Yozgi taʼtil oʻquvchilar salohiyatini rivojlantirish davriga aylanadi
2025-yil 15-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida yozgi taʼtil davrida maktablar avvalgidek yopilmasligi, balki faoliyatini foydali va mazmunli shakllarda davom ettirishi belgilanib, muhim topshiriqlar berildi.
Endilikda maktablar yozgi taʼtil vaqtida bolalarning shunchaki hordiq chiqarish joyi emas, balki ularga foydali bilimlar, kasb-hunar koʻnikmalari beriladigan, sport, madaniyat va sanʼat orqali rivojlanadigan, intellektual salohiyati mustahkamlanadigan markazlarga aylantiriladi.
Prezident topshirigʻiga koʻra, taʼtil davrida maktablarning sport maydonchalari va oʻquv xonalaridan unumli foydalanish, yoshlar uchun fan, sport va kasb-hunar toʻgaraklarini tashkil etish vazifasi belgilandi. Bu orqali oʻquvchilar taʼtilda ham maktab bilan uzviy aloqada boʻlib, salohiyatini rivojlantiradi.
Yozgi davrda yoshlar uchun xavfsizlik ham ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Xususan, sunʼiy va tabiiy suv havzalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy amal qilish vazifasi belgilab berildi.
Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 12-sonli umumtaʼlim maktabida ham yozgi taʼtil davomida oʻquvchi va uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
Jumladan, maktabning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari tashabbusi bilan “Harakat – salomatlik asosi” shiori ostida “Kim tezroq yuguradi?”, “Toʻpni belgilangan joyga olib bor” kabi sport musobaqalarini oʻtkazish, erkin mavzu boʻyicha rasmlar tanlovi, voleybol va futbol musobaqalari, “Sportchilar paradi” tadbiri hamda mas-restling (mas-wrestling) sport turi boʻyicha bellashuvlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Maktabimizda oʻquvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, xususan, 2 ta sport zali voleybol, basketbol va kurash sport turlari bilan shugʻullanishga moslashtirilgan. Ayniqsa, sportning kurash turi boʻyicha tashkil etilgan toʻgarak samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Mashgʻulotlar haftaning toq kunlarida oʻtkaziladi va unda sportga ishtiyoqmand 25 nafar oʻquvchi muntazam qatnashib, jismoniy tayyorgarliklarini oshirmoqda.
Oʻquvchilarimizning sportdagi faol ishtiroki va yutuqlari eʼtiborga loyiq. Xususan, “Umid nihollari – 2025” musobaqalarida sportning kurash turi boʻyicha 9-sinf oʻquvchilari Hidoyat Qurbonboyev va Asilbek Jumaboyevlar tuman bosqichida 1-oʻrinni egallab, keyingi bosqichda ham munosib ishtirok etdilar. Bu kabi yutuqlar maktabimizda sportga boʻlgan qiziqish va unga yaratilgan shart-sharoitlar samarasi ekanini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, 11-sinf oʻquvchisi Bekzod Rahimboyev “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan shashka musobaqasida 17 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida tuman bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, keyingi bosqichda ham munosib ishtirok etdi.
Yozgi taʼtil — bu faqatgina dam olish emas, balki oʻquvchilarning oʻsishi, rivojlanishi va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun muhim davrdir. Ushbu jarayon maktabda taʼlim-tarbiyaning uzluksizligini taʼminlash bilan birga, yosh avlodning kelajakda barkamol shaxs sifatida shakllanishiga asos boʻlib xizmat qiladi.
Sanjar Eshimov, maktabning oliy toifali jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶