OLMAZOR MAHALLASIDA XALQARO QIZLAR KUNIGA BAGʻIShLANGAN TADBIR OʻTKAZILDI
Yurtimizda 11-oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda. Ushbu kunga bagʻishlab Amudaryo tumanidagi Olmazor mahallasida joylashgan 82-sonli maktabda ham “Qizlar” klubi aʼzolari ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
11-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan mazkur tadbirga tashrif buyurganlar dastlab maktab foyesida qizlarning qoʻl mehnatlari namunalari, yumshoq oʻyinchoqlar, rang-barang quroqlar, ayollar liboslari va boshqa narsalar namoyish etilgan koʻrgazmani tomosha qildilar.
Tadbir mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli Oʻrozgul Yakubova, maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilari ishtirokidagi davra suhbati bilan boshlandi. Suhbat davomida BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 10-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktyabr "Xalqaro qizlar kuni” deb eʼlon qilingani, BMTga aʼzo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, shuningdek, butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bogʻliq holatlarni oʻrganish tavsiya etilgani, bu sana har yili butun jahon boʻyicha qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga eʼtibor qaratish maqsadida nishonlanib kelinayotgani toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Shu bilan birga bu borada yurtimizda ham millat davomchilari boʻlmish qizlarni maʼrifatli qilib voyaga yetkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlarida qizlarni har tomonlama yetuk, yuksak axloqli, bilimli va milliy kadriyatlarga hamda ona Vatanga sodiq farzandlar qilib tarbiyalash vazifasi belgilab berilgani alohida taʼkidlab oʻtildi.
Shundan soʻng, maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Zulxumor Saparova, toʻgarak rahbarlari Dildora Xolboyeva, Sevara Boltaboyevalar tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir maktabning faol oʻquvchi-qizlari ishtirokidagi madaniy-musiqiy dastur bilan davom ettirildi.
Maktabdagi fan, adabiyot, sport va boshqa yoʻnalishlarda yutuqlarga erishib kelayotgan oʻquvchi-qizlar ham sahnada oʻz iqtidorlarini namoyish etishdi. Sportchi qizlar ijrosidagi gimnastika mashqlari, adabiyotchi qizlar ifodali aytib bergan sheʼrlar, qoʻshiq va raqslar tomoshabinlarga xushnudlik baxsh etdi.
Taʼkidlanganidek, 82-sonli maktabda tahsil olayotgan 527 nafar oʻquvchidan 266 nafarini qiz bolalar tashkil etadi. Maktabdagi iqtidorli qizlardan Sarvinoz Ermanova sportning gimnastika turi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida koʻplab yutuqlarga erishgan. Maktab yoshlari sardori, 10-sinf oʻquvchisi Mahliyo Jumaboyeva esa Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi huzurida tashkil qilingan “Qizlar ovozi” klubida bandlik va ishbilarmonlik yoʻnalishi boʻyicha koordinatori sifatida oʻz loyihalari bilan tanilgan.
Bichish-tikish toʻgaragining faol aʼzosi, 9-sinf oʻquvchisi Iroda Yangiboyeva, sanʼat yoʻnalishidagi toʻgarak aʼzosi, 5-sinf oʻquvchisi Dilrabo Ermanovalar ham koʻplab tanlovlarda gʻolib boʻlgan. Shuningdek, adabiyot yoʻnalishi boʻyicha iqtidorli qiz, 9-sinf oʻquvchisi Mashhura Rajabovaning 2022-yilda "Koʻnglim" nomli sheʼriy toʻplami nashr qilingan.
Oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishlari, oʻz iqtidorlarini yuzaga chiqarishlari uchun taʼlim maskanida yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Yoshlarning ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanayotgani erishilayotgan yutuqlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbir oʻquvchi-qizlarning qiziqishlarini yanada ragʻbatlantirish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tengdoshlari oʻrtasida hamkorlik va tashabbuskorlik muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶