9 NAFAR MAHKUM MUDDATIDAN ILGARI JAZODAN OZOD ETILDI
Taqdir yoʻllari doimo ravon boʻlavermaydi. Tiriklikning gʻanimat onlarini yaxshilik, ezgulik yoʻlida sarflaganlar, hayotda oʻzining toʻgʻri yoʻlini tanlaganlar va ezgu maqsadi yoʻlida mehnat qilganlar doimo elaro yuzi yorugʻ, eʼtibori yuksak boʻladi.
Afsuski, oramizda bilib-bilmay jinoyat qoʻchasiga kirib qolayotganlar, eʼtiborsizligi, oʻz-oʻziga masʼuliyatsizligi tufayli birovning jinoyatiga sherik boʻlib qolayotganlar, jinoyat sodir etilayotganini bila turib ham beparvolik qiladiganlar, oldini olishga yo bu haqda tegishli idoralarga xabar berishga intilmaydiganlar ham uchrab turadi.
Yaqinda jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudining Beruniy mahalla fuqarolar yigʻini binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirib qolgan, sud qaroriga koʻra, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan biroq aybini tan olib, tuzalish yoʻliga oʻtgan 9 nafar mahkumlarga tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqildi.
Ularning biri nufuzli davlat idorasiga qator yillar rahbarlik qilgan Rauf Siddiqov (ism, familiya oʻzgartirildi) edi. Mazkur shaxs Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat Kodeksining 205-yaʼni “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish” moddasi bilan ayblangan.
Albatta, ulkan davlat idorasiga rahbarlik qilish – masʼuliyatli ish. Biroq bu masʼuliyatni his qilmasdan, oʻz istagicha ishlash Raufga pand berdi. Axir shahar bedarvoza emas. Buni yaʼni – lavozim mansab emas, masʼuliyat ekanligini kech tushundi, u yoʻl qoʻygan jinoyati uchun sudlanib, 1-yil muddatga davlat organlari, korxona, muassasa, tashkilotlarida moddiy va mansabdorlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan edi.
Tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhida u jazo muddatining 8 oy 10 kunini oʻtash davrida jazoni oʻtash tartib-qoidalariga amal qilib, sud tomonidan zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajargani va mehnatga halol munosabatda boʻlgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga asosan sud qaroriga muvofiq muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining Beruniy mahalla fuqarolar yigʻini binosida boʻlib oʻtgan mazkur sayyor sud majlisida Rauf Siddiqovdan tashqari yana sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan, tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi hisobida turuvchi 8 nafar mahkumga Probatsiya guruhi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar muhokama etildi va ular tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazodan muddatidan ilgari ozod etildi. Bunga ularning aybiga iqrorligi, sodir etgan qilmishidan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtganligi, jazo oʻtash tartib-qoidalariga amal qilib, mehnatga halol munosabatda boʻlganligi asos boʻldi, albatta.
Adashganning aybi yoʻq, qaytib yoʻlini topsa, deydi xalqimiz. Ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan bagʻrikenglik, kechirimlilik, inson shaʼnini qadrlash kabi qadriyatlarimizning davlatimiz qonunlarida ham aks etayotgani – shu kuni tumanimizning 9 nafar fuqarosi hayotida yangi sahifa ochdi, 9 ta oilaga ulkan shodlik olib kirdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶