“BESh MUHIM TAShABBUS - YoShLARGA QANOT” NOMLI GRANT LOYIHASI DOIRASIDA TADBIR OʻTKAZILDI
Amudaryo tumanining ijtimoiy-siyosiy va ommabop nashri – “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasining ilovasi “Mening oilam” gazetasi tahririyati Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat Fondi taʼsis etgan “Nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash” mavzusidagi grant tanlovida “Besh muhim tashabbus – yoshlarga qanot” nomli loyihasi bilan qatnashib, gʻolib boʻlgan edi.
Tahririyat xodimlari tomonidan grant loyihasi rejasi asosida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilishga, sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyish etishlariga sharoit yaratishga, kompyuter texnologiyalarini chuqur egallashga va undan samarali foydalanishga targʻib etuvchi qator tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlar orqali yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish maqsadida ular orasida kitoblar mutolaasi ahamiyati keng targʻib etilayotir, kitobxonlik tanlovlari tashkil etilayotir, nogironligi boʻlgan yoshlarning hayotga intilishlarini kuchaytirishga xizmat qiluvchi turli tadbirlar oʻtkazilayotir. Nogironligi boʻlgan iqtidorli yoshlar haqida gazetada muntazam maqolalar berib borilmoqda.
Grant loyihasi ish rejasiga muvofiq 13-sentyabr kuni tumandagi 11-sonli maktabda Qipchoq ovuli hududida yashovchi nogironligi boʻlgan yoshlar va maktab oʻquvchilari uchun “Kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish” mavzusida ochiq dars tashkil etildi.
Dastlab loyiha ijrochilaridan biri Oygul Rajabova ochiq dars ishtirokchilariga nogironligi boʻlgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning hayotga qiziqishlarini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan loyiha ahamiyati haqida va mazkur darsdan kutilayotgan natijalar haqida keng tushuncha berdi.
Ochiq darsda maktabning informatika fani oʻqituvchisi Gulchehra Qurbonboyeva kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanish, uning taʼlim olishda, ishlab chiqarish jarayonlarida zarur manbalarni topib oʻrganishdagi ahamiyati va yoʻl-yoʻriqlari haqida batafsil maʼlumotlar berdi. Sinfxonadagi elektron doska orqali oʻquvchilarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazorat qilindi.
Maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Matluba Qurboniyozova oʻquvchilarning kompyuter savodxonligini sinovdan oʻtkazish maqsadida ochiq dars mavzusiga doir ogʻzaki savol-javoblar oʻtkazdi. Ushbu jarayonda oʻquvchilarning zamonaviy axborot texnologiyalarini puxta egallayotganliklari yaqqol namoyon boʻldi. Shuningdek, mavzu yuzasidan oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, ularning bu boradagi bilimlari mustahkamlandi.
Eʼtirof etish joizki, grant loyihasi ish rejasi doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlar, tanlovlar, maʼnaviy-maʼrifiy kechalar va kontsert dasturlari nogironligi boʻlgan yoshlar orasida “Besh tashabbus” tamoyillarini keng joriy etishga, ularni ijtimoiy-maʼnaviy yuksaltirishga va hayotga qiziqishlari ortishiga zamin boʻlayotir. Shu maʼnoda olib qaraydigan boʻlsak, maktabda oʻtkazilgan mazkur ochiq dars ham oʻquvchilar uchun juda ahamiyatli boʻldi, deyish mumkin.
Sevara Ismoilova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶