Ogoh boʻling: telefon!
Azimjon sinfda eng aʼlochi va odobli bola edi. Ustozlari uni hamisha boshqa oʻquvchilarga namuna qilib koʻrsatishar, hatto uning kelajagi porloq boʻlishini “bashorat” ham qilishardi.
Bir kuni u sinfga qoʻlida eng soʻnggi rusumdagi telefonni koʻtarib keldi-yu, shu kundan eʼtiboran oʻzgarib qoldi. Hech kimga qoʻshilmaydigan, sinfdoshlari biron narsa soʻrashsa, eʼtibor qilmaydigan boʻldi. Hatto dars vaqtida ham kitobining bir sahifasini ochib, yashirincha telefonda allaqanday oʻyinlar oʻynash bilan mashgʻul boʻlib oʻtiradigan odat chiqardi. Oqibatda borib-borib oʻrtamiyona oʻzlashtiradigan oʻquvchilar qatoriga tushib qoldi.
U bir kuni maktabga koʻzoynak taqib keldi. Shifokorlar: “koʻz nuring pasayib ketibdi, koʻzoynak taqmasang boʻlmaydi, sinfdagi oʻrningni oldingi partaga koʻchir”, deyishibdi.
Ustozi Azimjonga telefondan uzoqlashishni, hozir eng muhimi ilm olish ekanini taʼkidladi.
– Vaqt-bevaqt telefon orqali ijtimoiy tarmoqlardagi bemaʼni videolar va foydasiz oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgandan koʻra kitob oʻqib, darslarni puxta oʻzlashtirish hamma narsadan muhim va foydali, – dedi ustoz.
Toʻgʻri-da, hayotimizning asosiy qismi maktabda, ustozlar davrasida oʻtadi. Hatto oilamiz davrasida ham biz uchun bunchalik koʻp tarbiyaviy soatlar ajratilmaydi. Ustozlarimiz esa fidoyi, bilim olishimiz uchun sharoitlar mukammal.
Bizning esa ana shu sharoitlardan unumli foydalanib, chuqur bilim olishdan boshqa masʼuliyatli ishimiz yoʻq.
Azimjon esa telefondagi oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgani bois, darslarni oʻzlashtirishda sinfdoshlaridan orqada qolib ketganini juda kech tushundi va ustoziga qoʻshimcha darslarga qatnashish orqali xatosini toʻgʻrilashga soʻz berdi. Ammo uning yoʻqotilgan vaqti va ancha pasayib ketgan koʻz nurini qayta tiklashning iloji bormikan?
Qunduzoy Toʻliboyeva 71-maktab oʻquvchisi.
***
Telefonga qaramlikning 5 ta ENG YoMON OQIBATI
1. Koʻz nurining pasayishi – Telefon ekraniga uzoq vaqt tikilish koʻz charchashi, koʻrish qobiliyati pasayishi va hatto koʻzoynak taqish zaruratini keltirib chiqaradi.
2. Bilim olishga taʼsiri – Telefondan uzoq vaqt foydalanish oʻquvchi diqqatini chalgʻitib, darslarni puxta oʻzlashtirishga toʻsqinlik qiladi, oqibatda oʻquv natijalari pasayib ketadi.
3. Ruhiy va jismoniy sogʻliqqa taʼsiri – Telefonga qaramlik stress, xavotir va uyqusizlikka sabab boʻlishi mumkin. Shuningdek, harakatsizlikka olib kelib, ortiqcha vazn yoki salomatlik bilan bogʻliq boshqa muammolarga sabab boʻladi.
4. Ijtimoiy munosabatlarning zaiflashishi – Telefonga qattiq bogʻlanib qolgan odam atrofidagilar bilan muloqot qilishdan uzoqlashadi, oila aʼzolari va doʻstlari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatishda qiyinchilikka duch keladi.
5. Vaqtning behuda sarflanishi – Ijtimoiy tarmoqlar va oʻyinlarga ortiqcha vaqt sarflash samarali faoliyatlardan chalgʻitadi, shaxsiy rivojlanish va foydali koʻnikmalarni egallashga xalaqit beradi.
Shu sababli telefondan meʼyorida va maqsadli foydalanish muhim!

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶