TAʼLIM-TARBIYa SOHASI FIDOYISI
Qangli qishlogʻida tugʻilib-oʻsgan Tozaboy Matchonov umumtaʼlim maktabini tugatgan yiliyoq Toshkent shahriga yoʻl oldi. 1981-yilda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga oʻqishga kirgan. Tozaboy oʻqish jarayonida hamqishloqlari hayotiga oʻzgarishlar olib kirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodga Qangli qishlogʻi, Amudaryo tumani, qoʻyingki, Qoraqalpogʻiston bilan tutashib ketgan ona Yurt kengliklari, ana shu bepoyon Vatan shaʼnini yuksaltirish uchun oʻqib, bilim olish juda muhimligini anglatib yashash zarurligini chuqur idrok etdi.
U 1985-yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, ona qishlogʻidagi S.Toʻramurodov nomidagi sakkiz yillik maktabda ilk mehnat faoliyatini boshladi.
Oʻz fani asoslarini puxta egallagan yetuk pedagog kadrlar taʼlim-tarbiya sohasida hamisha qadrlanadi. Bu borada Tozaboy Matchonovning ham bilim va salohiyatidan samarali foydalanishga intilgan maktab rahbarlari koʻp boʻldi. 1989-1994-yillarda u Amudaryo tumanidagi yetakchi ilm maskanlaridan biri hisoblangan 11-sonli umumtaʼlim maktabida, keyinchalik 29-sonli maktabda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi sifatida oʻz faoliyatini davom ettirdi. Oʻquvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar taʼsirchanligini oshirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida sportga qiziquvchi yoshlarni atrofiga jamladi, kurash, shaxmat sporti toʻgaraklarini tashkil etdi. “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida qatnashgan oʻquvchilari Amudaryo tumani birinchiligida, mazkur musobaqalarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdilar. 1994-yildan hozirgi kunga qadar 29-sonli maktabda faoliyat yuritayotgan oliy toifali oʻqituvchi Tozaboy Matchonovning oʻquvchilari deyarli har yili anʼanaviy ravishda oʻtkazilib kelinayotgan “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining doimiy gʻolib va sovrindorlari safidan joy olib kelishayotganining oʻzi oddiy qishloq maktabi oʻqituvchisining oʻz sohasining yetuk mutaxassisi ekanligidan yaqqol dalolat.
Xususan, Tozaboy Matchonov rahbarligidagi oʻquvchi-yoshlar qatorasiga 3-yilki, “Umid nihollari” sport musobaqalarida sportning yengil atletika, kurash turlari boʻyicha tumanda 1-oʻrinni, Respublika miqyosida faxrli oʻrinlarni egallab kelishmoqda. 2022-2023 oʻquv yilida esa “Besh tashabbus olimpiadasi”ning parashaxmat musobaqasida ham Tozaboy Matchonovning oʻquvchilari tuman gʻolibligini qoʻlga kiritib, musobaqaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida faxrli 3-oʻrinni egallashdi.
Dono xalqimiz tilidan-tillarga koʻchib, oʻz qadri-qimmati bilan hamon yuqori tutilguvchi bir hikmat borki, ana shu hikmat Tozaboy Matchonov kabi fidoyi oʻqituvchilar shaxsiga qarata aytilganday. Yaʼni, “Ustozidan ilm olgan shogirdlari qator tursalar, ul ustoz chin ustozdir”. Shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, Tozaboy Matchonovdan “ilm olib, qator turgan” shogirdlari behisob. Xususan, ustoziga havas qilib, jismoniy tarbiya va sport sohasi fidoyilari boʻlib yetishgan shogirdlaridan Gulandom Xudoyberganova, Shohista Xudoyberganova, Goʻzal Yoʻldosheva, Javlonbek Xudoyberganov, Nigora Sultonmurodova, Nuriddin Qurbonboyev, ... yana qancha yoshlar jismoniy madaniyat mutaxassislari sifatida faoliyat yuritishmoqda. Oʻnlab shogirdlari Oʻzbekistonning turli hududlaridagi OTMlarda jismoniy madaniyat yoʻnalishi boʻyicha tahsil olishmoqda.
Tozaboy Matchonovni koʻpchilik qattiqqoʻl, qatʼiyatli oʻqituvchi sifatida hurmat qilishadi. Balki shundaydir. Katta leytenant harbiy maxsus unvoniga ega oʻqituvchi boʻlganidanmi, oʻquvchilariga oʻz fanidan qatʼiy talablar qoʻyishga odatlangan Tozaboy Matchonovning shogirdlari jismoniy madaniyat fanini oʻzlashtirishda xuddi oʻqituvchisi kabi qatʼiyatli, intiluvchan. Ishda qatʼiyat va ishonch uygʻun boʻlsa, muvaffaqiyat sari yoʻl ochilaveradi.
Tozaboy Matchonov nafaqat hamkasblari va shogirdlari, balki oʻzi istiqomat qiladigan mahallada ham hurmat-eʼtiborga munosib, oilaparvar, mehribon va madaniyatli ota sifatida umr yoʻldoshi Zamiraxon Yernazarova bilan biri-biridan oʻqimishli ikki qiz, bir oʻgʻilni kasb-korli qilib voyaga yetkazishdi. Shirin-shakar nevaralarga bobo boʻldi. Bugun uning oilasi haqiqiy ziyolilar bilan obod. Qilayotgan ezgu ishlari davlatimiz tomonidan eʼtirof etilayotgani, yuqori tashkilotlarning faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari bilan taqdirlanayotgani esa qalbiga quvonch bagʻishlaydi, ertangi kuniga ishonch uygʻotadi. “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” – umumxalq bayrami munosabati bilan oddiy qishloq maktabi oʻqituvchisi Tozaboy Matchonovning fidoyi mehnatlari davlatimiz tomonidan yana bir bor eʼtirof etilib, “Qoraqalpogʻiston xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Eʼtirof, hurmat, eʼtibor va ragʻbat – bu xalq ehtiromi, ishonchining yorqin ifodasi.
Zahiradagi katta leytenant, yuzlab yoshlarning sevimli ustozi Tozaboy Matchonov hamon postda – yosh avlod taʼlim-tarbiyasi yoʻlidagi eng masʼuliyatli, eng sharafli vazifani ado etishda hamisha sobit, hamisha qatʼiyatli. Ana shu tuygʻularga hamroh yashash esa uning ezgu aʼmoli.
Ayni paytda umrining 60 bahorini qarshilagan Tozaboy Matchanovga:
- Aslo charchamang, yana uzoq yillar yoshlar safida, masʼuliyatli va sharafli kasbingiz bilan eʼtiborda,eʼzozda yashang, 60 yoshingiz muborak boʻlsin, - deymiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶