NAVOIY NOMLI MAHALLA “QIZIL” TOIFAGA KIRITILGAN, NEGA?
Amudaryo tumani Ichki ishlar boʻlimi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi inspektorlarining saʼy-harakatlari tufayli tez-tez tuman hududida mayda bezoriliklar, huquqbuzarliklar, voyaga yetmaganlarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi vasiylarsiz tungi paytlari turli koʻngilochar maskanlarida yurishlari, shuningdek, uzrsiz dars qoldirishlarining oldini olishga qaratilgan tezkor tarbiyaviy targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazilib kelinmoqda. Ayniqsa, bu borada “qizil” toifadagi roʻyxatga kiritilgan mahalla aholisi bilan bahamjihat, bevosita xalq orasiga kirib borib amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mangʻit shahridagi Navoiy nomli mahalla ham “qizil” toifadagi mahalla hisoblanadi. Umumiy yer maydoni 2,7 kvadrat kilometr boʻlgan mazkur mahallada 17 ta koʻcha boʻlib, hudud aholisi oʻzlari istiqomat qiladigan koʻchalarni obodonlashtirish, koʻchalar boʻylaridagi ariqlarni tozalash, turli mevali va manzarali daraxtlar, gul koʻchatlari ekishga alohida eʼtibor qaratishadi. Mahalla hududida 145ta turli obʼektlar, xususan, korxona va tashkilotlar, tuman tibbiyot birlashmasi, koʻplab savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, Dehqon bozorining mavjudligi mahallaga biriktirilgan profilaktika inspektori zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, hududda 751ta xonadon boʻlib, shundan 693tasi yakka tartibdagi hovlilar, 3tasi koʻp qavatli uylar boʻlib, ulardagi xonadonlar soni 40tani tashkil etadi. Ushbu xonadonlar tarkibidagi oilalarda 4580 nafar aholi istiqomat qilishadi. Aholining yarmidan koʻpi, yaʼni 2391 nafari 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar hisoblanadi.
Shaharning qoq markazida, asosiy madaniy-maishiy, infratuzilma obʼektlari joylashgan mahalla hayotining osoyishtaligini taʼminlash, turli koʻrinishdagi huquqbuzarliklarning, mayda bezoriliklarning oldini olish maqsadida profilaktika inspektori, kapitan Alisher Xudoyberganov tomonidan yigʻin Kengashi aʼzolari, shuningdek, hududda faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisi Sanjar Murodov, xotin-qizlar faoli Gulbahor Xidirova, yoshlar yetakchisi Quvvat Yesamurodovlar bilan hamkorlikda xonadonbay ishlash tizimi orqali fuqarolar bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish, kamchiliklarni birgalikda bartaraf etish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar oʻtkazib kelmoqda. Ayniqsa, hududdagi korxona va tashkilotlarda, koʻchalarda, taʼlim-tarbiya muassasalarida haftaning har payshanba kunida oʻtkaziladigan huquqbuzarliklar profilaktikasi kunida mahalla aholisining osoyishtaligini taʼminlash borasidagi masalalar mahalla faollari ishtirokida muhokama etiladi.
Shunday boʻlsa-da, 2023-yilning oʻtgan 8 oyi davomida mahalla hududida 17ta jinoyat holati roʻyxatga olindi. Shundan 2tasi mahallaning oʻzida aniqlanishi lozim boʻlgan jinoyatlar hisoblanadi. Shuningdek, 105ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, barchasiga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bular jamoat joyida spirtli ichimlik isteʼmol qilish, pasport tizimi qoidalarini buzish mayda bezorilik, badanga yengil jarohat yetkazish, shaxsni haqoratlash, tuhmat qilish, jamoat joylarida tamaki chekish, tungi paytlarda fuqarolarning osoyishtaligini buzish, maishiy shovqin koʻtarish kabi huquqbuzarliklar boʻlib, barchasiga tezkor tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, zarur choralar koʻrildi.
Shuningdek, oʻtgan 8 oy davomida mahalla aholisi va maishiy obʼektlar, xususan, oshxonalar, Dehqon bozori va bozor atrofidagi savdo shoxobchalari masʼullari tomonidan maʼmuriy hududda yuz bergan huquqbuzarliklar, mayda bezoriliklar boʻyicha kelib tushgan 122ta murojaatlar atroflicha oʻrganilib, belgilangan tartibda tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borildi va murojaat egalariga tegishli javoblar qaytarildi.
Hech kim ota-onadan jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. Kimdir qiziqqonligi tufayli, yana kimdir haqorat va tuhmatga chiday olmay, jinoyatga qoʻl urganini bilmay qoladi. Bu toifa shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazish orqali ularni sogʻlom hayotga qaytarish mumkin. Lekin yana bir toifa shaxslar borki, ular har doim oʻziga yashash uchun oson va yengil yoʻlni qidiradi. Mehnat qilishdan koʻra, koʻproq mayda tashmachilik, oʻgʻirlik qilishni oson, deb bilishadi. Bu toifa insonlarning sogʻlom fikrli, halol, fidoyi insonlar safiga qaytishi anchagina murakkab. Shu bois, profilaktika inspektori bu borada mahalla ahliga, faollarga suyanadi.
Navoiy nomli MFY hududida 12 nafar muqaddam sudlanganlar bor. ulardan 3 nafari doimiy maʼmuriy nazoratga olingan boʻlib, Alisher Xudoyberganov MFY Kengashi aʼzolari bilan birgalikda nazoratdagi shaxslarning yurish turishi, jamiyatda oʻzini tutishi, qiziqishlaridan deyarli har kuni xabardor boʻlib turadi. Muqaddam sudlangan, maʼmuriy nazorat oʻrnatilgan shaxslar bilan qayta jinoyat sodir etishlarining oldini olish maqsadida profilaktik suhbatlar oʻtkazib boradi. Ayniqsa, masʼullar bilan hamkorlikdagi “Qora dori”, “Xavfsiz tun”, “Spitamen”, “Turmush ”. “Qurol” tadbirlarining tizimli ravishda oʻtkazilishi natijasida hududdagi jinoyatchilik, huquqbuzarliklar oʻtgan yilga nisbatan ancha kamayishiga erishildi.
Mahalla aholisi yil sayin oshib bormoqda. Ayni paytda salkam 5000 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan mahalla ahli azaldan mehnatkash, ahil-inoq hayot kechirishadi. Yuqorida aytganimizday mahallaning maʼmuriy hududida koʻplab madaniy-maishiy va savdo shoxobchalari, Dehqon bozorining mavjudligi, qolaversa, haftaning deyarli har bir kuni ushbu obʼektlar atrofi odamlar bilan gavjum boʻlishi oʻz-oʻzidan fuqarolar oʻrtasida turli kelishmovchiliklarning kelib chiqishiga sabab boʻlishi oddiy holga aylanib qolgan. Toʻgʻrisini aytish kerak, arzimagan bahs, tortishuvlar huquqbuzarliklar yuzaga kelishiga sabab boʻlayotgan sir emas. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib aytish mumkinki, kapitan Alisher Xudoyberganovning faoliyat koʻlami ham ancha keng. Mahalla faollari, MFY Kengashi aʼzolari, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi, koʻcha boshchilar bilan doimiy hamkorlikda mahallani “qizil” roʻyxatdan chiqarish imkonini izlashdan aslo charchamaydigan profilaktika inspektori:
– Biz albatta bunga erishamiz, – deydi qatʼiyat bilan.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa mahallada maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar yaxshi tomonga oʻzgarayotganidan dalolat.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶