TANIQLI JURNALIST ROBIYa YOʻLDOShEVANING “NURLI IZLAR” NOMLI YaNGI KITOBI TAQDIMOTIGA BAGʻIShLANGAN TADBIR OʻTKAZILDI
Amudaryolik sermahsul ijodkor, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Robiya Yoʻldoshevaning “Nurli izlar” nomli yangi kitobi nashrdan chiqdi. Elda taniqli shaxs, hayotini xalq va jamiyat manfaati yoʻlidagi ishlarga bagʻishlagan, fidoyiligi bilan barchaga ibrat boʻla olgan inson, yurtdoshimiz Yoʻldosh Sobirovning hayoti va faoliyati haqidagi ushbu kitob taqdimotiga bagʻishlab maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
21-noyabr kuni Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabida boʻlib oʻtgan ushbu tadbirda ijodkor Robiya Yoʻldosheva hamda kitob qahramoni Yoʻldosh Sobirovning oila aʼzolari, doʻstlari, yaqinlari va kitobxon yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan faxriylar Saʼdulla Xoʻjaniyozov, Tursunboy Abdullayev, Ahmad Nafasov, Ozod Almurodov, Ashirboy Qoʻshayev, Sanobar Xoʻjamurodova hamda boshqalar jonkuyar, xalqparvar, sofdil va kamtarin inson Yoʻldosh Sobirovning uzoq yillar turli masʼuliyatli lavozimlarda fidokorona mehnat qilgani, jamiyat rivojiga munosib hissa qoʻshgani haqida soʻzlab, uning hayotlik chogʻidagi ezgu ishlarini, yorqin xotirasini yodga oldilar. Shuningdek, sermahsul ijodkor Robiya Yoʻldosheva ushbu insonning serqirra faoliyatini, umr daftarining har bir varagʻini mohirlik bilan tasvirlaganini, hikoyalari hayotiy va juda taʼsirli chiqqanini aytib oʻtdilar.
Muallif Robiya Yoʻldosheva kitobga maʼlumot toʻplashda yaqindan yordam bergan Yoʻldosh Sobirovning oila aʼzolari, farzandlari Mohira Sobirova hamda Otabek Yoʻldoshovlar, yaqin doʻstlari, sobiq sinfdoshlari, hamkasblari va shogirdlariga oʻzining minnatdorchiligini bildirdi. Butun hayotini el-yurt manfaati yoʻlidagi ezgu va xayrli ishlarga bagʻishlagan, jonkuyarligi, elparvarligi bilan boshqalarga oʻrnak boʻla olgan olijanob inson haqida kitob yaratish uchun jiddiy izlangani, ushbu insonni yaqindan biladigan doʻstu-qadrdonlari, sobiq hamkasblari va albatta, qarindoshlari bilan birma-bir suhbatlashgani, qahramonning hayoti va faoliyatini bor holicha tasvirlashga harakat qilgani hamda kitobxonlarga taqdim etganini bayon etdi.
Yoʻldosh Sobirov 1948-yilda Amudaryo tumanida tavallud topgan. U tumandagi 1-sonli maktabda taʼlim olgan. Umumtaʼlim maktabini 1965-yilda muvaffaqiyatli tugatib, Toshkent Davlat politexnika institutiga oʻqishga kirgan. Institutni 1970-yilda tugatib kelganidan soʻng, Mangʻit paxta tozalash zavodida ish meʼyorini belgilovchi mutaxassis, chilangar-ishchi, keyinchalik iqtisodchi vazifalarida ishlagan.
Tashabbuskorligi, ishchanligi, bilimdonligi tufayli rahbariyat nazariga tushgan Yoʻldosh Sobirov 1974-1975-yillarda tuman partiya qoʻmitasi instruktori lavozimida ishlagan. 1975-yildan esa tumandagi yoshlar tashkilotining 1-kotibligiga tayinlangan. Shuningdek, 1978-1979-yillarida 44-avtokorxona direktori, 1979-81-yillarda Mangʻit shahar Kengashi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. Umr yoʻldoshi Niyozjon Bekimbetova bilan ahil yashab, 6 nafar oʻgʻil-qizni komil insonlar qilib tarbiyalab, elga qoʻshgan.
Yoʻldosh Sobirovning farzandlari otasining xotirasiga ehtirom koʻrsatib, oʻzi yashagan xonadonida, oʻzining xonasida kichik muzey tashkil qilishgan. Xonada tartib bilan oʻrnatilgan oynavand stollarga hayotlik chogʻida mutolaa qilgan kitoblari, faxriy yorliqlar, tashakkurnoma, shaxsiy va kerakli hujjatlari joylashtirilgan. Ayniqsa, u ishlatgan yon daftarchalar, boʻsh paytlarida nevaralari bilan surishgan shaxmat-shashka donalari, kiygan doʻppi va boshqa kiyimlari sarishta qilib qoʻyilgan. Devorlarga osilgan esdalik suratlar, fotoalbomlar esa uning hayotining har bir lahzasidan hikoyalar soʻzlab turgandek taassurot qoldiradi.
Kitob taqdimotiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda soʻzga chiqqan Yoʻldosh Sobirovning doʻstlari, shogirdlari bu insonning oʻtgan 75-yillik umri davomida salkam 50-yil xalqqa halol va fidoyi xizmat qilgani, 30-yil davomidagi turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan davrlarida faqat elga qayishganini eʼtirof etishdi. Uning barcha xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholangani, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Sovetining faxriy yorligʻi, “Shavkatli mehnati uchun” medali bilan mukofotlangani alohida qayd etildi.
Tadbirda “Nurli izlar” kitobidagi hikoyalar, Yoʻldosh Sobirov qalamiga mansub sheʼriyat namunalaridan parchalar oʻqib berildi. Ishtirokchilar oʻquvchi-yoshlar ijrosida asar qahramonining hayotlik chogʻidagi sevimli qoʻshiqlarini tinglashdi. Tadbir yakunida esa Otabek Yoʻldoshov ushbu kechaga tashrif buyurganlarga yangi kitobdan sovgʻa qildi.
Jurnalist Robiya Yoʻldoshevaning amudaryolik fidoyi inson Yoʻldosh Sobirov hayoti haqidagi “Nurli izlar” nomli yangi kitobi taqdimotiga bagʻishlangan tadbir barchaga manzur boʻldi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶