Taraqqiyot yoʻlida dadil qadamlar: Amudaryo tumanida keng koʻlamli islohotlar
Bugungi kunda Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar faqat rejada emas, balki real hayotda ham oʻz ifodasini topayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Hududni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, daromadlarni oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar izchil tizimli va aniq maqsadga yoʻnaltirilganligi bilan ajralib turadi.
Soʻnggi yillarda davlat siyosatida tadbirkorlikni rivojlantirish ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanib, ayniqsa hududlarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar oʻz samarasini bermoqda. Xususan, Jayhun ovuli hududida “Nukus-Dilisha” MChJ tomonidan yoʻlga qoʻyilgan un ishlab chiqarish loyihasi nafaqat yangi ishlab chiqarish quvvatini yaratdi, balki 30 nafar fuqaroning doimiy ish bilan taʼminlanishiga zamin yaratdi. Bu esa hudud iqtisodiyotini mustahkamlash bilan birga, aholi daromadlarini oshirishda ham muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Tuman iqtisodiyotining asosiy tayanch yoʻnalishlaridan biri boʻlgan qishloq xoʻjaligi sohasida ham sezilarli oʻsish kuzatilmoqda. Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida aniq choralar koʻrilmoqda. Masalan, Beshtom mahallasida “Qoraqalpoq mahsulotlari” MChJ tomonidan tashkil etilgan zamonaviy parrandachilik xoʻjaligida 40 ming bosh parranda boqilayotgani hududda oziq-ovqat taʼminotini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, baliqchilik yoʻnalishida ham Amudaryo tajribasi alohida eʼtiborga loyiq. Uyshin mahallasida “Jamoladdin Jayhun” MChJ tomonidan tashkil etilgan baliqchilik xoʻjaligida yetishtirilayotgan mahsulotlar nafaqat tuman ichki ehtiyojlarini qoplamoqda, balki qoʻshni hududlar va Xorazm viloyati bozorlariga ham yetkazib berilmoqda. Bu esa hududning iqtisodiy salohiyati tobora kengayib borayotganini koʻrsatadi.
Chorvachilik yoʻnalishida ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, Besh tom mahallasida “Mahmud Mansur Muzaffar” MChJ tomonidan tashkil etilgan 500 bosh naslli qoramolga moʻljallangan zamonaviy chorvachilik xoʻjaligi nafaqat goʻsht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga, balki yangi ish oʻrinlari yaratishga ham xizmat qilmoqda. Bu kabi loyihalar qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha belgilangan barcha prognoz koʻrsatkichlariga erishildi. 2026-yilda umumiy qiymati 545 milliard soʻmlik 26 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgani esa hudud rivojining uzoq muddatli strategiyasidan dalolat beradi. Ushbu loyihalar orqali mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi va mahsulot ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshishi koʻzda tutilgan.
Eksport yoʻnalishida erishilgan natijalar ham eʼtiborga molik. Rejalashtirilgan koʻrsatkichlardan bir necha barobar yuqori natijaga erishilgani, yaʼni qisqa muddatda 5,8 million AQSh dollaridan ortiq mahsulot eksport qilingani tuman tadbirkorlarining tashqi bozorlarda mustahkam oʻrin egallab borayotganini koʻrsatadi. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish hajmining ortayotganini, balki mahsulotlar raqobatbardoshligining ham oshayotganini anglatadi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda aholi farovonligini oshirish yoʻlidagi eng muhim yoʻnalishlardan biri — kambagʻallikni qisqartirishdir. Tumanda oʻtgan davr mobaynida bu borada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida kambagʻallik darajasi 11,4 foizdan 6,6 foizga qisqardi. Yil yakuniga qadar ushbu koʻrsatkichni 3,2 foizga tushirish rejalashtirilgan. Bu esa har bir oila bilan manzilli ishlash natijasidir.
Bandlikni taʼminlash borasida ham muhim natijalarga erishildi. Yanvar–mart oylarida 610 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan boʻlsa, amalda 830 ta ish oʻrni yaratilgan, shu bilan birga, norasmiy bandlikni qisqartirish maqsadida 693 ta ish oʻrnini rasmiylashtirish rejalashtirilgan boʻlsa, amalda 1983 ta ish oʻrni rasmiylashtirildi.
Mahalliy byudjet tushumlari ham barqaror oʻsmoqda. Yanvar–mart oylarida 32,2 mlrd soʻm tushum taʼminlash rejalashtirilgan boʻlsa, amalda 36,7 mlrd soʻm tushum tushirilib, reja 113,8 foizga bajarildi. Bu esa iqtisodiy faollik oshib borayotganini koʻrsatadi.
Qurilish va obodonlashtirish ishlari ham keng koʻlamda olib borilmoqda. 2026-yilda jami 92 ta obʼektda 240,6 mlrd soʻmlik qurilish ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Hozirda 24 ta obʼektda ishlar davom etmoqda, 6 ta obʼekt foydalanishga topshirildi.
“Yashil energetika” yoʻnalishida ham muhim qadamlar tashlanmoqda. Tumandagi 49 ta mahallada 214 ta xonadonga 2193 kVt, shuningdek, 25 ta mahallada 65 ta tadbirkorlik subʼekti tomonidan 2240 kVt quyosh panellari oʻrnatildi. Bu esa energiya tejamkorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Taʼkidlash joizki, davlat tomonidan ajratilgan 289 mlrd soʻm mablagʻ hududni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilmoqda. Jumladan, Qilichboy va Kuyuk koʻpir ovullari uchun 10 mlrd soʻm, 7 ta ogʻir mahalla uchun 24 mlrd soʻm, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun 25 mlrd soʻm ajratildi. Qishloq xoʻjaligida ham yirik tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1000 bosh qoʻy aholiga tarqatildi. “Mangʻit Oʻrtaqalʼa chorvadori” MChJ tomonidan 12 500 bosh qoramol olib kelish boʻyicha shartnoma tuzildi. Shuningdek, 1000 tonnalik zamonaviy muzlatkich ombori foydalanishga topshirildi.
Qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, jumladan chorvachilikni rivojlantirish, zamonaviy saqlash infratuzilmasini yaratish, ekin maydonlarini kengaytirish kabi tashabbuslar hududning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bilan birga, eksport salohiyatini ham oshirmoqda.
Kartoshkachilik yoʻnalishida 2200 gektardan ortiq maydonga ekin ekilib, 33 ming tonna hosil yetishtirilishi rejalashtirilgan. Ichki ehtiyoj 20 ming tonnani tashkil etib, ortiqcha 13 ming tonna mahsulot boshqa hududlarga yetkazib beriladi.
Xulosa qilib aytganda, Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar har bir sohada oʻzining aniq va sezilarli natijalarini bermoqda. Eng muhimi, bu oʻzgarishlar markazida inson qadri, uning manfaatlari va farovon hayoti turibdi. Izchil davom etayotgan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarining uygʻunligi esa hudud ahlining ertangi kunga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶