Xalq farovonligiga raxna soluvçi illat
Demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan, fuqarolik jamiyati asoslari mustahkamlanayotgan bugungi davrda korruptsiya kabi illatning mavjudligi faqat aholining davlat organlariga işonçini susaytiribgina qolmay, balki siyosiy, iqtisodiy va huquqiy tizimlarga jiddiy tahdid soladi. Davlat xizmatçilari tomonidan poraxörlik va mansab vakolatlaridan suiisteʼmol qiliş oqibatida hokimiyatning obrösiga putur yetadi, davlat tizimi zaiflaşadi va jamoatçilikda norozilik kayfiyati ortişiga sabab böladi.
“Korruptsiya” atamasi lotinça “corruptio” — “buziş”, “pora evaziga oğdiriş” maʼnolarini anglatadi. Yuridik jihatdan esa — mansabdor şaxslar tomonidan öz manfaati yölida vakolatlardan noqonuniy foydalaniş orqali amalga oşiriladigan jinoiy faoliyat sifatida talqin qilinadi. Bu jinoyat turi köp hollarda yaşirin xususiyatga ega bölib, xufiyona iqtisodiyotning asosiy körinişlaridan biri sanaladi.
Korruptsiya faqat davlat amaldorlari tomonidan emas, balki davlat taşkilotlarida işlamaydigan şaxslar iştirokida ham sodir etilişi mumkin. U nafaqat pul, balki mol-mulk, xizmat, imtiyoz yoki boşqa moddiy neʼmatlar orqali ham amalga oşiriladi.
Huquqni muhofaza qiluvçi organlar maʼlumotlariga köra, 2024-yil yakunlariga doir ijtimoiy tarmoqlar orqali “Qoraqalpoğistonda qaysi sohalarda korruptsiya köproq kuzatiladi?” mavzusida sörovnoma ötkazilgan. Unda respondentlarning 52 foizi soğliqni saqlaş tizimini eng korruptsiyalaşgan soha deb topdi. Bu holat şifokorlar xizmatidan qonuniy emas, “mukofot” evaziga foydalaniş holatlari keng tarqalganini körsatadi.
Oliy taʼlim muassasalari 34 foiz bilan ikkinçi örinni, xalq taʼlimi tizimi 24 foiz bilan uçinçi örinni egalladi. Huquqni muhofaza qiluvçi organlar 23 foiz, bank-moliya sohasi 22 foiz, maktabgaça taʼlim tizimi esa 18 foiz natija qayd etdi.
Bu körsatkiçlar fuqarolar köproq murojaat qiladigan, davlat xizmatlari keng qamrovli bölgan sohalarda şaffoflik yetişmasligini, halollik va qonunga rioya qiliş tamoyillarining buzilayotganini anglatadi. Bu esa aholining davlat organlariga işonçini pasaytiradi, huquqiy madaniyat tanazzuliga olib keladi. Şu bois, uşbu sohalarda samarali nazorat mexanizmlarini joriy etiş, aholining huquqiy xabardorligini oşiriş va jamoatçilik nazoratini kuçaytiriş zarur.
Korruptsiya tarqalişiga olib keluvçi asosiy omillardan biri — davlat xizmati tizimining samarasiz taşkil etilganidir. Şuningdek, nazorat va javobgarlik mexanizmlarining sustligi, mansabdor şaxslarda şaxsiy masʼuliyat hissining yetişmasligi, aholining huquqiy savodxonligining pastligi ham bu illatga zamin yaratadi. Bunday şaroitda korruptsiya “ilojsiz odat” sifatida qabul qilina boşlaydi, qonun ustuvorligiga putur yetadi, davlat va fuqaro örtasidagi işonçsizlik ortib, ijtimoiy adolat va investitsion muhitga salbiy taʼsir körsata boşlaydi.
Özbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarşi kuraş davlat siyosati darajasida olib borilmoqda. Jinoyat Kodeksida bu yönalişdagi jinoyatlar uçun javobgarlik belgilangan. Biroq jazodan köra uning oldini oliş — yaʼni profilaktik çoralar köriş samaraliroq hisoblanadi.
Bundan taşqari, davlat xizmatlarini raqamlaştiriş, oçiqlikni taʼminlaş, aholi huquqiy savodxonligini oşiriş, jamoatçilik nazoratini kuçaytiriş kabi çoralar ham muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolar fikrini şakllantiriş, faol iştirokni taʼminlaş mumkin.
Xulosa qilib aytganda, korruptsiyaga qarşi kuraş faqat huquqni muhofaza qiluvçi organlarning emas, balki butun jamiyatning, har bir fuqaroning faol va masʼuliyatli iştirokiga boğliq. Fuqarolar öz huquq va burçlarini bilişi, halollik tamoyillariga sodiq bölişi lozim. Zero, faqat korruptsiyani yengiş orqali xalqning davlatga bölgan işonçi mustahkamlanadi va haqiqiy fuqarolik jamiyati poydevori yaratiladi.
Şohzod Qurbonboyev tayyorladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶