MAHALLA XOTIN-QIZLAR FAOLINING ISh KUNLARI
Sayyoraxon har kuni mahalla koʻchalarini oralab ishga otlanarkan, Prezidentimizning: “...Mahalla xotin-qizlar faoli – mahallaning qosh-u koʻzlari, ayol-qizlarimizning suyanchigʻi boʻlishlari kerak”, degan soʻzlarini eslaydi. Qilayotgan ishlari, xotin-qizlar hayotiga qandaydir yengillik olib kirish borasidagi intilishlari natijasi oʻlaroq, mahalla ayol-qizlari turmush tarzida yuz berayotgan oʻzgarishlarni bir-bir koʻz oldidan oʻtkazadi. Biridan koʻngli toʻlib, yana birlarining chala qolayotganidan bezovta, yangi rejalar tuzadi va dadillik bilan rejalari roʻyobi uchun ishga shoʻngʻiydi.
Asli kasbi oʻqituvchi boʻlgan Sayyora Qoraboyeva 2019-yilda Farovon mahalla fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar faoli sifatida faoliyatini boshlagunga qadar, 31-sonli maktabda oʻquvchilarga ona tili va adabiyot fanidan saboq berdi. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan Sayyora Qoraboyeva uchun oʻquvchi-yoshlar, hamkasblari, ota-onalar bilan birga ishlashish ulkan hayotiy tajriba maktabi boʻldi. Shundanmi, Farovon mahallasi xotin-qizlar faoli sifatida ish boshlaganida xalq bilan muloqot borasida aslo qiynalmadi, mahoratli pedagog sifatidagi koʻp yillik tajribasi uning mahalla ahli bilan til topishib ketishida muhim omil boʻldi.
Mahallaning oʻziga xos ijtimoiy-maʼnaviy, madaniy-iqtisodiy hayoti bilan tanishish asnosida Sayyoraning yon daftarida har kuni yangi-yangi qaydlar paydo boʻldi. Hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va MFY Kengashi aʼzolari bilan hamkorlikda oʻz faoliyatini xonadonbay ishlashdan boshlagan Sayyoraning yon daftarida 1261 nafar ayol-qizlar, ularning turmush tarzlariga oid yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan aniq maʼlumotlar shakllandi. Unga koʻra, eng avvalo maʼlum sabablar bilan uylarida oʻtirib qolgan, lekin ishlash istagida boʻlgan ayollarning bandligini taʼminlash maqsadida ular bilan alohida suhbatlar oʻtkazdi. Mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisi Muqaddas Beknazarova bilan hamkorlikda ishsiz xotin-qizlarning oʻz tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun har birining imkoniyatlaridan kelib chiqib, imtiyozli kredit olishlari uchun zarur choralar koʻrildi.
Xususan, 18 nafar ayol-qizlarning turli yoʻnalishlarda tadbirkorlik bilan shugʻullanishlariga koʻmaklashish maqsadida biznes-gʻoyalari toʻliq oʻrganilib, imtiyozli kreditlar olib berildi. Bundan tashqari, 11 nafar ishsiz ayollar jamoat ishlariga jalb etildi.
Agar oilada ayol-qizlar tinch va xotirjam boʻlsa, jamiyat hayotida hamisha osoyishtalik va farovonlik boʻladi. Shuning uchun ham Sayyora Qoraboyeva xonadonma-xonadon yurib, xalq orasiga kirib borgan sari jamiyatda osoyishtalik hukm surishi uchun eng avvalo oila muhiti sogʻlom, ayol-qizlar koʻngli xotirjam, oʻz hayotidan rozi yashashi zarurligini, buning uchun har bir ayol-qizning ijtimoiy faolligini oshirish bugungi davr talabi ekanligini chuqur anglagan holda ish yuritdi.
Natijada 2023-yilda 4-bosqich “Ayollar daftari”ga 71 nafar xotin-qizlar kiritildi. Jiddiy oʻrganishlar natijasida 18 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar daftarning 1-toifasiga kiritilib, ularning barchasining bandligi taʼminlandi. Hokim yordamchisi bilan doimiy hamkorlik natijasida 3 nafar ishsiz, ehtiyojmand ayolga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi.
Oddiy ish kunlarining birida xonadonbay yurib, ayol-qizlar bilan muloqotda boʻlgan Sayyora Qoraboyevaga umumtaʼlim maktabini tugatib, OTMga oʻqishga kira olmagan 3 nafar qiz murojaat qilishdi. Ularning murojaatlarini yon daftariga qayd qilib qoʻygan Sayyoraxon hokim yordamchisi bilan hamkorlikda uchala qizga ham tikuv mashinasi olib berilishida koʻmaklashdi. Natijada mahallaning uch nafar chevar qizi oʻzlarining chevarlik faoliyatini boshlab yuborishdi.
“Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan 9 nafar xotin-qizlarning istak-xohishlari ham inobatga olinib, kasb-hunarga oʻqitildi, 5 nafar kasb-korga ega ayol-qizlar esa doimiy ishga joylashtirildi.
Mahalladagi nogironligi boʻlgan va boquvchisini yoʻqotgan ayollar holidan xabar olish, ular hayotiga oid muammolarni birinchi galda hal etish S.Qoraboyeva faoliyatidagi doimiy dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Shu bois, aynan ana shunday toifadagi ayol-qizlar Sayyoraxonning hamisha eʼtiborida. Ularning uy-joylarini taʼmirlab berish, ijtimoiy yordam koʻrsatish, farzandlarining taʼlim-tarbiyasi borasidagi muammolarini hal etishlarida mahalla masʼullari bilan birgalikda yaqin koʻmakdosh. Aynan ana shunday ayol-qizlarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida uy-joylari taʼmirlab berildi. Ijara uylarda yashovchi 3 nafar xotin-qizlarning ijara toʻlovlari uchun kompensatsiya ajratildi.
Mahallada oila mustahkamligini taʼminlashga qaratilgan eʼtibor tufayli oilaviy nizolar keskin kamayishiga erishildi. Yigʻin Kengashi aʼzolari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli 7ta notinch oilalar yarashtirilib, ajrashib ketishlarining, mazkur oilalardagi murgʻak goʻdaklarning tirik yetim boʻlib qolishlarining oldi olindi. Bundan tashqari, mahalla hududidan boshqa ovul va mahallalarga turmushga chiqqan qizlarning kelin boʻlib tushgan oilalarida tinib-tinchib ketishlarini taʼminlashga qaratilgan maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar, yosh qizlarni turmushga tayyorlash, yaqin qarindoshlar bilan, shuningdek, erta nikohning oldini olish maqsadida TTB shifokorlari, Amudaryo televideniyesi va “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyatlari ijodkorlari bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori”, “Sogʻlom muhit – sogʻlom hayot”, “Buvijonlar oʻgiti” mavzularidagi oshkora va samimiy muloqot tadbirlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sayyoraxon Qoraboyevaning ish kunlari hamisha ana shunday, mahalladoshlari hayotiga yanada fayz, osoyishtalik baxsh etishga qaratilgan el-yurt manfaati yoʻlidagi xayrli tashvishlar bilan oʻtadi. U xonadonma-xonadon kirib borib, ayol-qizlar bilan muloqotda boʻlishdan, ularning muammolarini oʻrganishdan, hayotlarida yengilliklar yaratishga intilishdan aslo charchamaydi.Yon daftaridagi sahifalar esa biri-biridan xayrli ishlar toʻgʻrisidagi qaydlar bilan toʻlib boraveradi...
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶