Yer berish orqali yoshlarning bandligi taʼminlanmoqda
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼmishlash borasida Amudaryo tumanida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qaror asosida band boʻlmagan yoshlarni ish bilan taʼminlash, qishloq xoʻjaligidagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni koʻpaytirish orqali aholi farovonligini taʼminlash yuzasidan samarali chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Amudaryolik yuzlab yoshlar qatori Oq oltin ovulida yashovchi yosh oila aʼzolari Ruslan Qozoqov hamda turmush oʻrtogʻi Marhabo Yangiboyevalarga ham yer berilib, bandligi taʼminlandi. Ovuldagi “Polvonov Rahmon” fermer xoʻjaligining eng unumdor, yaxshi hosil beradigan ekin yer maydonidan har biri 50 sotixdan, jami 1 ga yer olgan yosh oila ekin maydoniga qovun-tarvuz kabi poliz ekinlarini ekib, ayni kunlarda dalada qizgʻin mehnat qilishmoqda.
Shu oʻrinda maʼlumot tariqasida aytish joizki, tuman boʻyicha 14-30 yosh oraligʻidagi 53 ming 940 nafar yoshlar xatlovdan oʻtkazilib, “Yoshlar balansi” shakllantirilgan. Tumanda 1 ming 668 nafar ishsiz yoshning roʻyxati shakllantirilib, “Bandlik” dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur asosida 420 nafar yoshlar oʻz mutaxassisligi, qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, doimiy ishga joylashtirilgan boʻlsa, 60 nafar yoshlar kasb-hunarga oʻqitilgan. 15 nafar yoshlarga esa hunarmandchilik, tikuvchilik, durodgorlik qilishi, oʻz uyida biror mahsulot ishlab chiqarishi yoki xizmat koʻrsatishi uchun subsidiya asosida asbob-uskuna olib berilgan. Qishloq xoʻjaligidagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni koʻpaytirish, aholi, shu jumladan, yoshlar bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish maqsadida 1 ming 104 nafar yoshlarga umumiy maydoni 400 gektar boʻlgan yerlar ajratilgan. Bundan tashqari, oʻz tadbirkorligini boshlamoqchi boʻlgan 545 nafar yoshlarga xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish va boshqa sohalar uchun kreditlar ajratilgan. Shuningdek, 114 nafar yoshlar jamoat ishlariga jalb qilingan.
Jumurovul mahallasida yashovchi Shohzod Kamolov ham yer berish orqali bandligi taʼminlangan yoshlardan biri. Shohzod Prezident qarori orqali yoshlarga yer berilayotgani haqida eshitib, mahalla yoshlar yetakchisi Zafar Otaboyevga murojaat qilgan. Shohzod berilgan yerdan unumli foydalangan holda qovun, tarvuz, pomidor kabi poliz ekinlari va sabzavotlar ekib, parvarish qilmoqda.
Yoshlar manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilayotgan bu kabi samarali islohotlar kelajak egalarining hayotda oʻz oʻrinlarini topishlarida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶