GRANT LOYIHASI DOIRASIDA TADBIR OʻTKAZILDI
Yosh avlodni har tomonlama yetuk, maʼnaviyatli insonlar qilib voyaga yetkazishda, ularni yot gʻoyalardan himoya qilishda, milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda yurtimiz fayzi boʻlgan nuroniy keksalarimizning oʻrni ulkan. Shu boisdan ham iymon-eʼtiqodli nuroniy keksalarning fazilatlaridan ibrat olish, ularning hayotiy tajribasini oʻrganishga eʼtibor kuchaymoqda. Mahalla, ovul, shaharcha fuqarolar yigʻinlari masʼullari oʻzlariga qarashli hududlarda tinchlik-osoyishtalik taʼminlanishida, yosh avlodning odob-ikromli, maʼnaviyatli boʻlib ulgʻayishiga erishishda keksa avlod vakillarini jalb etib, ularning davra suhbatlari, uchrashuvlarini oʻtkazishmoqda. Tarbiyasi ogʻir, xulq-atvorida salbiy illatlar kuzatilayotgan, ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan yoshlar “Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul” tamoyili asosida nuroniylarga biriktirilib, muammolari bartaraf etilishiga erishilmoqda.
Mangʻit shahrining Chordara mahallasida aholi gavjum joylashgan. Mahalla shahar markaziga tutash. Tarkibida 7ta toʻgʻri, 3ta tor, 3ta berk, 2ta shohkoʻchalar mavjud. Jami 659ta xonadondagi 798 oilada oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz, rus, turkman millatiga mansub aholi hamjihatlikda istiqomat qilishadi. Hududda 3ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari, 1ta maktab, tuman Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi bazasi, 2ta kutubxona, 22ta savdo doʻkonlari, 1ta toʻyxona,10ta umumiy ovqatlanish shohobchalari, 4ta novvoyxona, 6ta avtomobillarga xizmat koʻrsatish shohobchalari mavjud. Oilalarda tarbiyalanayotgan 180 nafar bolajonlar maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan, 350 nafari maktab oʻquvchilari, 45 nafar oʻquvchi sport toʻgaraklariga jalb qilingan, 3ta sport maydonchalari yoshlar xizmatida.
Hududda yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun alohida eʼtibor qaratilmoqda. Nuroniylar yosh oilalarda oʻzaro qoʻshnichilik munosabatlari barqaror boʻlishiga intilishadi, oila muqaddasligi borasida tushuntirish-targʻibot ishlarini muntazam olib borilayotganlari natijasida tinchlik-osoyishtalik taʼminlanayotir.
Joriy yilning 9-oktyabrida mahalla fuqarolar yigʻini maʼmuriy binosida boʻlib oʻtgan yigʻilishda bu haqda batafsil soʻz bordi. Amunews.uz tahririyati tomonidan amalga oshirilayotgan “Sogʻlom muhit - sogʻlom hayot” nomli grant loyihasi doirasida oʻtkazilgan tadbirda mahalla fuqarolar yigʻini masʼullari, nuroniy onaxonlar, yosh oilalar vakillari va yoshlar ishtirok etdilar. Tadbirni “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi maxsus muxbiri Oygul Rajabova ochdi va kun tartibidagi mavzu yuzasidan maʼruza qildi.
Mahalla xotin-qizlar faoli Saida Yusupova “Keksalar - xonadonlarimiz fayzi va farishtasi” degan xalqimizning dono naqliga amal qilgan holda mahalla yoshlarini har tomonlama yetuk, maʼnaviyatli insonlar qilib voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, bunda hudud nuroniylarning hissasi xususida batafsil gapirdi. Mavzu yuzasidan mahalla fuqarolar yigʻini raisi Tursunboy Serikboyev, koʻchaboshchi ayollardan Oʻgʻiljon hoji ona Oʻrozova, Hayitgul Rajabovalar ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar. Tadbir arafasida mahalla hayotida bir xayrli ish amalga oshirilibdi: ajrim yoqasiga borib qolgan ikki oila koʻchaboshchi ayollar, nuroniy onaxonlar aralashuvi bilan yarashtirilibdi, ushbu oilalardagi 4 nafar norasidalarning yo ota, yo ona tarbiyasidan, mehridan mosuvo boʻlib yashashining oldi olinibdi.
– Biz chor-atrofimizga befarq boʻlmasak, yoshlar tarbiyasini nazorat qilib, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib borsak, mahallamiz doimo hozirgidek yashil toifa boʻladi, biz keksalarning yuzimiz yorugʻ boʻladi, – deya taʼkidladi Oʻgʻiljon Oʻrozova.
Tadbir ishtirokchilari bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish yuzasidan maslahatlashib oldilar.
Sevara ISMOILOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶