Doʻrman va Qilichboyda "Ayol – qadriyatlar davomchisi" shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi
Amudaryo tumani Oila va xotin-qizlar boʻlimi tashabbusi bilan “Oqila ayollar” harakati tashkil topganiga 2-yil toʻlganligi munosabati bilan joylarda “Ayol – qadriyatlar davomchisi” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Tumanning Doʻrman ovulida ham shu kabi tadbir tashkil qilindi.
Tadbirda ovul fuqarolar yigʻinida tashkil qilingan “Oqila ayollar” harakati aʼzolari, ovulda yashovchi faol xotin-qizlar hamda nuroniy onaxonlar ishtirok etdi.
Darhaqiqat, ayollar jamiyatning asosiy tayanchi hisoblanadi va ularning roli har bir millatning madaniy va maʼnaviy merosini saqlashda muhimdir. Ular nafaqat oila davomchilari sifatida, balki milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularni kelajak avlodlarga yetkazishda hal qiluvchi rol oʻynaydilar.
Jamiyatda ayollarning oʻrni va ahamiyati haqida gapirganda, ularning taʼlim olishi, kasbiy faoliyatda ishtirok etishi va jamiyatning turli sohalarida yetakchilik qilishi muhim ahmiyatga ega. Bu orqali ayollar oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini rivojlantirib, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qoʻshadilar.
Shuningdek, ayollarning maʼnaviy va madaniy qadriyatlarni oʻrganishi va bu qadriyatlarni yoshlarga oʻrgatishi, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashi jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun nihoyatda zarurdir. “Ayol – qadriyatlar davomchisi” shiori ostida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda soʻzga chiqqanlar shu masalada oʻz fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Aytish joizki, jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qoʻllab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar maʼnaviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, eng avvalo, yoshlarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsata oladigan obroʻ-eʼtiborli va katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan, faol va tashabbuskor ayollarning saʼy-harakatlarini birlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2022-yil 8-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Oqila ayollar” harakati toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomga koʻra harakatning asosiy vazifalari jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish, ezgu gʻoyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas anʼanalarni singdirishga qaratilgan tizimli targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish, mahallalarda oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida ota-onaning masʼuliyatini, ibratli ota-ona boʻlishning ahamiyati, maʼrifatli jamiyatni qurishda maʼrifatli onalarning rolini keng targʻib qilishdir.
Shuningdek, ayollar, ayniqsa, yosh qizlarda oilaga va Vatanga sadoqat, fidoyilik, tashabbuskorlik tuygʻularini singdirish, “odobli qiz” va “maʼrifatli ona” qiyofasini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, farzand, ayniqsa, qizlar tarbiyasi, oila, onalar maʼnaviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targʻib etish, oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish ham harakatning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
Har bir ovul va mahalladagi harakat aʼzolari ushbu vazifalar bilan birgalikda yoshlar oʻrtasida oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida boʻlish masalalarini hamda “Oila — muqaddas” tushunchasini keng targʻib qilish, xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini xalqchil tilda tushuntirish ishlariga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Tumanning Qilichboy ovulida ham shu kabi tadbir tashkil qliindi. Tadbirda hududdagi madaniyat markazi, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari hamda maktablar oʻquvchilari ijrosida Vatan, onalik va bolalik tuygʻulari, tinch va osoyishta yurtda baxtiyor yashash zavqi tarannum qilingan qoʻshiqlar kuylanib, raqslar ijro qilindi.
Koʻrgazmalarda esa ota-bobolarimizdan, momo-buvilarimizdan meros boʻlib kelayotgan qadimiy urf-odat va anʼanalarimiz aks ettirilib, yigʻilganlarga namoyish qilindi.
Yuqoridagi Nizomga asosan tuman oila va xotin-qizlar boʻlimi ham mahalla darajasida harakat faoliyatini muvofiqlashtirib, mavjud muammolarni bartaraf etish va ish samaradorligini oshirish choralarini koʻrib kelmoqda. Boʻlim masʼullari mahallalardagi vakillarga harakatni samarali tashkil etish bilan bogʻliq metodik tavsiyalar berib, mahallalardagi faol va tashabbuskor ayollar uchun oʻquv kurslari, davra suhbatlari va ijobiy tajribalarni ommalashtirish boʻyicha boshqa tadbirlarni tashkil etib kelmoqda.
Qilichboy ovulida 15 nafar faol va tashabbuskor ayollardan tashkil topgan harakat faoliyatini ham samarali deya baholash mumkin. Harakat aʼzolari mahallada “xonadonbay” manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqib, mahallada oila vakillari va xotin-qizlar oʻrtasida ochiq muloqotlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni oʻtkazishda faollik koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, harakatning asosiy vazifalari boʻyicha mahallalarda mavjud muammolarni bartaraf etish va ish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlab, tegishli joylarga taqdim qilib kelmoqda.
“Ayol – qadriyatlar davomchisi” shiori ostida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir jamiyatdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini mustahkamlash yoʻlida yana bir muhim qadam boʻldi, deyish mumkin. Bu kabi tadbirlar tumanning boshqa ovul va mahallalarida ham davom etadi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶