DURUNKI MAHALLASIDA YoShLAR TARBIYaSIDA “OILA, MAHALLA, MAKTAB” HAMKORLIGIDA SAMARALI NATIJALARGA ERIShILMOQDA
Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant loyihasi doirasida Durunki mahallasi va uning hududidagi 56-sonli maktabda taʼlim-tarbiya borasida erishilayotgan yutuqlarni boshqalarga namuna qilib koʻrsatish, taʼlim maskani va fuqarolar yigʻinining bu boradagi tajribalarini ommalashtirish, voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, oʻquvchilar davomatini yaxshilash borasida yoʻlga qoʻyilgan ishlar bilan tanishish maqsadida tegishli tashkilotlar masʼullarini jalb qilgan holda tadbir tashkil etildi.
19-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan ushbu tadbirda Amudaryo televideniyesi tahririyati xodimlari, tuman Ichki ishlar boʻlimining yoshlar va voyaga yetmaganlar boʻyicha katta inspektori Siroj Usnatdinov, xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori Inobat Oʻrozmatova, jinoyat-qidiruv boʻlimi tezkor vakili Ulugʻbek Abdullayev, fuqarolar yigʻini masʼullari hamda boshqalar ishtirok etishdi. Dastlab maktab rahbariyati, ustozlar hamda oʻquvchilar bilan uchrashuv oʻtkazilib, ushbu maskanda taʼlim va tarbiya sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida suhbatlashishdi.
Televideniye xodimlari grant loyihasi maqsadi, uning doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib, bu tadbirlarning yoshlarning maʼnaviy-ruhiy va intellektual salohiyatini oshirishdagi, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish borasidagi ahamiyati haqida soʻzlashdi. Shundan soʻng, Ichki ishlar boʻlimi xodimlari voyaga yetmaganlar oʻrtasida tumanda oʻtgan 8 oy mobaynida 7 ta jinoyat sodir etilgani, ushbu mahalla hududida bunday holatlar qayd etilmaganini maʼlum qilishdi. Shuningdek, fuqarolar yigʻini, oila va maktab yoshlar tarbiyasi borasidagi ishlarni hamjihatlikda olib borishayotgani tufayli samarali natijalarga erishilayotgani eʼtirof etildi. Yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, ularning tungi vaqtlarda behuda vaqt oʻtkazishlariga, uzrli sabablarsiz dars qoldirishlariga yoʻl qoʻyilmayotgani, oʻquvchi-yoshlar fan va sport toʻgaraklarga jalb etilib, kasb-hunarga yoʻnaltirilayotgani ijobiy samara berayotgani toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Taʼkidlanganidek, tarbiya – eng murakkab va masʼuliyatli masalalardan biri boʻlib, bunda oila, mahalla, maktab va keng jamoatchilikning oʻzaro hamkorligi muhim sanaladi. Oʻqituvchilar, ota-onalar va mahalla faollari oʻz vazifalari, masʼuliyatlarini unutmagan holda tarbiyaviy ishlarni teng olib borsa, samarali natijalarga erishiladi. Bu jarayonda eng asosiy vazifa sogʻlom muhitni yaratish, yoshlarning maʼrifatli, maʼnaviyatli boʻlib yetishishlarini taʼminlash, ularga toʻgʻri kasb-hunar tanlashni oʻrgatishdan iboratdir.
Amudaryo tumanidagi Durunki mahallasida va hududdagi 56-sonli maktabda ham bu borada qator chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyilgan. Taʼlim sifati yaxshiligi va koʻrsatkichlari yuqoriligi boʻyicha nafaqat tumanda, balki Qoraqalpogʻistonda eng birinchilar qatoridan joy olgan ushbu maktabda “Oila, mahalla, maktab” hamkorligidagi ishlar tufayli samarali natijalarga erishilmoqda.
Mazkur oʻquv dargohida bugungi kunda 570 nafar oʻquvchiga 56 nafar bilimli va tajribali oʻqituvchilar taʼlim-tarbiya berishmoqda. Maktabda 24 ta sinf boʻlib, 15 ta yuqori sinflar, 2 ta variativ sinflar mavjud. Taʼlim maskanini 72 nafar oʻquvchilar bitirgan boʻlsa, ularning 53 nafari, yaʼni 73,6 foizi oliy taʼlim maskanlari talabalari boʻlishdi. Ushbu maktabning variativ sinf bitiruvchilari esa barchalari talaba boʻlib, 100 foiz natijaga erishildi.
Tadbir davomida mahalla faollari, ota-onalar bilan ham suhbat oʻtkazilib, bugungi shiddatkor zamonda yosh avlod kamolotida oilaning tutgan oʻrni tobora ortib borayotgani, ota-onalar oʻgʻil-qizlariga taʼlim-tarbiya berishlaridan avval, ularning oʻzlari keng dunyoqarashli, mulohazali, bilimli, savodxonlik darajasi yuqori boʻlishi kerakligi keng talqin etildi. Mahalla faoli, nuroniy onaxon Raʼno Eshimbetova hamda maktabning ota-onalar qoʻmitasi raisi Omongul Qayupova va boshqalar yoshlar tarbiyasi borasida oila, taʼlim muassasasi, mahalla hamjihatlikda ish olib borsa, samarali natijalarga erishish mumkinligini aytib, bu boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini berishdi.
Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant loyihasi doirasida oʻtkazilgan tadbir barchaga birdek manzur boʻldi. Yoshlar tarbiyasi borasidagi tajribalarni ommalashtirish maqsadida boshqa hududlarda ham shu kabi tadbirlarni hamkor tashkilotlar ishtirokida muntazam ravishda oʻtkazib borishga kelishib olindi.
O.Xudoyberganova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶