqsa, rus va ingliz tillari meni juda oʻziga jalb qilgan. Bu tillar orqali jahon bilan muloqot qilish, yangi bilimlar olish imkoniyati ilhom bagʻishlardi. Oʻshanda oʻqituvchi yoki tarjimon boʻlishni orzu qilardim.
Vaqt oʻtishi bilan aniq fanlarga, ayniqsa matematikaga boʻlgan qiziqishim ortib bordi. Matematika va iqtisodiyot sohalarida ingliz tili katta oʻrin tutadi. Ana shu omillar mening keyingi tanlovimni belgilab berdi.
Hozirda Sejong universitetida 3-bosqich talabasiman. Bu universitetda taʼlim sifati juda yuqori. Biz oʻz sohasining yetuk mutaxassislaridan, dunyo miqyosidagi professorlardan dars olamiz. Talabalar uchun dars jadvalini mustaqil tuzish imkoni berilgan. Ammo bu erkinlikda juda kaktta masʼuliyat bor. Har bir fan boʻyicha vaqtida bilim olish va topshiriqlarni bajarish talab etiladi. Universitetdagi raqobat muhiti esa har bir talabani oʻz ustida tinmay ishlashga undaydi. Har semestrdagi baholar asosida grant ajratilishi taʼlimga jiddiy yondashishga sabab boʻladi.
Koreyadagi hayotim juda mazmunli oʻtmoqda. Darsdan tashqari vaqtimni asosan kutubxonada oʻtkazaman, bu yerda oʻqish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Mahalliy aholi bilan muloqotda ozroq qiyinchilik boʻlgan, chunki koreys tilini yetarlicha bilmasdim.
Aynan Sejong universitetidagi taʼlim muhiti menga kelajakda qaysi yoʻnalishda faoliyat yuritishim kerakligini tushunishga yordam berdi. Katta kompaniyalarda moliya yoki marketing sohasida ishlashni maqsad qilganman.
Xorijda oʻqish imkoniyatlari bugungi kunda koʻp. Internet tarmogʻida juda yaxshi manbalar bor, shuningdek, yaxshi faoliyat yuritayotgan konsalting agentliklar ham yoʻnalish berishi mumkin. Ammo shuni unutmangki, talabalikka qabul qilingandan keyingi jarayon oson boʻlmaydi. Bu yoʻlda jiddiy mehnat, vaqtini toʻgʻri taqsimlash va moliyaviy barqarorlik kerak boʻladi.
Shaxsan meni oilam hamisha qoʻllab-quvvatlab kelgan. Moliyaviy jihatdan imkoniyati cheklangan talabalar uchun 100 foizlik grant taklif etuvchi universitetlar ham mavjud. Eng muhimi — oʻzingizga ishoning va har kuni kichk qadam boʻlsa-da, maqsad sari harakat qiling.
Bakalavr bosqichini yakunlagach, Koreyada oʻz soham boʻyicha tajriba orttirishni, soʻng magistraturada tahsilni davom ettirishni niyat qilganman. Bundan keyin Koreya kompaniyalarida ishlab, keyinroq Vatanimga qaytib, toʻplagan bilim va tajribamni yurtim taraqqiyotiga bagʻishlamoqchiman.
Fursatdan foydalanib, barcha yoshlarni, ayniqsa, Amudaryo tumanining bilimga chanqoq yoshlarini Yoshlar kuni bilan tabriklayman. Maktab davrida yaxshi oʻqing. Xorijiy tillarni oʻzlashtiring. Bu davr — oʻqib, oʻrganish davri. Har bir yosh zamonaviy texnologiyalarni tushunishi, kelajak kasblariga oid bilimlarni egallashi zarur. Eng muhimi — xalqaro darajada bilim olib, yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilish yoʻlidagi intilishingiz soʻnmasin.
Hayotda eng katta motivatsiya — oʻzingizga ishonish va orzu sari dadil qadam tashlashdir. Maqsadingiz aniq boʻlsa, yoʻl ham topiladi!
Mavjuda Oʻtamurodova, Janubiy Koreaning Sejong universiteti talabasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶