ChET TILLARNI OʻRGANIShDA YaNA BIR QADAM
Bugungi kunda Respublikamizda chet tillarini oʻrganishga qaratilgan eʼtibor tobora oshib bormoqda. Joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahridagi A.Avloniy nomidagi XTXQTMOMI da tashkil etilgan ingliz tili trener-oʻqituvchilarini oʻqitish kurslarida maxsus oʻquv-reja dasturiga muvofiq "Chet tili oʻqituvchilarining kasbiy mahoratini oshirish boʻyicha har haftalik kurslarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom” talablari asosida oʻquv-seminari oʻtkazildi. Ushbu seminarning oʻquv reja-dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi "Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ishlab chiqildi. Ushbu dastur xorijiy til trener-oʻqituvchilarining kasbiy salohiyati va pedagogik mahoratini rivojlantirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish hamda umumtaʼlim maktablarida chet tillarini oʻqitishda zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha bilim, koʻnikma va malakalarini takomillashtirishni maqsad qilgan.
Maʼlumki, Prezidentimizning yuqoridagi qarori ijrosini taʼminlash jarayonida ingliz tilini bilish darajalarini aniqlashda Yevropa standartlari darajalari (SEFR) bosh koʻrsatkich qilib olingan edi. Unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi Vazirligi tomonidan Oʻzbekiston taʼlim standartlariga mos keluvchi ingliz tilini bilish darajalari ishlab chiqildi.
Endilikda aynan ingliz tili oʻqituvchilaridan kutilayotgan natija esa mana shu bilish darajalarining munosibini egallashgina boʻlib qolmoqda.
Mana shu talabdan kelib chiqib, A.Avloniy nomidagi XTXQTMOMI da tashkil etilgan 5 kunlik malaka oshirish seminari oʻzining birinchi bosqichida bir qancha viloyatlarga mezbonlik qildi. Jumladan, 26-30-yanvar kunlari tashkil etilgan darslarda Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tanlangan trener-oʻqituvchilari ishtirok etishdi.
Ular orasida nafaqat maʼlum yillik taʼlim mahoratiga ega boʻlgan oʻqituvchilar, balki endigina oʻqituvchilik faoliyatini boshlagan yosh mutaxassislar ham bor edi. Yosh kadrlar orasida oʻzimning ham ishtirok qilishim menda cheksiz mamnuniyat, shu bilan birgalikda ulkan masʼuliyat hissini uygʻotdi.
Darslar davomida mahoratli trenerlar tomonidan seminardan koʻzlangan maqsad boʻyicha tayyorlangan maʼruzalar tashkil qilindi. Bu biz uchun juda katta imkoniyat boʻldi. Bu imkoniyat yelkamizga bir qadar masʼuliyat ham yuklaydi. Shu bilan birga ulugʻ, kelajagi buyuk ishlarga undaydi. Til oʻrgatishdek masʼuliyatli kasbni oʻzlariga sharaf deb bilgan ustozlarimizga ulkan zafarlar hamda mustahkam kuchgʻayrat, chet tillarni chin dildan oʻrganishga bel bogʻlagan oʻquvchilarimizga esa soʻnmas ixlos tilayman.
Dilnoza QURBONOVA,
16-sonli
ixtisoslashtirilgan maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi.
(Foto - http://www.turkistonpress.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶